Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Dunyoni kezgan 90 yoshli otaxon: «18 nabiramni ota-onasi bilan xorijga jo‘natmay o‘zim katta qildim» (video)

Chilonzordan Oloy bozori yoniga, «Xabar.uz» ofisiga borishim kerak edi. Yandeks 22 ming ko‘rsatdi, yo‘lovchi taksi 25 ming so‘radi. Oldimga kelib to‘xtagan amakiga manzilni aytsam? pul ham so‘ramay «o‘tiring» dedi. «15 ming so‘m bersam bo‘ladimi» so‘radim tavakkal. Boshi bilan «chiqing» deganday imo qildi.

Ko‘pincha biz jurnalistlardan «Qahramonlarni qayerdan topasizlar?» deya so‘rashadi. Ishoning, ular oramizda, har qadamda. Faqat yuraklariga kirib borish kerak. Agar bu gal manzilga yetib borguncha suhbat qanday kechishini bilganimda 100 ming bo‘lsa ham berardim.

O‘zini «Jamol aka» deb tanishtirgan amakining birinchi gapiyoq meni butkul hayratda qoldirdi:

– 1934 yilman. Kelayotgan yanvar oyida 90 yoshga to‘laman.

– Qoyil! Sizni ko‘rgan odam 70 yoshda ham deb o‘ylamaydi.

– Mening katta o‘g‘lim 62 yoshda. Yana 60, 59 yoshli o‘g‘illarim va bir qizim ham bor. Kattasi Myunxenda yashaydi. Yiliga bir marta kelganida to‘ylarga birga boramiz. To‘yxonadagi joykashlarning aksariyati o‘g‘limni yoshi kattaroq deb o‘ylab, dasturxonga birinchi boshlashadi. Men ham hazillashib qorniga bir turtaman va «Qani oka, oldinga o‘ting» deyman. «E, ada, qo‘ysangizchi», deydi xijolat bo‘lib.

– Uzr, so‘raganning aybi yo‘q, kampiringiz hayotmilar?

– Ha, Xudoga shukr. Uylanganimga 63 yil bo‘ldi! Kampirim ancha yosh, 80 ga kirdi, o‘zini juda yaxshi ko‘radi, rosa o‘ziga qarab yuradi. 4 farzand, 18 nevarani katta qildik. Qizig‘i, nevaralarimning hammasi qiz. Katta o‘g‘limni ruslar «geroy» deyishadi, chunki uning 8 nafar qizi bor. Hammasini chiqargan. Yaqinda 16-nevaramni chiqaramiz, Vestminster oliygohini tugatyapti. Hammasini o‘qityapmiz. Chunki o‘qigani yaxshi, fikrlashi, dunyoqarashi kengayadi. Ishlash ishlamasligini esa eri bilan o‘zlari hal qilishadi.

– Kiraga chiqish ham shunchaki zerikishdan bo‘lsa kerak-a sizga?

– Mashina boshqara boshlaganimga 61 yil bo‘ldi. Yuk mashinasida butun ittifoqni kezib chiqdim. Mustaqillikdan keyin xalqaro litsenziya oldim. Yuk bilan Moskvaga borganimda Myunxenga yuk chiqdi. Uni olib, o‘g‘limni ham ko‘rib kelaman deb o‘yladim. Myunxenda o‘g‘limni ko‘rishga ham ulgurmadim. Boltiqbo‘yilik tanish haydovchilar bilan ko‘rishib qoldik. Ular meni Kataloniyaga ishga taklif qilishdi. Shu tarzda 16 yil Yevropada ishlab keldim. Boradigan shaharimga qarab xotinimga bilet oldirardim. U Toshkentdan yetib borardi. Yoshlikda «Menga tegsang, dunyoni aylantiraman» deganimda farishtalar «Omin» degan ekan. Ko‘hna Qit’aning hamma yirik shaharlarini birga kezdik.

Taksiga chiqishim chindan ham zerikishdan, pulga zoriqqan joyim yo‘q, odamlarga foydam tegsa deyman. 75 yoshimda meni pensiyaga chiqarib yuborishdi. Uyda bir hafta yurib zerika boshladim. Shart mashinaga o‘tirib goh Samarqandga, goh Termizga ketib qolardim. Keyin taksichilik qila boshladim. Har kun tushgacha 200 kilometr yurganimdan keyin, Toshkentning tinchligini ko‘rganimdan so‘ng, xotirjam bo‘lib uyga kirib ketaman.

Bir kuni hazillashib «Yandeks»ga ham bordim. Hamma tomoni to‘g‘ri keladi, deb hujjatlarimni olishdi. Qabuldagi yigit yoshimni ko‘rib «Iye, doda! Bizga ishga kirishga 30 yil kechikibsizku» deb kuldi.

– Xorijdagi nabiralaringizni sog‘insangiz kerak?

– Men birorta nevaramni O‘zbekistondan chiqarmadim! Bolalarimga ham aytdim: «Yo qaytasizlar, yo nevaralarimni tashlab ketasizlar». Kampirim ikkimiz 18 nevarani katta qildik. Har yili Moskvaga birdaniga 20 ta chipta olardim. Samolyotda hamma bizga qiziqsinib qarardi, chunki bir xil familiyaga 20 nafar odam chiqishi qiziqda.

Moskvaga uch o‘g‘lim yig‘ilib kelardi. Biri Kaliningraddan, biri Germaniyadan, yana biri Amerikadan. Hammasi bolalarini bo‘lib olishardi. Bir-ikki kun aylanib, keyin kichik o‘g‘lim bilan Nyu-Yorkka uchardik. Undan mashinada 14-15 soat yurib Tennesi shtati, Neshvill shahriga jo‘nardik. U yerda zerikardim, ko‘pi bilan ikki hafta turib, Moskvaga qaytib kelardim va ijaraga avtomobil olib, Kaliningradga ketardim. Faqat kovid tufayli karantindan keyin bu an’anamiz to‘xtab qoldi. Endi Xudo xohlasa katta o‘g‘lim Toshkentga qaytib keladi. U ham katta bobo bo‘lib ketdi axir.

Manzilga yaqinlashdim va Jamol bobo bilan suhbatimiz ham yakuniga yetdi. Boboga qarab turib shu yoshida ham harakatdan to‘xtamagani, oilasiga ko‘mak berayotgani jihatidan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘la olishi mumkinligini o‘yladim va suhbatimizni sizga ham ilindim.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети