Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tirmizakning ahvoli (hajviya)

Tirmizakning ahvoli (hajviya)

Muhandis Oqilovni boshqarma boshlig‘i huzuriga chaqirtirishdi.

Qabulida yosh yigitchani ko‘rgan boshliq uning salomiga ham e’tibor bermay pisanda qildi:

– Bo‘lim boshlig‘ingiz bilan nega chiqisholmayapsiz?

– Meni ish bilan yetarli ta’minlamagani uchun.

– Xizmat vazifangizda nima ish qilishingiz ko‘rsatilgan.

– Albatta, lekin bu ishni qilish uchun yarim soat kifoya.

– Ishingizni yarim soatda bajarib, marhamat, qolgan vaqtda o‘z ustingizda ishlang.

– Shunday qildim.

– Xo‘sh?

– Bo‘limda ish olib borayotgan olti kishining ishini bir kishi bemalol bajarishi mumkinligini aniqladim.

– Qisqartirishni taklif etmoqchimisiz?

– Nafaqat bizning bo‘limda...

– Xo‘sh?

– Hisobxonada o‘n ikkita xotin-qiz ertadan kechgacha asosan laqillab o‘tirishadi. Ularga bir yilda million so‘mdan ziyod maosh to‘lanarkan. Shuncha mablag‘ning choragiga elektron-hisoblash mashinasi olinsa, o‘sha o‘n ikkita cho‘t tashlovchini bitta yaxshi mutaxassisga almashtirish mumkin bo‘ladi.

– Yana sizda qanday takliflar bor?

– Yanami? Yana, masalan sizning ishingizni olsak…

– Mening ishim?.. Bo‘ldi yetar. Takliflaringizni o‘rganib chiqqanmiz. Bo‘limingizda qisqartirish bo‘ladi. Eng yosh va bo‘limga yangi qabul qilinganingiz uchun ishdan siz qisqarasiz. Boring, ruxsat sizga.

Mening ishimni olarmish, tirmizak...

Xurshid Nurullayev

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring