Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Kattaqo‘rg‘onlik o‘qituvchi o‘limida ish beruvchining aybi bormi?

Kattaqo‘rg‘onlik o‘qituvchi o‘limida ish beruvchining aybi bormi?

Foto: «Xabar.uz»

Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktabning mehnat ta’limi o‘qituvchisi, 23 yoshli Diana Yenekeyevaning vafoti barchamizni chuqur qayg‘uga soldi.


Mavzuga doir:
«Xabar.uz» surishtiruvi: 23 yoshli o‘qituvchining o‘limida kim aybdor?


Voqeaning tafsilotlari, kelib chiqish sabablari, oqibatlari haqida ortiqcha gapirmoqchi emasman. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: maktab o‘qituvchisi hashar ishlariga jalb qilingan vaziyatda vafot etsa, uning oilasiga zarar, ya’ni xalq tili bilan aytganda tovon puli to‘lanadimi? Keling, shu masalani batafsil ko‘rib chiqamiz.

Ish beruvchi qanday zararlarni to‘lashi kerak?

Mehnat kodeksining 192-moddasiga binoan xodim mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a’zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart.

193-moddasida esa zarar miqdori ko‘rsatilgan bo‘lib, vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga to‘lanadigan zarar miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida belgilangan. Demak, Diananing o‘g‘li 16 yoshga to‘lguncha onasining o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida zarar to‘lovini olishi kerak.


Mavzuga doir:
23 yoshli o‘qituvchini urib yuborgan haydovchiga «Xabar.uz» surishtiruvidan so‘ng jinoiy ish qo‘zg‘atildi


Shuningdek, Mehnat kodeksining 194-moddasiga binoan xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda biryo‘la beriladigan nafaqa to‘lashi ham kerak bo‘ladi. Masalan, bu miqdor o‘rtacha 1 million so‘m ish haqi oladigan xodim uchun 72 million so‘mni tashkil etadi.

Yetkazilgan zararni to‘lash tartibi qanday?

Eng avvalo Diananing o‘limi ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa hisoblanadimi yoki hisoblanmaydimi degan savolga javob topish kerak. Buning uchun baxtsiz hodisa maxsus tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim.

Bunday tekshiruv Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida o‘tkaziladi.

Maxsus tekshirish viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi buyrug‘iga asosan shakllantirilgan komissiya tomonidan o‘tkaziladi.

Unga ko‘ra komissiya raisi — viloyat davlat mehnat texnika nazoratchisi, a’zolari — yuqori turuvchi xo‘jalik organi vakili, ish beruvchi, jabrlanuvchining asosiy ish joyi kasaba uyushmasi qo‘mitasi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchining vakili bo‘ladi.

Maxsus tekshirish komissiyasi 15 kun mobaynida baxtsiz hodisani tekshirib chiqadi, maxsus tekshirish dalolatnomasini tuzadi hamda ko‘zda tutilgan boshqa hujjatlarni rasmiylashtiradi.

Komissiya a’zolari jabrlanuvchilar yoki ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlar tashkil etadilar, zarur bo‘lsa tegishli organlarga takliflar kiritadilar yoki ijtimoiy tusdagi yordam masalalarini joyida hal qiladilar, jabrlanuvchiga yoki o‘lganning oila a’zolariga ularning huquqlarini tushuntiradilar.

Hasharga jalb etilgan o‘qituvchi mehnat vazifalarini bajarayotgan deb topiladimi?

Endi eng asosiy masalaga kelayapmiz. Mayli, tekshirish ham o‘tkazilar, lekin komissiya Dianani ish joyidan tashqarida yoki o‘z mehnat vazifasini bajarmayotgan paytda vafot etgan, shuning uchun zarar to‘lanmaydi deya xulosa qilishi mumkinmi? Mumkin, har narsa bo‘lishi mumkin. Ammo...

Ammo bu adolatsiz xulosa bo‘ladi!

Vazirlar Mahkamasining 286-qarorida tadbirlarning o‘tkazilishi yoki ishlar bajarilishi joyidan qat’i nazar, shanbalik (yakshanbalik) o‘tkazilayotgandagi baxtsiz hodisalar tekshiriladi va hisobga olinadi deya belgilangan.

Bundan quyidagi 2 ta xulosani chiqarish mumkin:

  • Ish joyi muhim emas, ya’ni xodim aynan ishxonada vafot etsagina zarar to‘lanadi degan qoida yo‘q;
  • Aynan o‘z mehnat vazifasini bajarayotgan bo‘lishi kerak degan qoida ham yo‘q. Ya’ni o‘qituvchi faqat dars o‘tayotganda vafot etsagina zarar to‘lanadi deyish ham noto‘g‘ri.

Yana bir ikkilantiradigan holat bor, ya’ni hasharga chiqqanini tasdiqlovchi maktab direktorining buyrug‘i bo‘lishi kerak deydi ko‘pchilik. Yo‘q, shart emas. Marhum Diana holatida maktab direktori buyruq-muyruq chiqarmagani aniq-ku! Hammasi tepadagilarning og‘zaki buyrug‘i asosida bo‘lgan-ku! Unda nima bo‘ladi?


Mavzuga doir:
Fojia ko‘zimizni ochmadi yoxud sinalgan usuldagi javob


Buyog‘i maxsus tayinlangan komissiya a’zolarining malakasi va vijdoniga bog‘liq. Komissiya barcha holatlarni batafsil, sinchiklab o‘rganishi, guvohlarni so‘roq qilishi, dalillarni xolisona ko‘rib chiqib xulosa qilishi kerak. Qisqa qilib aytganda, hammaga ayon bo‘lib turgan haqiqatdan ko‘z yummasligi lozim.

«Biz bu voqeani ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa deb topsak, zararni qoplash uchun davlat budjetidan katta mablag‘ sarflanadi, budjetga zarar yetkazmaylik» degan eskilik sarqitidan yodgorlik qolgan ahmoqona o‘y-xayollarni ham yig‘ishtirib qo‘yadigan vaqt keldi.

Xulosa o‘rnida

Umid qilamanki, maxsus komissiya ishni har tomonlama xolisona ko‘rib chiqadi va yakunda oqni oq, qorani qora deydi. Aslida gap pulda ham emas. Marhumning oilasiga, ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, murg‘ak o‘g‘ilchasiga qandaydir millionlar tugul, milliard so‘m bersangiz ham o‘ksik ko‘nglini to‘ldira olmaymiz. Biroq ijtimoiy adolat, marhumning haqqi hurmati va kelgusida o‘rnak bo‘lishi uchun ham ko‘zni chirt yumib, asl haqiqatni qo‘rqmasdan qayd etish mas’uliyati o‘sha maxsus komissiya zimmasida turganini unutmasalar bo‘ldi.

P/S: Lekin har qanaqa vaziyatda ham Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 14 iyundagi 174-qarori bilan tasdiqlangan «Dafn etishga nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizomga ko‘ra Diana faoliyat yuritgan maktab eng kam oylik ish haqining to‘rt baravari miqdorida nafaqa to‘lashi shart.

Комментарии 1

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети