«Sardoba» suv ombori dambasidan suv chiqishi kamaygan – FVV qo‘shimcha ma’lumot berdi
Xabaringiz bor, joriy yilning 1-may kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba» suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Natijada Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan edi.
Mazkur vaziyat oqibatlarini bartaraf etish, evakuatsiya tadbirlarini tashkillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida, voqea joyiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yetib borgan.
FVVning qo‘shimcha ma’lumot berishicha, Do‘stlik, Paxtakor, Zarbdor va Mirzacho‘l tumanlarida tashkil etilgan maxsus shtablar tomonidan maktab, kollej, xususiy korxonalar va aholi xonadonlariga fuqarolarni joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, Mirzaobod tumanidagi «Navbahor», «Haqiqat» va «Bahoriston» MFYlari aholi yashash punktlariga qisman suv kirgan. Aholi ushbu tumandagi kasb-hunar kolleji, Safarbarlik chaqiruv rezervi bo‘yicha harbiy qism va kasalxonaga evakuatsiya qilindi. Evakuatsiya tadbirlari Jizzax shahriga ham tashkillashtirildi. Xususan, Oqoltin tumanidagi «Ahillik», «Shodlik», «Saxovat», «Navoiy», «Do‘stlik», «Ko‘rkamdiyor», «Toshkent», «Yangihayot», «Obod» va «Mustahkam» MFYlarining aholisi Jizzax viloyati Gagarin shaharchasiga vaqtinchalik ko‘chirildi. Unda aholi uchun 6000 dona niqob, 80 dona antiseptik vosita, 200 juft bir martalik qo‘lqoplar va boshqa tibbiyot vositalari tarqatildi.
Bundan tashqari, Sardoba shaharchasidagi aholini ham Jizzax viloyati Gagarin aholi yashash punktiga evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Mirzaobod tumanidagi «Beruniy», «Paxtaobod», «Baliqchi», «Haqiqat», «Bahoriston», «Yangiovul» va «Do‘ngariq» MFYlari aholisi suv toshish xavfi bo‘lgani uchun Yangiyer shahriga evakuatsiya qilinmoqda.
Toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy ko‘liga yo‘naltirilgan.
Hozirda dambadan suv chiqishi kamaygan.
Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter