Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevropa Rossiyaga 20 yil avvalgi shov-shuvli qotillik bo‘yicha talab qo‘ydi

Yevropa Rossiyaga 20 yil avvalgi shov-shuvli qotillik bo‘yicha talab qo‘ydi

Anna Politkovskayaning (1958–2006) o‘limi tegrasidagi bahslar hamon to‘xtagani yo‘q.

Foto: Global Look Press

Rossiyalik jurnalist va inson huquqlari himoyachisi Anna Politkovskayani o‘ldirishga aloqador barcha shaxslar, jumladan, buyurtmachilar aniqlanishi  va jazoga tortilishi kerak. Ushbu talab Yevropa Ittifoqi tomonidan Anna Politkovskaya o‘limining 20 yilligi munosabati bilan 7-oktyabr kuni tarqatilgan bayonotda ilgari surilgan. 

«Rossiya sudlari uning o‘limiga aloqador sanalgan olti kishini aybdor deb topdi. Ammo sud hukmida qotillikka kim buyurtma bergani ochiqlanmagan. Yigirma yil o‘tsa-da, to‘liq javobgarlik o‘rnatilmadi. Yevropa Ittifoqi yana bir karra barcha aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun samarali, mustaqil va shaffof tergov o‘tkazishga chaqiradi», — deyiladi bayonotda.

Politkovskayaning o‘limiga aloqadorlikda ayblanib qamoq jazosiga hukm qilingan sobiq ichki ishlar xodimi Sergey Hojiqurbonov 2023-yilda Ukrainaga qarshi urushdagi ishtiroki ortidan Rossiya prezidenti tomonidan afv etilgan edi. Bryussel jurnalistning o‘limiga aloqador shaxs afv etilganini savol ostiga olgan.

YeI bayonotida qayd etilishicha, Anna Politkovskaya «Novaya gazeta» nashrida chop etilgan jurnalist tekshiruvlarida Rossiyada inson huquqlari buzilishi, korrupsiya, hokimiyatni suiiste’mol qilish va qonunsizlik holatlarini fosh qilgan. Takror-takror suiqasd va tahdidlarga qaramay, jurnalist g‘ayriqonuniy harakatlarni fosh qilish ahdidan qaytmagan.  

«Bugungi kunda Anna Politkovskayaning merosi yangicha ahamiyat kasb etmoqda, chunki Rossiyada Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush bilan parallel ravishda repressiyalar kuchaydi. Hokimiyat tomonidan mustaqil jurnalistika va fuqarolik jamiyatining bostirilishi kelgusidagi zo‘ravonliklarni oqlashga imkon beradi, Rossiyadagi urushga doir tanqidni so‘ndiradi hamda senzura va qatag‘onlarni xaspo‘shlashga yo‘l ochadi», — deyiladi YeI bayonotida.

Anna Politkovskaya 2006-yilning 7-oktyabr kuni Moskvadagi uyi liftida otib o‘ldirilgan edi. Qotillik bo‘yicha 6 kishi mahkamaga tortilgan. Ammo jurnalistning hamkasblari qotillikning haqiqiy buyurtmachilari jazolanmagan deb hisoblaydi.

«Politkovskaya afsona edi — bu shunchaki balandparvoz gap yoki kinoya emas. U “jurnalist” degan so‘zning hozirda unutilayozgan asl ma’nosiga munosib, ko‘plab odamlar nigoh tashlashga jur’at etmagan tomonga boqishdan hayiqmaydigan inson edi. U Checheniston, urush, odam o‘g‘irlashlar, qiynoqlar va birov dardiga quloq tutmagan insonlarning qismati haqida yozdi... Ishonchim komilki, kun kelib buyurtmachilarning ismlari oshkor qilinadi. Hech qaysi hokimiyat abadiy emas, hech bir yolg‘on cheksiz yashamaydi va har qancha puxta o‘ylangan xotirasizlik siyosati ham tarixiy xotirani butunlay o‘chirib tashlay olmaydi», — deb yozdi rossiyalik jurnalist Tatyana Felgengauer marhuma hamkasbi haqida.

Gazeta.ru nashrining qayd etishicha, Anna Politkovskaya Rossiyadagi inson huquqlari buzilishi holatlari haqida tekshiruvlar, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov haqida tanqidiy materiallar e’lon qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring