Ukraina va Janubiy Koreya o‘rtasida gap qochdi
Ukraina Janubiy Koreya bilan yuzaga kelgan diplomatik ziddiyatni yaqin fursatda yumshatishga umid qilmoqda.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga kelishmovchilik tezroq hal etilishi uchun janubiy koreyalik hamkasbi bilan doimiy muloqot olib bormoqda. Negaki, Seul Kiyev uchun muhim hamkor sanaladi.
O‘zaro ixtilof joriy yil 23-sentyabr kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning BMT Bosh assambleyasidagi nutqidan keyin paydo bo‘ldi. Zelenskiy o‘z chiqishida Ukraina harbiylari tomonidan asirga olingan shimoliy koreyalik ikki nafar askar Janubiy Koreyaga topshirilganini aytdi.
Bu hol Seul hukumatini darg‘azab qildi. Janubiy Koreya rasmiylari da’vosiga ko‘ra, Ukraina tomoni xavfsizlik vajidan shimollik asirlar va ularning oilasiga oid ma’lumotlarni sir saqlash majburiyatini olgan edi.
Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon maxfiy ma’lumotning oshkor etilishi Koreya yarimorolidagi vaziyat va milliy xavfsizlikka tahdid tug‘dirishini aytgan.
Seul asirlarga oid axborot oshkor etilishi uchun Kiyevdan rasmiy izoh va uzr talab qilmoqda.
Ukraina prezidenti devoni asirlarga oid ma’lumotlarni sir saqlash majburiyati olinganini rad etgan.
Sharqiy Osiyo bo‘yicha ekspert Natalya Butirskaya fikricha, Kiyev va Seul yaqin hamkor sanalsa-da, o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot shakllanmagan.
«Sirtdan qaraganda biz tabiiy hamkorlarmiz va yelkama-yelka bo‘lishimiz kerak. Negaki, Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi urushmoqda. Ammo ikki o‘rtada ishonch yo‘q», — deydi N.Butirskaya.
Ekspertlar Janubiy Koreyadagi ichki siyosiy kurash fonida Kiyev bilan munosabatlar yanada taranglashishini bashorat qilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Janubiy Koreya Ukrainada Rossiya tomonida jang qilgan va asirga olingan barcha Shimoliy Koreya harbiylarini qabul qilishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.
Janubiy Koreya konstitutsiyasiga ko‘ra, butun Koreya yarimoroli mamlakat hududi hisoblanadi va shu sababli yarimorolda yashovchi barcha aholi Janubiy Koreya fuqarolari deya tan olinadi.
Ayni paytda Janubiy Koreya hukumati Shimol ma’muriyati bilan aloqalarni yaxshilashga urinmoqda.
Joriy yil aprelda Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon Shimoliy Koreya hududiga xususiy dronlar uchgani uchun uzr so‘radi.
Keyinroq Janubiy Koreya prezidenti Shimoliy Koreya bilan tinchlik muzokaralarini taklif qildi.
Seulning urinishlariga qaramay, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tarangligicha qolmoqda. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ilgari Janubiy Koreya bilan birlashish siyosatidan voz kechgan va uni eng dushman davlat deb atagan edi.
Janubiy va Shimoliy Koreya rasman urush holatida qolmoqda. 1950-1953-yillardagi urush sulh bilan yakunlangan, ammo ikki tomon o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanmagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter