Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navalniyning o‘limi uchun Putinni jazolashning bittagina yo‘li bor...

Navalniyning o‘limi uchun Putinni jazolashning bittagina yo‘li bor...

16 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Yamalo-Nenets avtonom okrugi federal jazoni ijro etish xizmati muxolifatchi Aleksey Navalniy vafot etgani haqida xabar berdi.

G‘arb davlatlari yetakchilari 47 yoshda yorug‘ dunyo bilan xayrlashgan muxolif siyosatchining o‘limida Rossiya rahbariyati, xususan, Vladimir Putinni ayblamoqda.

Xo‘sh, G‘arb hamjamiyati «Putinning ashaddiy tanqidchisi» deb tanilgan siyosatchining o‘limiga javoban qanday jazo choralari qo‘llashi mumkin?

Londondagi Universitet kolleji dotsenti Ben Nobl fikricha, Ukraina bosqini ortidan Rossiyaga shu qadar ko‘p va og‘ir sanksiyalar joriy etildiki, endilikda Navalniyning bevaqt o‘limiga javoban jiddiyroq moliyaviy jazo qo‘llash ham imkonsiz bo‘lib qolgan. Shunga ko‘ra, hozirgi vaziyatda G‘arb siyosatdonlari Kremlga qarshi keskin bayonotlar bilan cheklanadi deydi u.

AQSh prezidenti Jo Bayden 2021 yilda Navalniy qamoqxonada vafot etgudek bo‘lsa, Moskvani halokatli oqibatdan ogohlantirgan edi. Kuni kecha Bayden muxolifatchining o‘limi uchun javobgarlik Putinning gardanida deya bayonot berdi. «Halokatli oqibat» haqidagi bayonoti eslatilganda esa, bu uch yil avvalgi gap ekani, shundoq ham o‘tgan yillar ichida Rossiyaga qarshi ko‘plab moliyaviy cheklovlar qo‘llanganini aytdi.

Darhaqiqat, o‘tgan ikki yil ichida Rossiya moliyaviy va shaxsiy sanksiyalar soni bo‘yicha Eron va Shimoliy Koreyani ham ortda qoldirdi. G‘arb Rossiyani sarmoya va yuqori texnologiyalardan mahrum qildi, rus eksporti uchun o‘z bozorini yopdi, uning valyuta zaxirasini muzlatdi. Aksar tahlilchilar G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigi allaqachon yonib ketganini aytmoqda.

Ayni choqda, Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha ekspert, siyosiy fanlar nomzodi Ivan Preobrajenskiy G‘arb davlatlari ixtiyorida Putinni Navalniyning o‘limi uchun jazolashning yagona quroli bor degan fikrda.

Unga ko‘ra, G‘arb hamjamiyati Xalqaro jinoiy mahkama tomonidan qidiruvga berilgan Putinni Rossiyaning qonuniy prezidenti sifatida tan olmasligi kerak. Ana shunda muxolifatchining o‘ldirilishi uchun munosib javob berilgan bo‘ladi. Ammo I.Preobrajenskiyning o‘zi G‘arb bunday jamoaviy harakatga tayyor emasligi ta’kidlaydi. Chunki Putinning legitimligini rad etish u bilan har qanday muloqot va muzokara yo‘li ham yopilishini anglatadi.  

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya mahkamalari Navalniyni firibgarlik va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etgan. Muxolifatchi ayblovlarni rad etgan va siyosiy faoliyati sabab ta’qibga uchrayotganini aytib kelgan.

Navalniy bir yil avval qamoqxonadan yo‘llagan murojaatida imperiyachilik kayfiyati Rossiyani halokatga yetaklashidan ogohlantirgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring