Afg‘oniston prezidenti Amir Temurni «Temurlang» deb atadi
Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf G‘ani yaqinda Kobul shahrida mamlakat yoshlari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasida o‘zbek xalqining buyuk siymolari faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tdi. Prezidentning ushbu uchrashuvdagi nutqi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ashraf G‘ani mamlakatning ilmiy salohiyati, tarixi, iqtisodiy imkoniyatlari haqida batafsil so‘z yuritdi. U o‘z mamlakatining azaldan Buyuk ipak yo‘lida joylashgani, tabiiy zahiralarga boy ekani, azaldan hunarmandchilik, tijorat, savdo-sotiq taraqqiy etgani, hali foydalanilmagan iqtisodiy imkoniyatlari juda keng ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga u o‘z vatanining insoniyat tamadduni beshiklaridan biri bo‘lib kelgani, afg‘on xalqining jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shgani haqida gapirdi. U Afg‘oniston hududida asrlar davomida yashab kelayotgan tojik, pushtun, o‘zbek, turkman singari xalqlarning tili, madaniyati, adabiyoti, an’analari uyg‘un tarzda rivojlanib kelganini e’tirof etdi.
Ashraf G‘ani o‘zbek xalqining buyuk mutafakkiri Alisher Navoiy faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi:
«Bugun Mir Alisher Navoiy jahon adabiyotining buyuk namoyandalaridin biri sanaladi, – dedi Afg‘oniston rahbari. – Nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda har bir o‘zbek Alisher Navoiyni biladi, uning nomi bilan faxrlanadi. Lekin bizda buni ko‘pchilik unutib qo‘ygan. Turkiy adabiyotning eng buyuk namoyandasi bizning zaminimizda tug‘ilib o‘sganidan, Hirot farzandi ekanidan faxrlanishimiz kerak.
Ashraf G‘ani bugun xoki afg‘on zaminida makon topgan o‘zbek olimi Abu Rayhon Beruniy siymosi haqida ham to‘xtalib, u Kolumbdan besh asr ilgari Amerika qit’asini kashf etganini eslatib o‘tdi. Shuningdek, bugungi yoshlar Ibn Sino, Jaloliddin Rumiy, Abdurrahmon Jomiy, Mirzo Abdulqodir Bedil singari Sharq allomalari ma’naviy merosidan bahra olishi lozimligiga e’tibor qaratdi.
Biroq, prezident Afg‘onistonning tarixiy bosqichlari haqida gapirarkan, Amir Temur nomini hurmatsizlik bilan tilga olgan, hukmronligi paytida Hilmand va Farah viloyatlarida suv ta’minoti tizimi izdan chiqqanini ta’kidlagan. Bu esa, Afg‘onistonda yashovchi turkiy tilli fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lgan. Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda prezident o‘z nutqi davomida ishlatgan «Temurlang» iborasi uchun uzr so‘rashi lozimligini ta’kidlagan.
Ta’kidlash joizki, Amir Temur va temuriylar hukmronligi paytida Afg‘oniston hududida ilm-fan, madaniyat, adabiyot va me’morchilik taraqqqiy etgani tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan. Ushbu davrda yaratilgan moddiy va madaniy yodgorliklar bugunga qadar yetib kelgan.
Prezident uchrashuv asnosida mamlakat kelajagi yoshlarning qo‘lida ekani, ilm-ma’rifat, madaniyatni rivojlantirish orqali mamlakatni tang vaziyatdan olib chiqish mumkinligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf G‘ani 2017 yilning dekabr oyida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan, Ko‘ksaroydagi rasmiy uchrashuvda o‘zbek tilida nutq so‘zlagan edi.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter