AQSh Eronga «barcha bombalarning onasi»ni tashlashi mumkin. Bomba haqida nimalar ma’lum?
GBU-43/B Massive Ordnance Air Blast (MOAB)
AQSh harbiylari Eronning energetika infratuzilmasi va yadroviy obyektlariga ehtimoliy zarbalar berishning yangi rejalarini ishlab chiqdi. Unda «barcha bombalarning onasi» deb ta’riflanuvchi GBU-43/B (MOAB) kuchli noyadroviy bombasini qo‘llash ehtimoli ham ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda CNN o‘z manbalariga asoslanib xabar berdi.
Agar AQSh prezidenti Donald Tramp oraliq saylovlardan oldin yoki keyin harbiy harakatlarni qayta boshlash haqida buyruq bersa, ushbu qurol ishlatilishi mumkin. Shu bilan birga, OAV manbalariga ko‘ra, bu qurol Tramp ilgari surgan strategik maqsadlarga erishishda yoki urush harakatlari yo‘nalishini o‘zgartirishda qanchalik samara berishi hozircha savol ostida qolmoqda.
«Barcha bombalarning onasi» haqida
GBU-43/B Massive Ordnance Air Blast (MOAB) — bombaning rasmiy nomi shunday, harbiylar orasida jarangdor «Mother of All Bombs» («Barcha bombalarning onasi») nomi keng tarqalgan.
Bu AQSh qurol-aslaha omboridagi eng kuchli va eng yirik noyadroviy (oddiy) aviabomba hisoblanadi. U yadroviy qurol ishlatmasdan turib, maksimal darajada katta vayronkorlik hosil qilish uchun yaratilgan.
Bombaning asosiy texnik ko‘rsatkichlari:
- Og‘irligi: 9 850 kg (qariyb 10 tonna). Shundan 8 500 kg qismini portlovchi modda tashkil qiladi.
- O‘lchamlari: uzunligi — 9,18 metr, diametri — 103 sm.
- Ichidagi modda: Geksogen, trotil va alyuminiy kukuni qorishmasidan iborat kuchli N-6 moddasi ishlatiladi (u trotildan 1,35 baravar kuchliroq).
- Portlash quvvati: 11 tonna trotil ekvivalentiga teng.
- Boshqaruv tizimi: Bomba sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi (GPS) va inersial tizim orqali nishonga aniq yo‘naltiriladi.
Qanday ishlaydi?
Bomba yerga tegmasdan, yer yuzasidan taxminan 1,8 metr balandlikda havoda portlaydi. Bu portlash to‘lqinining yerga yutilib ketmay, yon tomonlarga maksimal darajada keng tarqalishini ta’minlaydi.
Vayron qilish radiusi 140-150 metr atrofida bo‘lsa-da, kuchli zarb to‘lqini 1,5–2 kilometr masofagacha bo‘lgan binolar, texnika va tirik jonzotlarni yo‘q qiladi yoki jiddiy shikastlaydi.
Asosiy vazifasi: Ushbu bomba yer ostidagi chuqur tunnellar, g‘orlar tizimi, bunkerlar, mina maydonlari hamda keng maydondagi mustahkamlangan harbiy obyektlarni yo‘q qilish uchun ishlatiladi. U hosil qiladigan havo bosimining keskin o‘zgarishi (vakuum effekti) hatto yer ostiga bekinib olgan odamlarning o‘pkasini parchalab yuboradi.
Oldin ishlatilganmi?
Bu qurol 2003-yilda Iroq urushi davrida ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, AQSh armiyasi uni tarixda faqat bir marta jang maydonida ishlatgan. 2017-yilning 13-aprelida Afg‘onistonning Nangarhor viloyatida IShID terrorchilari yashiringan yirik yer osti g‘orlar va tunnellar tizimini yo‘q qilish uchun tashlangan.



Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter