Flydubai aviakompaniyasi samolyotni egallashga urinishdan so‘ng Isroilga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi
Flydubai aviakompaniyasi Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Boeing 737 MAX 8 samolyoti bilan bog‘liq hodisa yuzasidan tergov olib borilayotgan vaqtda Isroilga va Isroildan amalga oshiriladigan barcha reyslarni vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi.
«Vaqtinchalik to‘xtatish tegishli organlarga ishlarini davom ettirish va hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash imkonini beradi», — dedi Flydubai rasmiysi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aviakompaniya Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) hukumati va boshqa «manfaatdor tomonlar» bilan harakatlarini yaqindan muvofiqlashtirmoqda. Reyslarni qayta tiklash to‘g‘risidagi qaror qo‘shimcha ma’lumotlar olinishi bilan qabul qilinadi.
Hodisa yuz berganidan so‘ng Isroil transport vaziri Miri Regev Flydubai’ning Isroilga barcha reyslarini bekor qilishni talab qildi. U Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasini BAA Isroil bilan tuzilgan aviatsiya kelishuvini buzgan-buzmaganini tekshirishga chaqirdi. Kelishuvga ko‘ra, mamlakatga faqat Isroil bilan diplomatik munosabatlarni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar pasportiga ega uchuvchilar qo‘nishi mumkin.
Flydubai samolyotini egallab olishga urinish
Flydubai’ning Dubaydan Tel-Avivga FZ1073 reysi bilan uchayotgan yo‘lovchi samolyoti 30 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 09:00 da samolyotni egallab olishga urinish signali berilgach, Saudiya Arabistonining Tabuk shahridagi aeroportga favqulodda qo‘ngan.
Hodisa uchuvchilar kabinasidagi janjal sabab yuzaga kelgani taxmin qilinmoqda. Asosiy versiyaga ko‘ra, ikkinchi uchuvchi bort komandiriga pichoq bilan hujum qilib, samolyot boshqaruvini o‘z qo‘liga olishga uringan. Kurash vaqtida samolyot Saudiya Arabistoni hududi ustida atigi 29 soniyada 9410 metrdan 5105 metrgacha keskin pasaygan.
Boeing 737 MAX 8 bortida 174 kishi, jumladan, 27 nafar bola bo‘lgan. Ularning aksariyati Isroil fuqarolari edi.
Ayrim yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, dastlab uchuvchilar kabinasidan baqiriq ovozlari eshitilgan. Keyin kabina eshigi ochilib, yo‘lovchilar uchuvchilardan biri jarohatlanganini va kiyimlari qonga belanganini ko‘rgan. Unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, yo‘lovchilardan biri shifokor bo‘lgan. Ekipaj a’zolari va yo‘lovchilar hujum qilgan shaxsni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan.
Samolyotni Saudiya Arabistoniga bortda yo‘lovchi sifatida ketayotgan ikki nafar boshqa uchuvchi qo‘ndirgan. CNN ma’lumotiga ko‘ra, ular keyingi reysni amalga oshirishi kerak bo‘lgan «zaxira uchuvchilar» bo‘lgan.
Israel Hayom nashri ularning biri ukrainalik, ikkinchisi rossiyalik bo‘lganini yozdi. Biroq bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan. Shuningdek, samolyotni Janubiy Afrika Respublikasi va Yangi Zelandiya fuqarolari qo‘ndirgan bo‘lishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter