Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kitobxon o‘g‘ri

Kitobxon o‘g‘ri

Italiyalik Daniel Likuori kompyuterchilikdan topgan daromadiga qanoat qilmay, o‘g‘rilik bilan ham shug‘ullanadi. Qo‘li egriligiga qaramay, o‘lgudek kitob o‘qishni yaxshi ko‘radi, ayniqsa, klassik adabiyot jonu dili. 38 yoshli yigit yaqinda poytaxt Rimning nufuzli Prati mavzesida jinoyat ustida qo‘lga olindi. Darvoqe, o‘g‘rigina kompyuterchiga aynan kitobxonligi pand berdi.

U hozirgina o‘marilgan qimmatbaho liboslarni qo‘ltiqlagancha begona kvartiralardan biriga balkon orqali tushdi. Qo‘lga ilingudek qimmatli buyumlarni olamanu juftakni rostlayman deb kirgan edi. Ammo ittifoqo tumbochkadagi kitobni ko‘rib qoldi. Italiyalik olim Jovanni Nuchchining Homerning «Iliada» dostoniga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop risolasi ekan. Mumtoz adabiyotga qiziqishi baland emasmi, Daniel Likuori o‘g‘rilikka kirgani ham yodidan ko‘tarilib, kitobni qo‘liga olib bamaylixotir mutolaa qilishga tushdi. «Iliada» dostoni tahliliga sho‘ng‘ib ketgan o‘g‘ri birovning uyida ekanini paqqos unutdi. Bu orada qo‘shni xonada uxlab yotgan xonadon egasi uyqudan turib, «chaqirilmagan mehmon»ni ko‘rdiyu imi-jimida, zudlik bilan politsiyaga qo‘ng‘iroq qildi. Kitobxon o‘g‘rining qochishga urinishi samara bermadi. Balkondan shartta sakrab qochayotgan mahal pastdagi hushyor politsiyachi tomonidan tutib olindi.  

Italiya matbuot «ziyoli talonchi» deb atagan shaxs avvaliga politsiyachilarga ko‘p qavatli uy tomidan yiqilib, birovning balkoniga tushganiyu azbaroyi qiziqish sabab kitob o‘qib o‘tirgani haqida ertak aytib berdi. Ammo yonidan chiqqan qimmatbaho liboslar barini fosh qildi-qo‘ydi. Pirovardida, Likuoriga jinoyat ishi ochildi.

Taqdirning hazilini qarangki, «Iliada» dostoni haqidagi boyagi kitob muallifi Jovanni Nuchchi shu xonadondan atigi 300 metr narida yashar ekan.

«Jinoyat ustidan qo‘lga tushgan o‘sha odam bilan uchrashib, unga kitobimni sovg‘a qilmoqchiman. Hoynahoy, u kitobni oxirigicha o‘qiy olmagan bo‘lsa kerak. Marhamat, oxirigacha mutolaa qilib zavqlansin», – deya intervyu bergan Jovanni Nuchchi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring