Mitti hikoyalar: ayollar nega aldaydi?..
E’tiqod
Qizaloq bolalar uyida ota-onasining yuzini yerga qaratmaslikka tirishardi. Ulg‘ayib, maktabga borgach ham shuni o‘yladi. Bir kuni unga «o‘g‘ri» deb tuhmat qilishganida, endi ota-onasi yomon ko‘rib qolishidan qo‘rqib ketdi. Yig‘ladi. Ota-onasiga aybsiz ekanini aytgisi, ularni juda ko‘rgisi keldi...
Axir qizaloq ularni biror marta ko‘rmagan edi.
«Samimiyat»
– Meni shunchalik sevasizmi? – dedi ayol, oshig‘i sovg‘a qilayotgan qimmatbaho uzukka hayrat bilan tikilib.
– Bo‘lmasam-chi, sen uchun har qanday ish tayyorman! – jilmaydi oshig‘i va o‘g‘irlangan uzukni mahbubasiga taqib qo‘ydi.
Ayol uzukdan ko‘z uzolmasdi.
Farzandlar
Boboning uch o‘g‘li gaplashib kelishardi: otasining qishloqqa nafi ko‘p tekkan – hamma tomlarni o‘zi yopgan edi.
Boboning uch o‘g‘li maqtanib kelishardi: otasining davlatga ham nafi ko‘p tekkan – uch o‘g‘li uch mansabdor!
Boboning uch o‘g‘li maqtanib kelishardi: otasiday muloyim odam yo‘q – sakson yoshga kirib ham birovning ko‘nglini og‘ritmabdi...
Boboning uch o‘g‘li... otasining janozasiga uch kun kechikib kelayotganini hali bilishmasdi.
Muhabbat
– Esingdami, yoshligimizda uni sevarding? – so‘radi erkak.
Ayol jilmaydi.
– U bunga loyiq edi, – dedi xo‘rsinib.
Erkak ayolning ko‘zlariga sinchiklab tikildi.
– Nazarimda... tuyg‘ularing o‘zgarmagan?
– ...
– Istasang ertaga u bilan uchrashtiraman.
– Ertaga?.. Ertaga erimning tug‘ilgan kuni. Yonida bo‘lishim kerak.
– Darvoqe, ering tuzukmi?
– Ikkinchi insultdan keyin tildan ham qoldi.
– Bechora... Yurmasa, gapirmasa...
– Balki indinga?..
– Indinga u ketyapti.
– Afsus. Unda uni sog‘inishimni aytib qo‘y.
Do‘stlar xayrlashishgach, erkak ayolning ma’yus odimlab ketayotgan tomonga tikilib insonning ko‘ngil kechinmalari nechog‘li murakkabligi haqida o‘yladi.
Yondoshlik
So‘ri. Chol va kampir. Botayotgan quyosh qizg‘ish shu’la sochadi.
Xayol og‘ushidagi chol labini choyga kuydirib oldi. Kulimsiradi:
– Bu o‘tirishimiz ajab-da, kampir. Avval ikkov edik. Bir etak farzandlarimiz bo‘ldi. Bir-biridan kam bo‘lmadi – o‘qishdi, o‘rnini topishdi. Endi qizimiz qizli, o‘g‘limiz o‘g‘illi...
– Xo‘sh?
Choli gapini yarmida to‘xtatib qo‘yganidan injikdi kampir.
– Nima, xo‘sh?.. Keyin yana ikkov qoldik. Boshda ham ikkov edik, oxir ham ikkov...
Kampir-da jilmaydi. Sezdi: choli o‘zidek farzandlarini sog‘inibdi.
– Omon bo‘lishsin, shu hafta kelib qolishar, − deb qo‘ydi ohista.
Tabib va taqdir
– Nurman tabibni go‘dakligidanoq giyohlar bilan tillashgan deyishardi, − dedi tog‘dagi yo‘lboshchimiz keksa cho‘pon. − Bemorning tomirini ushlasa bas, dardini sezarkan. Tog‘begining xotini ko‘kragidan rak bo‘lgandayam shu Nurman tabib davolab tuzatgan-da! Qayerlardan kasallar izlab kelmasdi uyiga, ehe...
Nafas rostlash uchun g‘uj bo‘lib o‘sgan yo‘lg‘un tagiga cho‘kkalarkanmiz, cho‘ponning shu yerlik tabib haqidagi hikoyasi bizni qiziqtirib qo‘ygan edi. Keksa cho‘pon qorniga eski chopondan «kiyim» tikib kiydirilgan suv idishidan bir ho‘pladi va qo‘shib qo‘ydi:
– Bultur sariq kasaldan o‘ldi, bechora. Payg‘ambar yoshida ketdi, odamlar dardi bilan yashab o‘ziga e’tiborsiz bo‘ldi...
Hammamiz ajablanib bir-birimizga qarab oldik.
Tazarru
Uning ko‘zlari jiqqa yosh edi. Akasining yelkasidan quchib, pichirladi:
– Kechir, aka, o‘sha ablah men edim! O‘zim o‘zimni kechirolmasam ham sen kechir. Tunda uyingga o‘g‘rincha kirgan men edim, men!.. Aslida bunday qilmoqchi emasdim... Menga faqat pullaring kerak edi. Lekin nima qilay, o‘zing menga tashlanding. Atrof qorong‘i... va qo‘limda pichoqdan bo‘lak hech vaqo yo‘q edi... Bu o‘rtamizda qoladi-ya, to‘g‘rimi? Bari sir bo‘lib qolsa maylimi?
Shu payt orqadan vazmin ovoz eshitildi:
– Mayitni joyiga qo‘ying, inim. Jigaringizga Allohning hukmi shahidlik ekan...
U
Maktab davrimizda ko‘pchilik o‘qituvchilar bizni o‘rtoq deb o‘ylashardi. Adashishardi! Aslida shunchaki uyi maktabimiz yo‘li ustida bo‘lgani bois uni har kuni chaqirib borardim. Keyin maktabga birga ketardik.
Kechikkan vaqtlarim u arazlardi, bunday paytlarda esa uyimdan novvot, yong‘oq, mayiz kabi narsalar olib borardim. Bugungi kun bolasiga bu kulgili tuyulsa ne ajab, lekin, rost, shunday qilardim. Hatto, enam qishda yeyishimiz uchun qog‘ozga o‘rab saqlab qo‘ygan bir yashik olmani bekitiqcha tashib unga yedirib yuborganim, oqibatda uydan quvilishimga oz qolgani hech esimdan chiqmaydi. Bir safar matematika o‘qituvchisi qulog‘imdan cho‘zganida u mening o‘rnimga rosayam yig‘lagan...
Oliy o‘quv yurtida esa ko‘pchilik kursdoshlar bizni sevishganlar deb o‘ylashardi. Adashishardi! Aslida shunchaki hamqishlog‘im bo‘lgani bois hamisha yonini olib, yomon qaragan yigitlar bilan urishib yurardim, xolos. Evaziga u konspektlarimni yozib berar, insof bilan aytganda, darslarimning teng yarmini bajarardi. Pulim ko‘payib qolsa, biz birga muzqaymoq yerdik, kinoga tushardik. O‘sha vaqtlar endigina tanilgan Mitxun Chakrabortining mashhur filmlarini ham kinozalning katta ekranida birgalashib ko‘rganmiz! Qishloqqa borganimizda uning enasi meni chekkaga tortib so‘rardi: «Eslikkina qiz bo‘lib yuribdimi? Yigitlar bilan gaplashmayaptimi? Sen unga akasan, qarab yur...» Keyin bilsam, mening enam ham undan so‘rarkan: «Ulim biror shaharlik qizga elakishgan yo‘qmi? Chekmayaptimi? Singilsan-a, qarab yurgin. Shaharda adashib-netib qolmasin, bolam bechora...»
E, vo-oh! Hozir esa ko‘pchilik meni undan qo‘rqsa kerak, deb o‘ylashadi! A-da-shi-sha-di! Aslida men shunchaki... Yo‘q, nima qilay, sal qattiq gapiray desam yoshlikda birga o‘tgan shirin va beg‘ubor xotiralarimiz yodimga tushib ketaversa, kamiga ikki bola kelib ikki oyog‘imga yopishsa! Shuning uchun... Shuning uchun uni hech «onasi» deb chaqirmayman-da, «onajonisi» deyman, «onajonisi»!..
So‘nggi roz
O‘lim ostonasidagi erkakning ko‘zlarida yosh mildirar, nafasi xirillab, zo‘rg‘a chiqmoqda edi. U so‘nggi quvvatini jamlab yuzidagi terni artib qo‘ymoqchi bo‘lgan xotinining kaftini g‘ayritabiiy tarzda tutib qoldi.
– Hammasi uchun... kechir, meni... Aslida, seni qattiq... sevar edim! – deb aytdi, xotiniga ilk bor rost gapirib.
Ayol ma’yus jilmaydi va erining sovuqlasha boshlagan qo‘lini kaftlariga oldi.
– Men ham, jonim!.. Men ham! − dedi oxirgi marta aldab.
Bayram ALI


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter