Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bir yillik tonirovka uchun bir yil ishlab pul topish kerak-mi?

Bir yillik tonirovka uchun bir yil ishlab pul topish kerak-mi?

Foto: «classomsk.com»

Markaziy Osiyodagi uch davlatdan boshqa sobiq ittifoq davlatlarida tonirovka uchun davlatga hech qanday pul to‘lanmaydi, deyiladi «Sputnik» tahlilida.

O‘zbekistonda 1-avgustdan avtomobillarning oynasini qoraytirishga ruxsat berildi. Ammo bu ruxsatni olish avtomobil egalariga mahalliy mezonlar bo‘yicha o‘ta qimmatga – yiliga ikki ming dollar atrofida tushadi.

Bunday pulni o‘rtacha o‘zbekistonlik to‘lashi qiyin – Davlat statistika qo‘mitasining hisobotiga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha oylik ish haqi ikki yuz dollarga yaqin. Demak, birgina ruxsatnomani olish uchun bir kishi 10 oyga yaqin pul to‘plashi kerak. Ruxsatnoma esa bir yilgina amal qiladi.

Avtomobil oynasini qoraytirish uchun davlatga boj to‘lash amaliyoti jahonda unchalik keng tarqalmagan  – sobiq SSSR mamlakatlari orasida faqatgina Tojikiston (265 dollardan 500 dollargacha) va Qirg‘izistondagina (200 dollar atrofida) ruxsat olish uchun pul to‘lanadi.

Markaziy Osiyodagi uch davlatdan boshqa sobiq ittifoq davlatlarida tonirovka uchun davlatga hech qanday pul to‘lanmaydi. Yevroittifoq mamlakatlarida ham xuddi shunday.

Hukumat ba’zida mavsumiy cheklovlar kiritishi mumkin – masalan, Ozarbayjonda qoraytirilgan oyna bilan faqat may oyi boshidan noyabr o‘rtalarigacha yurish mumkin. Ruxsat berilmagan davrda oynalari qoraytirilgan mashinada yurganlik uchun 80 dollar jarima to‘lanadi.

Belarusda faqatgina zavoddan oynalari qoraytirilgan holda ishlab chiqarilgan mashinalarga ruxsat berilgan  – mustaqil ravishda oynani qoraytirish mumkin emas. Qoidani buzganlar 250 dollargacha jarimaga tortiladi.

Standartlarni buzganlik uchun Latviya va Litvada mos ravishda 85 va 40 yevro jarima belgilangan. Cheklov faqatgina old va old yon oynalarga belgilangan. Orqa oynani istagancha qoraytirish mumkin.

Moldovada ham shunga o‘xshash qoida – orqa oynani istagancha qoraytirish mumkn, ammo old oynalarning yorug‘lik o‘tkazuvchanligi talablarini buzganlik uchun 115 dollargacha jarima va 5 jarima balli belgilangan (15 ballga yetganida bir oz vaqtga haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yiladi).

Qozog‘istonda old oynalarni qoraytirish taqiqlangan, orqa oynalarni esa qoraytirish yoki parda tortish mumkin. Standartlarga rioya qilmaganlik uchun 35 dollar jarima solinadi.

Oynani qoraytirish ishqibozlariga eng ko‘p Rossiyada erkinlik berilgan – noto‘g‘ri tonirovka uchun jarima atigi 500 rubl yoki 8 dollarni tashkil etadi. Duma deputatlari bu jarima miqdorini oshirishni bir necha marta taklif etishdi, ammo bu tashabbus qo‘llab-quvvatlanmadi.

O‘zbekistonda tonirovka uchun jarima eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida yoki taxminan 22 dollar edi. Yangi qonun loyihasiga ko‘ra esa jarima miqdori bir necha baravarga oshiriladi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring