Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQShning murakkab holati Eronni ruhlantirishi mumkin: vaziyat aslida qanday?

AQShning murakkab holati Eronni ruhlantirishi mumkin: vaziyat aslida qanday?

Foto: ATACAMS

AQSh o‘q-dori zaxiralari kamaygani haqidagi ma’lumotlar Eronni ruhlantirishi mumkin. 

Amerikaning CNN telekanali e’lon qilgan tahliliy maqolada, AQShning Eron bilan davom etayotgan urush tufayli o‘q-dori zaxiralari keskin kamaygani haqida tarqalgan ma’lumotlar Vashingtonni Tehron oldida zaif ko‘rsatishi va bu Eronni yanada dadil harakat qilishga undashi mumkinligi qayd etildi.

CNN xavfsizlik tahlilchisi Aleks Plitsasning fikrlariga tayangan xabarda, AQShning o‘q-dori zaxiralari qisqarayotgani haqidagi ma’lumotlar Eronni «ruhlantirishi» mumkinligi ta’kidlangan.

Ayni paytda Atlantika kengashining Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha direktori vazifasida ham faoliyat yuritayotgan Plitsasning aytishicha, AQSh armiyasi muhim raketaga qarshi mudofaa tizimi uchun mo‘ljallangan raketalarning qariyb 80 foizini sarflab bo‘lgani haqidagi hisobotlar mamlakatning Eron oldidagi mudofaa imkoniyatlari cheklanganini anglatishi mumkin.

Plitsas mazkur ma’lumotlarni «siyosiy maqsadda uyushtirilgan axborot sizdirilishi» deb baholab, bunday holat AQShni «ayni paytda juda xavfli vaziyatga» solib qo‘yganini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, AQSh Prezidenti Donald Tramp bildirgan fikrdan farqli ravishda, sarflangan o‘q-dorilar zaxirasini qayta to‘ldirish ancha vaqt talab qiladi.

«Shu bois qisqa muddatda ishlab chiqarish quvvatlarida bo‘shliq saqlanib qoladi va o‘q-dori tanqisligini bartaraf etish zarurati yuzaga keladi», – dedi Plitsas.

Tahlilchiga ko‘ra, shu davrda Eron o‘z hujumlarini kuchaytirgan. «Menimcha, bu jasoratning sabablaridan biri – ular AQShning o‘q-dori zaxiralari kamayganiga va bunday sharoitda mamlakatga himoyalanish qiyin bo‘lishiga ishonayotganidir», – dedi u. 

AQSh matbuoti o‘q-dori muammosini oshkor qildi, Tramp esa buni «xiyonatkorona harakat» deb atadi.

The Washington Post gazetasining mavzudan xabardor manbalarga tayanib yozishicha, o‘tgan hafta Prezident Donald Tramp Kemp-Devid qarorgohida bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida Mudofaa vaziri Pit Xegsetdan o‘q-dori tanqisligi bo‘yicha tushuntirish talab qilgan.

Xabarda ta’kidlanishicha, aynan shu muammo Trampning Eronga nisbatan «juda qattiq zarbalar» berish tahdidlariga qaramay, yangi hujumlarni bekor qilishiga sabab bo‘lgan. CNN ham o‘z manbalariga tayanib tarqatgan xabarda, uzoq masofali yuqori aniqlikdagi boshqariladigan raketalar hamda havo mudofaasi tizimi uchun mo‘ljallangan raketa-tutqichlar tanqisligi Trampning Eron bilan bog‘liq harbiy strategiyasiga ta’sir ko‘rsatganini ma’lum qildi. Shuningdek, AQSh armiyasi THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimi uchun ajratilgan raketalar zaxirasining taxminan 80 foizini ishlatib bo‘lgani qayd etildi. CBS News telekanaliga ikki manbaning bildirishicha, AQSh Eron bilan urush davomida mavjud uzoq masofali yuqori aniqlikdagi boshqariladigan raketalar zaxirasining katta qismini sarflab bo‘lgan. Reuters axborot agentligi esa AQSh Eron bilan besh oydan buyon davom etayotgan urushda PrSM va ATACMS rusumli uzoq masofali raketalarning deyarli barchasini, Tomahawk qanotli raketalari zaxirasining esa qariyb yarmini ishlatib bo‘lganini xabar qildi.

Prezident Donald Tramp esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida mamlakat ixtiyorida hali ham katta miqdorda o‘q-dori mavjudligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘q-dorilar ishlab chiqarilishi uzluksiz davom etmoqda. Shu bilan birga, armiya zaiflashganini anglatuvchi bu kabi «xiyonatkorona» ma’lumotlarni ommaga sizdirgan shaxslar aniqlanishi va ular uzoq muddatli qamoq jazosiga tortilishi mumkinligini bildirdi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring