Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Olot tumani hokimi fermerni do‘pposladi. «Men uni o‘z shaxsiy manfaatim yo‘lida urmadim», deydi hokim

Olot tumani hokimi fermerni do‘pposladi. «Men uni o‘z shaxsiy manfaatim yo‘lida urmadim», deydi hokim

Foto: «Xabar.uz»

Buxoro viloyati Olot tumani hokimi Sherali Salomov «Shuhrat» fermer xo‘jaligi rahbari Orif Durmatovni ko‘pchilik oldida urib, do‘pposlab, huquqlarini toptab, fermerlik hisob raqamidagi 25 million so‘m mablag‘ni boshqa maqsadlarga yo‘naltirishga majburlaydi...

«Xabar.uz» muxbiri ushbu hodisa tafsilotlarini o‘rganish maqsadida jurnalist surishtiruvi o‘tkazdi, jabrlanuvchi fermer, voqea guvohlari va tuman hokimi bilan suhbatlashdi.

«Besh yildan buyon 42,5 gektar yer maydonidan hosil olib, paxta va g‘alla bo‘yicha davlat rejasini o‘z vaqtida bajarib kelaman. Xo‘jaligimning 15 nafarga yaqin a’zosi bor. Joriy yilning 9-yanvar kuni «Paxtakor» mahalla fuqarolar yig‘ini «Bahrin bayot» fuqarolar yig‘ini raisi Zokir Begiyev soat 10:30da meni Olot tuman hokimligi majlislar zalida soat 14:30da o‘tkaziladigan yig‘ilishga yetib kelishim zarurligini aytdi. U yerga yetib borganimda ko‘p fermerlar yig‘ilgan edi. Yig‘ilishga kirishim bilanoq, tuman hokimi mendan fermer xo‘jalik muhrini so‘radi. Men dalada ekanligim bois, majlisga kechikmaslik uchun to‘g‘ri tuman hokimiyatiga kelganimni, muhr uydagi seyfdaligini, otamga xabar jo‘natib, muhrni keltirishini so‘rashimni bildirdim. Muhr talab qilinayotganining sababi esa tumandagi «Ilhom» fermer xo‘jaligi hisob raqamiga tuman uchun qishloq xo‘jaligiga kerak bo‘ladigan o‘rim kombaynlari va haydov traktorlarining xarid qilinishi edi. Men e’tiroz o‘rnida ayni paytda fermer xo‘jaligimning yonilg‘i moylash mahsulotlari hamda yerlarni shudgor qilib bergan boshqa bir fermer xo‘jalik texnikasidan foydalanganim uchun qarzdorlik borligini bildirdim. Biroq, tuman hokimi yig‘ilish chog‘ida vajohat bilan oldimga kelib, nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlab, 200 nafardan ortiq fermer oldida meni mushtlab urib, boshimning orqasiga qattiq zarba berib, urib yiqitdi. Lablarim, burnim va og‘zimdan qon ketishiga qaramasdan, aytilgan mablag‘ni ko‘chirmasam, mendan fermer xo‘jaligimga tegishli bo‘lgan yerni tuman hokimligi zaxirasiga topshirishim to‘g‘risida majburlab ariza yozdirib oldi. Shundan so‘ng tuman hokimi o‘z vakillari hamda tuman IIB xodimlarini uyimga yubortirib, uydagi fermer xo‘jaligiga tegishli muhrni otamdan seyfdan oldirgan. Holatni eshitib, qon bosimi ko‘tarilgan otam, mablag‘ ketsa ketsin, o‘g‘lim omon bo‘lsin, deb muhrni so‘rab kelganlarga topshirgan.

Muhrni keltirishgach, hokim yana boshimda turib, fermer xo‘jaligimdan 25 million so‘m mablag‘ni boshqa hisobga o‘tkazish uchun yozuvlari qayd etilmagan to‘lov topshiriqnomasiga muhr va imzoimni majburlab yozdirib oldi. To‘lov topshiriqnomasini majburlab imzolatgach, fermer xo‘jaligimga tegishli bo‘lgan yerlarni tuman hokimiyati zaxirasiga topshirishim to‘g‘risida majburlab yozdirishgan arizamni qaytarib berishdi. Ammo, mening shifokor va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qilmasligim uchun tungi soat 24 ga qadar majlislar zalida ushlab turdi. Yarim tunda sog‘ligim yomonlashgani va qon bosimim oshgani bois, tuman hokimligidan chiqiboq, o‘g‘lim meni viloyat kasalxonasiga keltirdi», – deydi «Shuhrat»  fermer xo‘jaligi rahbari Orif Durmatov.

«Tungi 01:10da viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidan olotlik fuqaro Orif Durmatov «Tez yordam» mashinasida respublika shoshilinch yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga olib kelindi. Neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizildi. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatdik. Bosh ensa sohasi va o‘ng ko‘z atrofida yumshoq to‘qimalari lat yeyishi tashxisi qo‘yildi», – deb tasdiqladi neyroxirurgiya bo‘limi boshlig‘i Muhsin Rajabov.

Olot tumani hokimi Sherali Salomov haqiqatan ham yig‘ilish paytida, mansab vakolatidan chetga chiqib, qasddan fermerni urgan va mushtlagan. Ustiga-ustak uning fermer xo‘jaligiga tegishli mablag‘ni majburlov-qistov yo‘li bilan boshqa maqsadlarga yo‘naltirgan.

«Men majlis avvalida qatnashmadim. Ammo voqea joyiga kelib qoldim. Ularni ajratdim. Ayni paytda ish prokuraturaga oshirilgan. Tergov jarayonlarida har bir masala oydinlashadi. Biroq, hech kim birovning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga ziyon yetkazishga haqi yo‘q», – izohladi Olot tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Ondayev.

Tumandagi bir nechta fermer xo‘jalik rahbarlarining bildirishicha, hokimning fermerlarga nisbatan bunday muomalasi, munosabati birinchi marotaba emas.

«Fermerlar bilan bo‘lgan aksariyat majlislarda tuman hokimi, albatta, qaysidir fermerni uradi, do‘pposlaydi. O‘sha kun ham men fermer Orif Durmatovning nohaq do‘pposlangani, unga nisbatan noto‘g‘ri hatti-harakatda bo‘lishganini aytdim. Lekin meni ham militsiya qo‘limdan sudrab, zaldan chiqarib yubordi... Biz «g‘ing» desak, qo‘lingdan yeringni olaman, deyishadi. «Nonim yarim bo‘lmasin», deb ko‘pchilik fermerlar qo‘rqishadi. Olot tumanidan adolat izlash foydasiz», – dedi 73 yoshli fermer Bektemir Qorayev.

Tuman hokimi Sherali Salomov topshirig‘i bilan «Shuhrat» fermer xo‘jaligi hisob raqamidan majburiy tarzda yozuvlari qayd etilmagan to‘lov topshiriqnomasiga muhr va imzo majburlab yozdirib olingach, tuman MTPga 10 million so‘m, «Ilhom» fermer xo‘jaligi hisob raqamiga o‘rim kombaynlari va haydov traktorlarining xaridi uchun 15 million so‘m mablag‘  ko‘chirilgan.

«Tumanda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda bu tashabbusga men ham o‘z ixtiyorim bilan ulush qo‘shishdan qochmayman. Ammo, o‘z qarzdorligimni yopgach, topshiriqni bajarishdan qochmas edim. Pul, mablag‘, boylik... mehnat qilsang topiladi. Ammo, ikki yuzdan ortiq tuman xalqi oldida hokimning izzat-nafsimni toptab, urib, mushtlaganini, hatto, aft-angorim qonga belanib, qon bosimim oshganda ham o‘zimga kelishim uchun na shifokor chaqirgani, na chiqishga ruxsat berganini, ushlab o‘tirganini haliyam qabul qilolmayman. Insonning qadri-qimmati, huquqi toptaladigan davrda yashamayapmiz, axir...», – so‘zida davom etadi Orif Durmatov.

Mazkur masala yuzasidan tuman hokimi Sherali Salomov bilan telefon orqali bog‘landik:

«Tumandagi «Paxtakor» mahalla fuqarolari yig‘ini hududida 18 ta fermer xo‘jalik faoliyat yuritadi. Ma’lumki, tuman iqtisodiyotini rivojlantirish uchun yurtimizda, avvalo, qishloq xo‘jaligi sohasiga e’tibor qaratiladi. Shu nuqtai-nazardan, tumanda mavjud jami 337 ta fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan yig‘ilishlar o‘tkazib turiladi. Aynan shu huddudda kombaynlarning eskirganini inobatga olib, buning uchun birorta fermer xo‘jaligini tanlab, unga pul ko‘chirish orqali sug‘urta puli bilan birga jami 300 million so‘m evaziga yangi kombayn olish taklifini berdim. Yig‘ilish jarayonida fermerlar bilan maslahatlashib, kengashib, iqtisodiy holati nisbatan yuqori bo‘lgan «Ilhom» fermer xo‘jaligi hisob raqamiga pul ko‘chirishga o‘rtoqlashdik. Biroq, Orif Durmatov shunday masala borasida bundan oldin ham ikki marta yig‘ilish o‘tkazganimizga qaramay, majlislarda qatnashmadi. Lekin o‘sha kungi holat yuzasidan meni shu darajaga olib borgan fermerning harakatini  butun zal ko‘rib turdi. Men fermer xo‘jaligi rahbarini o‘z shaxsiy manfaatim yo‘lida urmadim. Viloyat markazidan qariyb yuz kilometr uzoqda, cho‘l zonasida joylashgan tumanda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, fermerlar faoliyatini yanada jonlashtirish maqsadi uchun ham shu taklif-tashabbus bilan chiqqan edim. Ammo o‘sha paytdagi holatim, xatti-harakatim uchun fermerning xonadoniga ham bordim. Hokim – bu xalq xizmatchisi, men ham oddiy inson sifatida, bir necha bor uzrimni ham so‘radim. Kasalxonagayam so‘roqlab bordim. Istaymizmi-yo‘qmi, ish jarayonida xato, kamchiliklar bo‘ladi. Maqsad esa tuman salohiyatini ko‘tarish, har bir sohada tartib-intizom o‘rnatish, aholi farovonligini ta’minlash. Men bir narsaga ishonaman, kelgusida ushbu fermer xo‘jalik rahbari bilan boshqalar qatori yana hamjihatlikda, kelishib, ishlab keta olamiz».

«Shuhrat» fermer xo‘jaligi rahbari Orif Durmatovning ikki nafar farzandi  ikki oliygohda to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladi.

«Aynan o‘sha yig‘ilishda ishtirok etmaganim bois, holatga baho bera olmayman. Ammo, Orifjon og‘ir, bosiq, mulohaza bilan ish yuritadigan, tanti yigitlardan. Farzandlari ham aqlli, bilimli. Mahallada, ibratli, namunali oila. Yana nima ham deya olishim mumkin bu haqda...», – deydi mahalla faollaridan biri.

Olot tumani hokimi tomonidan urib, mushtlangan, ko‘pchilik oldida insoniylik huquqlari toptalgan fermer Orif Durmatov qonun tomonidan adolatli qaror qabul qilinishi istaydi.

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring