O‘zbek hukmdorlarining bugungi avlodlari qayerda?
O‘zbek davlatchiligi uch ming yildan ortiq tarixga ega. Shu davr ichida mamlakatimiz hududida yuzlab turli sulolalar hukmronlik qilgan. Ularning ayrimlari bugungi O‘zbekistondan bir necha baravar katta hududlarni boshqarganlar. Mamlakatimiz hududidagi so‘nggi monarxiya tarix sahnasini tark etganiga bir asrdan oshdi. O‘zbekiston roppa-rosa yuz yil muqaddam Sovet ittifoqi tarkibidagi respublika maqomini oldi va 1991 yil 1 sentyabrda o‘z mustaqilligiga erishdi. Xo‘sh, yurtimizda hukm surgan tojdorlarning avlodlari bugun qayerda? Ular nima bilan mashg‘ul? Keling, ulardan ayrimlari haqida fikr yuritamiz.
Boburiylar
Ma’lumki, Zahiriddin Muhammad Bobur shayboniylar tomonidan Movarounnahr tuproqlaridan siqib chiqarilgach, 1525 yildan e’tiboran Hindistonga kirib boradi va o‘z davlatiga asos soladi. Bu sulola 1858 yilda inglizlar tomonidan mahv etiladi. Saltanatning so‘nggi vakili Bahodirshoh Zafar II Birmada, surgunda vafot etadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra unig oila a’zolaridan aksariyati ingliz hukumatining topshirig‘iga binoan qirib yuborilgan.
Zayniddin aka Mavlonov o‘zini mazkur sulolaning O‘zbekistondagi so‘nggi vakillaridan deb biladi. 1950 yilda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug‘ilgan, hozir Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi Zayniddin aka Zahiriddin Muhammad Boburning erkak shajarasi bo‘yicha 15-avlodi hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, inglizlar Hindistonga hujum qilganida uning 6 yoshli bobosi shahzoda Mirhazor (Mirzo Muhiddin) Boburiylar sulolasining ayollari tomonidan Kashmirga qochirib yuboriladi. Keyinchalik ingliz razvedkasi shahzoda haqida xabar topgach, u Kashmirdan Kobulga o‘tib, Movarunnahrga keladi va Buxoro amirligida yashab, shu yerda oila quradi.
1920 yilda Buxoroni egallagan Frunze boshliq qizil askarlar shahzoda Mirhazorni otib tashlaydi va Zayniddin Mavlonovning otasi, Boburning 14-avlodi Nosiriddin Mirzoni oilasi bilan Sirdaryo (oldingi Mirzacho‘l)ga surgun qiladi.
Boburiylar sulolasining davomchisi bo‘lgan ushbu oila haqida asta-sekin ko‘pchilik xabar topadi. Zayniddin Mavlonov ko‘plab hujjatlar, kitoblarni o‘rganib, haqiqatdan ham Mirzo Boburning avlodi ekanligini ko‘pchilikka isbotlaydi. Boburiylarning so‘nggi hukmdori Bahodirshoh Zafar II ning qizlaridan tug‘ilgan avlodlari bugun Hindistonda va Pokistonda istiqomat qilishadi.
Buxoro amirligi
1750 yillarda Ashtarxoniylarning inqirozga yuz tutishi oqibatida davlat tepasiga kelgan o‘zbek mang‘itlari 1920 yil 1 sentyabrga qadar Buxoro amirligini boshqargan. Buxoro Sovet qo‘shinlari tomonidan egallanganidan so‘ng Afg‘onistonga qochishga majbur bo‘lgan so‘nggi amir Sayid Olimxon umrining so‘nggiga qadar qorako‘l savdosi bilan shug‘ullanib o‘rtamiyona kun kechirgan, 1944 yilda Kobul shahrida vafot etgan.
Bugungi kunda Amir Olimxonning 500 dan ortiq avlodlari, nevara-chevaralari aniqlangan. Amir Olimxonning ma’lumotlarga ko‘ra, 37 farzandi, jumladan 15 o‘g‘li bo‘lgan. Olimxon Afg‘onistonga chiqib ketgan paytida Buxoroda uning uch o‘g‘li qoladi: Sultonmurod va Rahimxon qatag‘on yillarida xalq dushmani sifatida qatl qilingan, Shohmurod keyingchalik sovet hukumati tazyiqi bilan otasidan voz kechgan, sovet armiyasi safida xizmat qilgan, general-mayor unvoniga ega bo‘lgan. Rus ayoliga uylangan va 1985 yilda Moskvada vafot etgan.
Bugun amirning avlodlari O‘zbekistonda, shuningdek, Rossiya Turkiya, Afg‘oniston, AQSh va boshqa davlatlarda yashashadi.
Amirning bir qancha o‘g‘illari Afg‘onistonda yuz bergan savr inqilobidan so‘ng 1978 yilda Pokiston orqali Turkiyaning G‘oziantep shahriga qochib kelishgan. Amirning o‘g‘illaridan biri Abdulkabir Olimiy shoir bo‘lgan, Azimiy taxallusi bilan she’rlar yozgan. 1932 yilda Afg‘onistonning Kobul shahrida tug‘ilib, 2013 yil 3 avgustda G‘oziantepda vafot etgan. Hozir aka-ukalarning kenjasi, amirning 1943 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Abdulsattor Olimiy G‘oziantep shahrida o‘z avlodlari bilan istiqomat qiladi.
Qo‘qon xonligi
Qo‘qon xonligining yuzaga kelishi haqida turli ma’lumotlar bor. Xonlik davrida yaratilgan turli manbalarda bu saltanat vakillarini Zahiriddin Muhammad Boburga taqash an’anaga aylangan. Sulola o‘zbeklarning ming urug‘iga mansub hukmdorlar tomonidan boshqarilgan. Chor Rossiyasi bosqinidan so‘ng Qo‘qon xonligi 1876 yildan rasman bekor qilinadi. Rus imperatorining fitnasiga uchgan Qo‘qonning so‘nggi hukmdori Nasriddinxon o‘z ixtiyori ila taxtdan voz kechadi. Uning otasi, Qo‘qon saltanatini chorak asr boshqargan Xudoyorxonning beshta o‘g‘li bo‘lgan. Xudoyorxon rus hukumatining ko‘rsatmasi bilan Orenburgga surgun qilingach, kichik o‘g‘li O‘rmonbek bilan Rossiyaga ketadi. Keyinchalik haj safariga otlangan Xudoyorxon 1886 yilda Hirot yaqinidagi Karux qishlog‘ida bandalikni bajo keltiradi. Sovet davrida harbiy sohada xizmat qilgan O‘rmonbek 1982 yilda vafot etadi.
Xonning boshqa farzandlari Qo‘qonda qolgan. Ularning bir qismi taqdir taqozosi bilan Andijonga, Toshkentga kelishgan. Chor hukumati xon oilasiga ma’lum miqdorda nafaqa tayinlagan. Sovet paytida xon avlodlari o‘zlarining kelib chiqishini sir tutib kelishgan.
Xudoyoorxonning bugungi taniqli avlodlaridan biri Shohruxbek hoji Umarov Toshkentda istiqomat qiladi. Ayni paytda u Qo‘qon xonlari tarixini o‘rganish va targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. U Xudoyorxonning ikkinchi o‘g‘li Umarbekning nabirasi hisoblanadi. Bundan tashqari Xudoyorxonning yuzlab avlodlari O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya va boshqa mamlakatlarda istiqomat qiladi. Taniqli o‘zbek qo‘shiqchisi Sevara Nazarxon ham Xudoyorxon avlodlaridan biridir.
Xiva xonligi
Qo‘ng‘irotlar Xorazm mulkini 1804-1920 yillarda boshqargan so‘nggi sulola sanaladi. 1873 yil 12 avgustda tuzilgan Gandimiyon shartnomaisidan so‘ng Rossiya imperiyasining protektoratiga aylangan. Biroq, amalda Xiva xonlari to Sovet hukumati tiklangunga qadar taxtda o‘tirgan. Faqat 1920 yilda xonlikning so‘nggi vakili Said Abdullaxon taxtdan voz kechadi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR) tashkil qilinadi. Sulolaning erkak jinsiga mansub barcha vakillari XXSRdan quvg‘in qilinadi. Muhammad Rahimxon II - Feruzning o‘g‘li bo‘lgan Said Abdullaxonning o‘zi yetti nafar yaqin qarindoshi bilan Ukrainaning Krivoy Rog shahriga surgun qilinadi. Said Abdullaxonning uch o‘g‘li bo‘lgan: Saidabdulla, Rahmatilla va Yoqub Yusuf. Ukrainada boshlangan ocharchilik tufayli Said Abdullaxon 1933 yilda og‘ir xastalikka chalinib, vafot etadi. O‘g‘illarining keyingi taqdiri haqida ma’lumotlar juda kam.
Said Abdullaxonning jiyani (ukasi Muhammadyor to‘raning o‘g‘li) Abdurasul Mamadiyorov Ikkinchi Jahon urushi davrida Germaniyada asirlikda bo‘lgan va majburiy mehnatga jalb qilingan. Urushdan so‘ng Krivoy Rogga qaytib, otboqarlik qilgan. Ukrain ayoliga uylanib, undan uch qiz ko‘radi. Feruzning bevosita nabirasi bo‘lgan Abdurasul Mamadiyorov 1990 yilda Xivaga kelib bobosining qabrini ziyorat qiladi va Ukraniga qaytgandan so‘ng ko‘p o‘tmay vafot etadi. Qizlaridan bo‘lgan nevara-chevaralari hozir ham Ukrainada yashashadi.
Muhammad Rahimxon II Feruzning nabirasi Abdurasul Mamadiyorov (1918-1990)
Albatta, bu sulolalarning biz bilmagan yana minglab vakillari dunyoning turli hududlarida umrguzaronlik qilishmoqda. Ularning ayrimlari hatto o‘z ajdodlari haqida bilishmasa ham kerak. Chunki, ularning katta qismi mamlakatimizdan tashqarida, boshqa xalq va millatlar qatlamiga singib ketishgan. Yurtimizda hukm surgan sulolalarning qoni bugun har birimizning tomirimizda oqadi, desak xato bo‘lmaydi.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter