Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buyuk Britaniya Isroilga ayrim qurollarni sotishni vaqtincha to‘xtatadi

Buyuk Britaniya Isroilga ayrim qurollarni sotishni vaqtincha to‘xtatadi

Foto: The Standard

Buyuk Britaniya Isroilga qurol-aslaha sotish bo‘yicha amaldagi 350 litsenziyadan taxminan 30 tasini vaqtincha to‘xtatadi. Bu haqda qirollik tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi parlamentdagi chiqishida ma’lum qilgan.

Vazirning ta’kidlashicha, Buyuk Britaniya tomonidan Isroilga eksport qilingan qurollar xalqaro gumanitar huquq buzilishiga sabab bo‘layotgani ehtimoli mavjud. Shunga ayrim qurollar savdosi vaqtincha to‘xtatilmoqda.

«Bu kabi ziddiyatli holatlarda Buyuk Britaniyaning eksport bo‘yicha litsenziyalarini qayta ko‘rib chiqish hukumatning yuridik majburiyatidir. Bu qurol-aslaha savdosi bo‘yicha umumiy taqiq yoki embargo joriy etilishini anglatmaydi», — dedi ingliz tashqi siyosat mahkamasi rahbari.

Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirganidan buyon o‘tgan 332 kun ichida 40786 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 94224 nafari jarohatlandi. Tinch aholi vakillari orasida qurbonlar soni oshib borayotgan bir paytda ingliz siyosiy doiralarida va jamoatchilik orasida xunrezlikka chek qo‘yish talabi balandroq ovozda yangramoqda.

Avvalroq Human Rights Watch, Amnesty International, Campaign Against Arms Trade, War on Want kabi dunyoning yetakchi inson huquqlari tashkilotlari London hukumatidan Isroilga qurol sotishni to‘xtatishni talab qilgan edi.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, Isroil harbiylari joriy yil  7-oktyabrdan buyon G‘azoda davom etayotgan urush davomida tibbiy muassasalar, turarjoylar, maktablar, qochqinlar boshpanalari, suv va elektr ta’minoti tizimiga noqonuniy hamlalar uyushtirdi. Isroil bombardimonlarida minglab tinch aholi vakillari o‘ldirildi, 1,9 milliondan ziyod falastinlik boshpanasini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.

Campaign Against Arms Trade ma’lumotlariga qaraganda, 2015-yil may oyidan buyon Buyuk Britaniya Isroilga 472 million funt sterlinglik (593 million dollar) qurol-yarog‘, shuningdek, jangovar uchoq, raketa va tanklar uchun ehtiyot qismlar yetkazib bergan. Jumladan, ayni paytda G‘azoga bomba yog‘dirayotgan F-35 qiruvchi samolyotlarining 15 foiz ehtiyot qismini Isroil inglizlardan oladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring