Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zoir Mirzayev O‘zbekistonda elektr taqchilligi muammosi qachon hal bo‘lishini aytdi

Zoir Mirzayev O‘zbekistonda elektr taqchilligi muammosi qachon hal bo‘lishini aytdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hafta o‘rtasida Qashqadaryo viloyatiga safar qilgan edi. Kuni kecha tashrif yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda viloyatni kompleks rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilish davomida Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi sust ekani tanqid qilindi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev Xabar.uz axborot-tahliliy portali bilan bo‘lgan muloqot vaqtida bir qator savollarga javob berdi.

— Hozirgina «Press-klub» ko‘rsatuvida qilgan chiqishingiz davomida viloyatda kichik biznes va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish haqida gapirib o‘tdingiz. Ammo viloyatda gaz va elektr masalasida muammolar mavjud. Infratuzilma bo‘lmasa kichik biznesni ham rivojlantirish qiyin emasmi?
— Shunday muammo borligini o‘zimiz ham yaxshi bilamiz va buni hal qilish uchun respublika darajasida ish olib borilyapti. Men hozir sizga nafaqat viloyat, balki respublikaga tegishli raqamlarni keltirib o‘tishim mumkin. Bajarilayotgan ishlar salmog‘idan kelib chiqib qisqacha aytadigan bo‘lsam, yana 4 yilda O‘zbekistonda elektr energiyasi bo‘yicha muammolar to‘liq hal qilinadi. Bunga ishonishingiz mumkin.

Endi, kichik biznes va o‘rta tadbirkorlikka keladigan bo‘lsak, to‘g‘ri, infratuzilma bo‘lishi kerak. Ammo butun dunyo tajribasidan kelib chiqib aytaman, ishlab chiqarish faqat gazga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak. Unga muqobil energiya manbalarini ham ko‘rib chiqish kerak. Masalan, issiqxonalarni oladigan bo‘lsak, ishlab chiqarish harajati yetishtirilayotgan mahsulotga muvofiq bo‘lishi kerak emasmi? Bizda esa faqat gaz yoqish haqida o‘ylashadi.

— Viloyatda aholiga gaz va elektr yetkazib berish masalasida ham muammo bor. Butun boshli mahallalar gazdan uzilib, propan balon yetkazib berishga o‘tilgan. Vaziyat o‘rganilganda, aholi tomonidan gaz o‘g‘rilash holatlari uchrayotgani aytildi. Shuning uchun ham butun boshli mahallalarni tarmoqdan uzish chorasi ko‘rilayotgan ekan. Gaz ta’minotini nazorat qiladigan alohida korxonalar bor. Ular o‘z ishini to‘g‘ri bajarib, o‘g‘rilik ro‘y bergan nuqtalarni individual tarzda tarmoqdan uzishi kerak emasmi? Butun boshli mahallada nima ayb?
— Har qanday joyda ham kamchilik bo‘lishi mumkin. Men aniq qaysi tuman yoki mahalla haqida gapirayotganingizni bilmayman. Agar shunday holat rostan ham ro‘y bergan bo‘lsa, men bunga qarshiman. Mana shunday murojaatlarni bemalol hokimlikka yo‘llashingiz mumkin. Biz masalani albatta ko‘rib chiqamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring