Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Marokashdan Ispaniyaga yopirilib kirgan 70 mingga yaqin migrant ortga qaytarildi (foto)

Marokashdan Ispaniyaga yopirilib kirgan 70 mingga yaqin migrant ortga qaytarildi (foto)

Foto: EFE

So‘nggi 30 soat ichida Seutadan Marokashga 69 500 ga yaqin odam chiqib ketdi. Bu haqda Ispaniya davlat xavfsizlik kuchlari ma’lumotlariga asoslanib EFE agentligi xabar berdi.

Agentlik manbalariga ko‘ra, davlat xavfsizlik kuchlarining ma’lumotlariga migrantlarning ommaviy oqimi boshlanishidan bir necha kun oldin Seutaga kelgan marokashliklar, shuningdek, chegarani bir necha bor kesib o‘tgan shaxslar ham kiritilgan bo‘lishi mumkin.

Seutadagi «El-Taraxal» chegara o‘tish punktida to‘siq bloklarini o‘rnatish boshlandi.

Shu paytgacha Seutaga yetib olishga uringan paytida cho‘kib ketgan 67 kishining jasadi suvdan olib chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, Ispaniyaning Seuta anklavida Marokash orqali 70 mingga yaqin noqonuniy migrantning yopirilib kirishi oqibatida yirik inqiroz yuzaga keldi. Ispaniya Oliy sudining deportatsiyaga doir qaroridan so‘ng tarqalgan mish-mishlar tufayli yuzaga kelgan vaziyatni tartibga solish uchun hududga armiya kiritildi. Oliy sud qaroriga ko‘ra, dengiz orqali kelgan noqonuniy muhojirlarni soddalashtirilgan tizim bo‘yicha Marokashga darhol deportatsiya qilish (orqaga qaytarish) taqiqlangan, sud dengiz chegara to‘sig‘i hisoblanmaydi, deb topgandi.

Muhojirlarning katta oqimi Seutadagi hayotni izdan chiqarib yubordi. Voqea Yevropa Ittifoqida keskin muhokamalarga sabab bo‘lib, chegara nazorati kuchaytirildi.

Shuning barobarida, g‘arb maxsus xizmatlari Marokashni Seutadagi migratsiya inqirozini tashkillashtirganlikda gumon qilmoqda. The Daily Telegraph yozishicha, bu Marokash hukumatining Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning xatti-harakatlariga javobi bo‘lishi mumkin. Chunki Sanches Marokashning neft-gaz sohasidagi raqobatchisi Jazoir bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishni rejalashtirmoqda.

Seutaning xaritadagi ko‘rinishi

Ma’lumot uchun: Seuta — Ispaniyaga qarashli muxtor shahar, Afrikaning shimoliy sohilida, Gibraltarning ro‘parasida joylashgan. Bu hududga Marokash da’vogarlik qiladi. Maydoni — 18,5 kv km, aholisi — 84 263 kishi (2015-yil ma’lumoti). Yarim anklavni Marokashdan Seuta chegara devori ajratib turadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring