Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘qayev ShHTning favqulodda muhim roliga e’tibor qaratdi

To‘qayev ShHTning favqulodda muhim roliga e’tibor qaratdi

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Yevroosiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlik kafolati bo‘lish uchun favqulodda katta imkoniyatlarga ega. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 4 iyul kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqida gapirdi.

«Bugun yuzaga kelgan murakkab vaziyat ko‘p jihatdan xalqaro munosabatlar tizimining kuchli inqirozi oqibatidir. Bu vaziyatda xalqaro huquq bo‘hronining oldini olish, geosiyosiy darzlarga yo‘l qo‘ymaslik va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun ShHT isloh etuvchilik va bunyodkorlik rolini yanada kuchaytirishi kerak», – dedi  Q.To‘qayev.

Ayni paytda ShHT makonida 3 milliarddan ziyod aholi yashamoqda. Jahon YaIMning uchdan bir qismi tashkilotga a’zo davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qozog‘iston rahbari tashkilotning savdo-iqtisodiy jabhadagi salohiyatidan ham unumli foydalanishga chaqirdi.

«Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil global iqtisodiyotning o‘sish maromi susayadi. Dunyo iqtisodiyoti yangi o‘sish nuqtalari va taraqqiyotning butkul yangi paradigmalariga muhtoj ekani kundek ravshan. Shu bois ham savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, kapital va texnologiyalarning erkin harakati uchun shart-sharoit yaratish, iqlim o‘zgarishi muammolariga qarshi kurashish ShHTning muhim vazifalari bo‘lmog‘i lozim», – dedi siyosatchi.

Rasmiy Ostonaning ShHTga raisligi haqida gapirgan Q.To‘qayev ushbu muddat ichida turli darajada 150 ta tadbir o‘tkazilgani, tashkilot doirasida 60 ta yangi hujjat qabul qilinganini qayd etgan.

Avval xabar berganimizdek, ShHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham nutq so‘zladi. Sh.Mirziyoyev o‘z chiqishida ShHT oldida turgan eng dolzarb vazifalarga to‘xtaldi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring