Jizzaxga yopirilgan sel... (2-video)

Bugun, 20 aprel kuni O‘zbekistonning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchiliklar sabab sel kelgani, jumladan Jizzaxda katta sel hodisasi kuzatilgani haqida video va fotolar taqdim qilgan edik.
«Xabar.uz»ga kelib tushgan navbatdagi videolarga ko‘ra, sel Jizzaxda xalqaro ahamiyatga ega «Toshkent-Termiz» M-39 avtomobil yo‘liga ham toshib chiqqan.
Hodisa guvohlarining aytishicha, avtomobil yo‘lida ayrim mashinalar suvda qolib ketgan, harakat og‘irlashgan.
Shuningdek, suv toshqini Jizzax shahriga ham kirib borgani, shaharning asosiy bozori hududini suv bosgani ma’lum qilinmoqda.
FVVning rasmiy xabariga ko‘ra, bugun, 20-aprel kuni kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, G‘allaorol va Sh.Rashidov tumanlarida sel oqimlari yuzaga kelgan.
Natijada ayrim aholi yashash joylari, ijtimoiy soha obektlari, ekin maydonlari seldan zararlandi.
Ayni paytda Baxmal tumanining Nurafshon MFY, Gulobod qishlog‘i, G‘allaorol tumanining Moltob QFY Moltob qishlog‘i, Sh.Rashidov tumani Kuyovboshi MFY hamda Forish tumani Egizbuloq MFYlarida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi organlari kuch va vositalari tomonidan yog‘ingarchilik oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
«Hodisa oqibatida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q», deyiladi rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, «O‘zgidromet» avvalroq kuchli yomg‘irlar sabab sel kelishidan ogohlantirgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter