Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkmaniston chegarachilari Kaspiy dengizida eronlik ikki baliqchini otib qo‘ydi

Turkmaniston chegarachilari Kaspiy dengizida eronlik ikki baliqchini otib qo‘ydi

Foto: «Kaspika»

Eron rasmiylarining bayonotiga ko‘ra, 21-mart kuni tunda Turkmaniston chegara xizmati vakillari Kaspiy dengizida turkman hududiga o‘tgani uchun o‘t ochib eronlik ikki baliqchini o‘ldirdi va yana ikki nafarini qo‘lga oldi.

Eronning Bandar-Turkman shahri rahbari Ilyos Xivachining «IRNA» davlat axborot agentligiga ma’lum qilishicha, hibsga olinganlar  va o‘ldirilgan baliqchilarning jasadlari Turkmaniston hududida qolmoqda. Uning aytishicha, to‘rt nafar baliqchining hammasi Bandar-Turkman shahrida istiqomat qilgan.

Xabarlarga qaraganda, ogohlantirishlarga qaramay baliqchilar, chegara hududlarida baliq tuta boshlagan. Chegarachilardan biri o‘t ochganidan so‘ng baliqchilardan biri o‘sha zahoti halok bo‘lgan, jarohat olgan ikkinchisi esa keyinroq vafot etgan. «Eron rasmiylari turkman chegarachilarining xatti-harakatlari noto‘g‘ri bo‘lganini aytishmoqda», — deya ta’kidlaydi «IRNA» agentligi.

Agentlikning ta’kidlashicha, Kaspiy dengizida eronlik baliqchilar, jumladan Bandar-Turkman viloyatining aholisi ishtirokida shunga o‘xshash hodisalar avval ham yuz berib turgan. Bir necha yil davomida turkman chegarchilari Eron baliqchilariga nisbatan bir necha bor qurol ishlatgan.

Turkmaniston rasmiylari eronlik baliqchilarning Kaspiy dengizida o‘ldirilishi yuzasidan izoh bermadi.

Kaspiy maqomi hamon belgilanmagan, shu sababli dengizning hududiy bo‘linishi bahsli bo‘lib qolmoqda va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida majorolarga, jumladan baliq tutish masalasida nizolarga sabab bo‘layapti.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring