Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Emine Erdo‘g‘on «mehnat va sabr-toqat uyg‘unligida yaratiladigan mo‘’jiza» haqida gapirdi

Emine Erdo‘g‘on «mehnat va sabr-toqat uyg‘unligida yaratiladigan mo‘’jiza» haqida gapirdi

Turkiya prezidenti majmuasida «Asrlik ta’mlar to‘qnashuvi: yetti mintaqada turk taomlari» ko‘rgazmasi ochildi. Tadbir mamlakat birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘on shafeligida 21-27-may kunlari davom etgan Turk oshxonalari haftaligi doirasida tashkil etildi.

Birinchi xonim Emine Erdo‘g‘on, Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi direktori Faxriddin Altun, Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, elchilar hamda gastronomiya sohasidagi professor-o‘qituvchilar ishtirok etgan ko‘rgazmada Egey dengizidan Sharqiy Onado‘liga qadar, Qora dengizdan Markaziy Onado‘ligacha – mamlakatning yetti hududiga xos pazandalik an’analari namoyish qilindi.

Turkiya prezidentining rafiqasi Emine Erdo‘g‘on turk pazandalik an’analari ajdodlardan meros bo‘lib qolgan ko‘p asrlik urf-odatlar bilan Onado‘li saljuqiylari va Usmonlilarning boy imperatorlik an’analarini qorishtirish natijasida dunyoga kelganini qayd etdi.

«Turk oshxonasi bu – mehnat va sabr-toqat birlashganda yuzaga keladigan mo‘’jizadir. Bu – yer haydaydigan, urug‘ sepadigan, ko‘chat o‘tqazadigan, hosil yig‘ib-terib oladigan, xamir qoruvchi va yoyuvchi kabi turli mohir qo‘llarning umumiy mehnati mahsuli... Asrlar davomida mustahkamlangan sivilizatsiya g‘oyasi turk oshxonasi peshtaxtalarida qayta ishlanib, milliy o‘zligimizni shakllantirdi. Vujudimiz kabi qalblarimizni birlashtirgan dasturxonimiz hamjihatlik va baham ko‘rish ruhini kuchaytirdi. Tug‘ilishdan o‘limgacha, quvonchdan qayg‘uga qadar – bizning ko‘plab qadrli xotiralarimiz dasturxonimizning xilma-xilligi va birlashtiruvchi kuchi bilan bog‘langan», – dedi Emine Erdo‘g‘on.

Qayd etilishicha, turk oshxonasi dunyoning mashhur oshxonalari qatorida tursa-da, lekin jahonga kam taom retsepti ma’lum.

«Madaniy boylikni asrab-avaylash orqali oshxonamizni dunyoga munosib tarzda tanitish va kelajak avlodga qoldirish maqsadi 2021 yilda bizni qadrli akademiklar va usta oshpazlar bilan birlashtirdi. «Turk oshxonasining ko‘p asrlik retseptlari» kitobini nashr etish orqali biz nafaqat oshpazlik madaniyatimizni tanishtirdik, balki xalqimiz va butun insoniyat foydalanishi uchun chiqindisiz va barqaror retseptlarimizni taqdim qildik», – dedi notiq.

Turkiya birinchi xonimi oziq-ovqatlar tabiiyligini yo‘qotib, zaharli bo‘lib qolayotgani, mikroplastmassalar hatto ona sutida ham borligi, toza oziq-ovqatga ega bo‘lish huquqi bugungi kunda yanada muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidladi. U, shuningdek, turk mahalliy oshxonalarining asl retseptlarini globallashuv natijasida vujudga kelgan madaniy beqaror iqlimdan himoya qilish zaruratiga ham to‘xtaldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring