Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqi: Bizga nima foyda va nima zarar? Nima uchun ziyolilar qarshi?

YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqi: Bizga nima foyda va nima zarar? Nima uchun ziyolilar qarshi?

Foto: «Google.com»

Kecha Rossiya Federatsiyasi parlamenti yuqori palatasi raisi Matviyenko xonim Toshkentga qilgan tashrifi davomida O‘zbekiston YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish ustida ishlayotganligi haqida aytib o‘tdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda siyosatchi xonimning bu gapi o‘zbek ziyolilari va blogerlarning noroziligiga olib keldi.

Nima uchun elita bunga qarshi?

YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqidan bizga nima foydayu nima zarar?

YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqi 2015 yil 1 yanvardan Rossiya tashabbusi bilan rasman faoliyat boshlagan xalqaro tashkilot hisoblanadi. Bugungi kunda ittifoqqa Rossiya, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Belarus a’zo. Shuningdek, ittifoq va Vetnam o‘rtasida erkin savdo shartnomasi imzolangan. Moldova, Suriya ittifoqqa a’zo bo‘lish xohishini bildirgan.

Ittifoq, avvalo, iqtisodiy maqsadlarda tashkil etilgan deyiladi. Ittifoqqa a’zo bo‘lgan mamlakatlar «to‘rt harakat erkinligi»ga ega bo‘lishadi.

Bular:

— mahsulotlar, ya’ni tovarlar harakati erkinligi;

— migrantlar, ya’ni ishchilar harakatlanishi erkinligi;

— xizmatlar harakati erkinligi;

— kapital harakati erkinligi.

Mana shu omillar erkinligi ta’minlanib, yagona bojxona tizimiga ega bo‘lgan yagona iqtisodiy hudud shakllantirilishi kerak.

Konsepsiyaga kelsak, ittifoqning quyidagicha foydasi bo‘lishi kerak:

— mahsulotlar harakatida turli xil to‘siqlar yo‘qolishi, xom-ashyo tez va oson harakatlanishi evaziga mahsulotlar tannarxi tushishi;

— Ittifoq hududida mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida «sog‘lom» raqobat yaratilishi va buning evaziga umumiy iqtisodiyot o‘sishi;

— ishlab chiqarish quvvati oshib, byurokratik to‘siqlarning yo‘qolishi iqtisodiyotlarning o‘sishi evaziga aholi yashash darajasi va daromadlarining ko‘payishiga olib kelishi;

— o‘zaro iqtisodiy aloqalar kuchayib, xalqlar o‘rtasida munosabatlarning yanada rivojlanishiga va turizm taraqqiyotiga olib kelishi kerak.

Buning biz uchun iqtisodiy tomondan nimasi bilan foydali?

Avvalo, mehnat muhojirlari, ya’ni Rossiya va Qozog‘istonda ishlaydigan mingratlarga patent olmasdan ishlash imkonini beradi. Ular Rossiya yoki Qozog‘iston mehnat qonunchiligi bilan himoyalanadi. Shuningdek, ularning ittifoqqa a’zo davlatlar hududida to‘lagan solig‘i o‘z yurtida ham tan olinadi. Bu pensiya va soliqlar, ijtimoiy himoya borasida muhojirlarga katta yordam bo‘lishi mumkin.

Ikkinchisi, bizga mahsulotlarimizni ittifoq hududida erkin tarqatib, erkin sotish imkonini beradi. Shunda biz meva-cheva, yengil sanoat va boshqa mahsulotlarni ittifoq hududiga erkin eksport qilishimiz mumkin. Shunga yarasha raqobatga turib berishimiz kerak bo‘ladi. Chunki, ittifoq hududidagi boshqa ishlab chiqaruvchilar ham bizning bozorga erkin kira olishadi.

Uchinchidan, yagona bojxona hududi shakllanadi. Biz bu uchun bojxona tizimini butunlay o‘zgartirishimiz, proteksionizmdan voz kechishimiz, bozorni ochib qo‘yishimiz, Rossiya yoki boshqa davlat hududida bojxonadan o‘tkazilgan tovarni tan olishimiz kerak bo‘ladi. Bozorni bunaqa ochilishini bizning monopollarimiz, juda yumshoq aytganda, xushlamasligi aniq.

Nima uchun ko‘pchilik bunga qarshi?

YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqi, avvalo, iqtisodiy tashkilot. Lekin Rossiya uni siyosiylashtirishga harakat qiladi va shunday qilyapti ham. Agar biz masalaning faqat iqtisodiy tomonini olsak, qog‘ozda bu biz uchun foydali loyiha. Biroq masalaning siyosiy tomoni ham bor. Avvalo, Rossiya ittifoqqa a’zo hududni o‘zi uchun bozor deb biladi va o‘z ishlab chiqaruvchilari orqali bosimni kuchaytirishi, ko‘p hollarda e’tibor rus ishlab chiqaruvchilariga qaratilishi ehtimoli juda yuqori. Bunday holatda ma’lum loyihalarni amalga oshirishda ruslarni tanlashga majbur bo‘lishimiz mumkin.

Modomiki, Rossiyaning ittifoqqa a’zo mamlakatlarga bosim o‘tkazish ehtimoli yuqori ekan, bora-bora rasmiy Kreml ularning (Ittifoqqa a’zo mamlakatlarning) tashqi va ichki siyosatiga aralashishi deyarli aniq. Shu tomondan o‘z vaqtida Qozog‘istonning birinchi prezidenti N. Nazarboyev ham o‘z xavotirlarini bildirib o‘tgandi. Shu ma’noda YevroOsiy iqtisodiy ittifoqi tashkil etilishi sobiq sovet ittifoqini qayta tiklashga harakat deb biladiganlar ham ko‘p. Va bunda mantiq va haqiqat uchqunlari ham yo‘q emas. Demak, ittifoqqa a’zo bo‘lish bu mamlakat mustaqilligini xavf ostiga qo‘yish va to‘liq Rossiya ta’sir doirasida tushish mumkin deganidir.

Shuningdek, Rossiyaning ittifoq hududida yagona pul birligini joriy etishdek tashabbuslari bor. Bunga Belarus va Qozog‘iston qarshi. Chunki bu Rossiya ta’sirini yanada kuchayishiga olib keladi. Shuning uchun ham O‘zbeksitonning birinchi prezidenti Islom Karimov bu ittifoqqa kirishga qarshi bo‘lgan va bundan oldin amalda bo‘lgan YevroAzESga kirib, 2007 yilda chiqib ketgandi.

Demak, YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish iqtisodiygina emas, balki siyosiy masala hamdir. Shuning uchun ham qayta va qayta tahlil qilish, yetti o‘lchab bir kesish kerak. Rossiya bizni ittifoqqa kiritish uchun bosimlarni kuchaytirib boradi. Kechagi chiqish ham bosimning bir qismi. O‘zbekiston bu masalaga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lmoqda va shunday bo‘lishi kerak ham.

Bizning iqtisodiyot uchun YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqidan ko‘ra Butunjahon Savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish manfaatliroq hisoblanadi. Bu esa murakkab va oson bo‘lmagan jarayondir.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети