Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ajal jarchisi». O‘zbekiston shaharlarida ruxsat etilgan tezlikni 50 km/soatga kamaytirish taklif etilmoqda

«Ajal jarchisi». O‘zbekiston shaharlarida ruxsat etilgan tezlikni 50 km/soatga kamaytirish taklif etilmoqda

Joriy yil 24 may kuni Angrenda ro‘y bergan YTHda 7 kishi halok bo‘ldi, 14 kishi jarohatlandi.

Foto: IIV Tergov departamenti

Yurtimizda yo‘l-transport hodisalari va ularda halok bo‘layotganlar soni oshib bormoqda. Bu hol keng jamoatchilikning xavotiriga sabab bo‘layotgani bejiz emas. Ichki ishlar vazirligi YHXBB taqdim etayotgan kunlik, haftalik ma’lumotlarni o‘qib yuragingiz orqaga tortib ketadi. Hali Farg‘onada, hali Qarshida, hali Toshkentda ro‘y berayotgan avariyalar necha-necha yurtdoshimizning jon rishtalari uzilishiga sabab bo‘lmoqda. Birgina 2020-yili yurtimizda 6982 ta YTHlar sodir bo‘lgan, to‘qnashuvlar oqibatida 1962 kishi halok bo‘lgan.

Jamiyatni ikki karra xavotirga solayotgan jihat shuki,  avariyalarda hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan norasida bolalar, navjuvon yigit-qizlar ham bevaqt o‘lim topmoqda. Masalan, joriy yilning 4 oyi davomida bolalar ishtirokidagi YTHlar soni 25,3 foizga, ularda halok bo‘lgan bolalar soni 64,5 foizga oshgan.

YTHlarni kamaytirish xususida so‘z borar ekan, shubhasiz xorijning ilg‘or tajribasini ham o‘rganish lozim bo‘ladi. Masalan, Buyuk Britaniyada YTH oqibatidagi o‘lim ko‘rsatkichi nafaqat Yevropa, balki jahonda ham eng past darajada qolmoqda. Ammo yarim asr avval ham qirollikda bu borada ayanchli holat hukm surar edi. Mamlakat yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha jiddiy islohotlar olib borish orqali o‘lim ko‘rsatkichini pasaytirishga, umuman, yo‘llarda temir intizom o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.

Britaniyalik transport va yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha ekspert Nik Ridga ko‘ra, muvaffaqiyat siri – kompleks yondashuvda. Britaniya bu borada to‘rt «E» tamoyilini amalga tatbiq etdi: 1) huquqiy ta’sir choralari kuchaytirildi (enforcement); 2) muhandislik-texnik faoliyat takomillashtirildi (engineering), ya’ni yo‘llar yangi va ilg‘or loyihalar asosida barpo etildi; ta’lim jarayoni, haydovchilar tayyorlash tizimi jiddiy ravishda isloh etildi (yeducation); avariya yuz berganda tez yordam (emergency care) ko‘rsatishning namunali tizimi yaratildi.

  1. 2017 yili transport vositasini boshqarish payti telefondan foydalanish holati AQShda 3100 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Foto: «Google Images»

Tahlillarga ko‘ra, keyingi yillarda harakat payti telefondan foydalanish YTHlar soni oshishining asosiy sabab-omillaridan biri bo‘lmoqda. Ingliz hukumati shu vajga ko‘ra harakat payti telefondan foydalangan haydovchilarga belgilangan jazo-ta’sir choralarini kuchaytirdi. Ushbu huquqbuzarlik uchun ming funtgacha (taxminan 14,5 mln so‘m) jarima qo‘llanadi, aksar hollarda aybdor avtomobil boshqarish huquqidan mahrum etiladi.

Eslatma o‘rnida qayd etish joizki, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday harakat ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa,  huquqbuzarga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida jarima solinadi yoki u transport vositasini boshqarish huquqidan olti oygacha muddatga mahrum etiladi.

Britaniyalik mutaxassis Nik Ridning ta’kidlashicha, avtomobil boshqaruvi vaqtida telefondan foydalanish kezi kelganda transport vositasini mast holda boshqarishdan ham xatarliroqdir.

Britaniyadagi Mustaqil transport komissiyasi direktori Mettyu Niblett faqat yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishni ta’minlash bilan YTHlarda qurbonlar sonini kamaytirishga erishib bo‘lmaydi deb hisoblaydi. Ta’kidlanishicha, buning uchun haydovchilar o‘qitish tizimida korrupsiyaga barham berish, yo‘l qurilishidagi kamchiliklarni bartaraf etish, tez tibbiy yordam va boshqa xizmatlar faoliyatini takomillashtirish lozim.

  1. Britaniya shaharlarida transport vositasi tezligini 48 km/coatdan oshirish taqiqlanadi. Foto: «Scottish Borders Council»

Butun dunyoda, jumladan, yurtimizda ham katta yo‘llardagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘laklarida halokatli avariyalar ko‘p ro‘y beradi. Buyuk Britaniyadagi keng polosali yo‘llarda tartibga solinmagan piyodalar yo‘laklari olib tashlangan, piyodalar uchun maxsus ko‘prik va tonnellar barpo qilingan. Bu esa nainki piyodalar xavfsizligini ta’minlaydi, harakat oqimini ham jadallashtiradi. 

Ingliz o‘lkasida transport vositalarining tezligi ham jilovlangan. Aksar shaharlarda ruxsat etilgan maksimal tezlik 48 km/soatni tashkil etadi, maktab va boshqa ijtimoiy ob’yektlar joylashgan hududlarda tezlik cheklovi bundan ham past.

O‘zbekiston shaharlari va aholi punktlarida transport harakatining ruxsat etilgan eng yuqori tezligi 70 km/soatni tashkil etadi. «Mening fikrim» portalida mazkur ko‘rsatkichni shaharlar va aholi punktlarida 50 km/soatga, bog‘cha, maktab, shifoxona kabi ijtimoiy ob’yektlar yaqinida esa 30 km/soatga pasaytirish taklif qilingan.

Avval xabar berganimizdek, mamlakatimizda yo‘l harakati sohasidagi muammolarni kompleks o‘rganish va ularni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh faoliyat boshladi.

Guruh tarkibiga hukumat, ichki ishlar, transport, moliya vazirliklari, avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va boshqa mutasaddi idora-tashkilotlarning rahbar va malakali mutaxassislari kiritilgan. Mazkur guruh YTH qurbonlari sonini kamaytirish bo‘yicha ilg‘or xorij tajribasini ham o‘rganadi degan umiddamiz.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring