Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

PPX xodimini yosh qizga shilqimlikda ayblagan ohangaronlik yigitlar 7 sutkaga qamaldi

PPX xodimini yosh qizga shilqimlikda ayblagan ohangaronlik yigitlar 7 sutkaga qamaldi

Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlar orqali Ohangaron shahrida yashovchi o‘smirlar PPX xodimi 14 yoshli qizni dugonasi bilan birga tog‘li hududga olib borib, ularga shilqimlik qilganini aytib murojaat bilan chiqqan edi. Shu kunning o‘zidayoq IIV Jamoat xavfsizligi departamenti mazkur holat yuzasidan tekshiruv boshlanganini bildirgan.

«Nashrlarda tilga olingan xodim lavozimidan chetlashtirildi. Agar da’vo qilingan harakatlar tasdiqlansa, ularning harakatlari qat’iy qonuniy choralar, jumladan, jinoiy javobgarlikka tortiladi», – deyilgan IIV JXD matbuot xizmati xabarida, biroq xodimning aynan qaysi qilmishi uchun lavozimidan olinganiga aniqlik kiritilmagan.

Bugun, 2-may kuni Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati yuqorida aytilgan xodimni shilqimlikda ayblagan 18 yoshli yigit va uning 2 nafar tengdoshi MJtKning 183, 194 va 195-moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahar sudi qarori bilan 7 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilinganini ma’lum qildi. 

«U hodisa ishtirokchilari va guvohlarning ko‘rsatmalari hamda holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruvlar davomida o‘zining barcha qilmishlarini tan olgan», – deydi viloyat IIBB matbuot kotibi Bobur To‘laganov.

«IIB xodimining mashinasida, men qarindoshim degan, aslida esa menga qarindosh bo‘lmagan yana bir qiz ham  bo‘lgan. 27-28 aprel kunlari PPX xodimi o‘zining mashinasida voyaga yetmagan qiz bolani olib ketgani haqida video joylaganman va uni pedofillikda ayblaganman.

Endi tushunib yetdimki, men bu holatda nohaq ekanman. Bu uchun uzr so‘rayman», – deydi A. ismli yigit.

Shuningdek, ushbu yigit IIB binosiga chaqirtirilganda xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan bino hududida janjal ko‘targanlikda ham ayblanmoqda.

Bundan tashqari, yigitga nisbatan IIB xodimlarini qasddan obro‘sizlantirish, internet orqali yolg‘on axborot tarqatish hamda guruh bo‘lib transport vositasiga shikast yetkazish holatlari yuzasidan vakolatli organlar tomonidan tegrov harakatlari ham olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring