Toshkentda 3-sinf o‘quvchisi zo‘ravonlikka uchrab, shifoxonaga tushdi
Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchisi og‘ir holatda shifoxonaga tushganligi to‘g‘risida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani bayonot berdi.
Joriy yilning 2-sentyabr kuni Toshkent shahar Yashnobod tumanida joylashgan maktabning 3-sinf o‘quvchisi voyaga yetmagan T.M ga yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan tahdid qilinib, uning qarshilik ko‘rsatishiga qaramasdan kuch bilan og‘ziga noma’lum jism solishgan, bola uni yutib yuborgan.
Natijada, 5-sentyabr kuni T.M ning sog‘lig‘i yomonlashib, qorin qismida kuchli og‘riq bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar tekshiruvida ichki organlar qismida noma’lum yot jism borligi aniqlanib, shoshilinch operatsiya yo‘li orqali u olib tashlangan.
Bugungi kunda bolaning ahvoli qoniqarli holatda bo‘lib, unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani bolaning buzilgan huquqlari tiklanishi, ta’lim muassasalarida bolalar xavfsizligini ta’minlanishi nuqtai nazaridan holat bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettirishini bildirdi.
Jumladan, Bolalar ombudsmani kotibiyati xodimlari vaziyatni joyiga chiqqan holda o‘rganmoqdalar. Bu borada qo‘shimcha tarzda axborot taqdim etiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter