Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

O‘zbekistonning Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinganiga 30 yil to‘ldi

O‘zbekistonning Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinganiga 30 yil to‘ldi

Foto: Xabar.uz

Kecha, 20 iyun kuni, Mustaqillik deklaratsiyamiz qabul qilinganiga 30 yil to‘ldi. Mustaqillik deklaratsiyasi O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1990 yil 20 iyunda e’lon qilingan edi.

Keyinchalik Mustaqillik deklaratsiyasi asosida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Quyida Mustaqillik deklaratsiyasining matnini havola qilamiz:

MUSTAQILLIK DEKLARATsIYaSI

O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Soveti: o‘zbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy an’analari, har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ta’minlashdan iborat oliy maqsad haqi, har bir kishining farovon hayot kechirishini ta’minlashni oliy maqsad deb bilgan holda, O‘zbekiston xalqlarining kelajagi uchun tarixiy mas’uliyatni chuqur his etgan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslanib, O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Davlat mustaqilligini e’lon qiladi.

O‘zbekiston SSRning demokratik davlat mustaqilligi Respublikaning o‘z hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlardagi tanho hokimligidir.

O‘zbekiston SSRning davlat hududi chegarasi daxlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qo‘yilmay turib, o‘zgartirilishi mumkin emas.

O‘zbekiston SSRda davlat hokimiyati uning hududiga kiradigan barcha tarkibiy va bo‘linmas qismlari ustidan amalga oshiriladi va shu hududda yashaydigan aholiga taalluqlidir.

SSSR Oliy Soveti qabul qiladigan qarorlar O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan tasdiqlanganidan keyingina O‘zbekiston SSR hududida kuchga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga O‘zbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi.

O‘zbekiston SSR xalqaro huquqning asosiy prinsiplarini tan oladi va hurmat qiladi.

O‘zbekiston SSR ittifoqdosh respublikalar va boshqa davlatlar bilan o‘zining siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa munosabatlarini shartnomalar asosida belgilaydi va amalga oshiradi.

O‘zbekiston SSR o‘zining taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini belgilaydi va davlat belgilarini(gerb, bayroq, madhiya) o‘zi ta’sis etadi.

Qoraqalpog‘iston Muxtor Sovet Sotsialistik Respublikasi mustaqilligini Muxtor Respublika Konstitutsiyasi ta’min etadi. O‘zbekiston SSR uning Asosiy Qonuni va O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi asosida Qoraqalpog‘iston MSSR manfaatlarini himoya qiladi.

O‘zbekiston SSRning qonun chiqaruvchi hokimiyati O‘zbekiston SSR davlat mustaqilligini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qonunlarni ishlab chiqadi, O‘zbekiston SSRning siyosiy va iqtisodiy sistemalari tarkibini va qurilishini belgilaydi.

O‘zbekiston SSR Oliy Soveti umumxalq muhokamasi asosida demokratik huquqiy davlat tuzishga qaror qilganini bildiradi, O‘zbekiston SSRda yashayotgan barcha millat va elatlarning qonuniy, siyosiy, iqtisodiy, etnik, madaniy huqukdariga hamda ona tillari rivojlantirilishiga kafillik beradi.

Ushbu Deklaratsiya O‘zbekiston SSRning yangi Konstitutsiyasini hamda yangi ittifoq shartnomasini ishlab chiqish uchun asosdir.

Ushbu deklaratsiya O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining 1990 yil 20 iyunda bo‘lib o‘tgan ikkinchi sessiyasida qabul qilingan

P.S.: nima uchundir Mustaqillik deklaratsiyasining matni LexUz bazasidan o‘chib ketibdi. Bunday sahifa mavjud emas demoqda.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети