Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Livan: ikki o‘t orasida qolgan hukumat

Livan: ikki o‘t orasida qolgan hukumat

Foto: «Reuters»

Livan shaharlarida 17-oktyabrdan buyon hukumatga qarshi norozilik namoyishlari davom etmoqda. Hammasi hukumat WhatsApp va boshqa messenjerlar orqali muloqot uchun oyiga 6 dollar soliq joriy etishidan boshlandi.

Iqtisodiy muammolardan sabr kosasi to‘lib turgan aholi hukumatning ushbu qaroridan g‘azab otiga mindi. Rasmiylar zudlik bilan mazkur soliq turini bekor qilgan bo‘lsa-da, ko‘p ming sonli aholi endi mamlakat siyosiy tizimini butkul isloh etishni talab qila boshladi.

Jahon axborot agentliklari xabariga ko‘ra, mamlakat poytaxti Bayrut urush maydonini yodga soladi.

Ko‘chalar singan oyna parchalari, yoqib yuborilgan shinalar bilan to‘la. Bank, do‘kon va restoranlar yopilgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, yirik shaharlar falajlanib qolgan. Politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va dubinka ishlatgan. Ammo namoyish yetakchilari osonlikcha taslim bo‘lmasliklarini bildirib, korrupsiyaga botgan hukumat tarqatib yuborilishi va muddatdan oldin saylov o‘tkazilishini talab qilmoqda.

Mamlakat kasaba uyushmalari ham namoyishchilar bilan birga ekanini e’lon qildi. Davlat xizmatchilari, bank xodimlari, ta’lim tizimi vakillari va iste’fodagi harbiylarning qo‘shilishi bilan namoyishlar umummilliy harakatga aylanib ketdi. Poytaxt Bayrut va yana olti shahardagi namoyishlarda 1,7 million kishi qatnashgani aytilmoqda.

Foto: «Reuters»

Ommaviy noroziliklar ortidan, 19-oktyabr kuni «Livan kuchlari» nasroniy partiyasiga mansub vazirlar iste’fo berdi. Namoyishchilar bu xabarni mushakbozlik bilan kutib oldi. Mamlakat bosh vaziri Saad al-Haririy esa islohotlar rejasi taqdim etilishiga va’da bergan.    

6 million nufusli Livan keyingi paytlarda jiddiy iqtisodiy muammolar domida qoldi. Mamlakatning tashqi qarzi 86 milliard dollarga yetdi (YaIMning 150 foizi).  Bu esa dunyodagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biridir. Hukumat milliy iqtisodiyotda favqulodda holat e’lon qildi. Mushkul vaziyatdan chiqish uchun yangi soliqlar joriy etilmoqda. QQSni esa 15 foizga chiqarish ko‘zda tutilgan. Boz ustiga, ijtimoiy to‘lov va nafaqalar miqdori kamaytirildi. Bularning bari aholining keskin noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Ayni paytda Livan hukumati ikki o‘t orasida qolgan. Bir tomondan, inqiroz yoqasiga kelib qolgan iqtisodiyotni qutqarish uchun keskin choralar ko‘rish talab etiladi. Keskin choralar esa yonib turgan olov moy sepgandek ta’sir ko‘rsatishi aniq. Hukumat har qancha mushkul bo‘lmasin, ham xalqqa manzur bo‘ladigan, ham mamlakatni inqirozdan xalos etadigan yo‘l topishi kerak.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring