Uchtepa tumanida ko‘cha janjali: jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchi va bir nechta fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelgan janjal aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan poytaxt IIBB quyidagilarni ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 9 fevral kuni Uchtepa tumani Yusuf Sakkokiy mahallasi hududida 2001 yilda tug‘ilgan “Isuzu” rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi N.A. (yo‘lovchisi — 2005 yilda tug‘ilgan X.N.) hamda fuqarolar — 1993 yilda tug‘ilgan S.S., 1990 yilda tug‘ilgan O.S., 2006 yilda tug‘ilgan S.A. va 2008 yilda tug‘ilgan A.A. o‘rtasida tortishuv yuzaga kelib, u o‘zaro janjalga aylangan.
Janjal vaqtida yuk avtomashinasining yo‘lovchisi X.N. temir jism bilan fuqaro O.S.ning bosh qismiga urib, unga tan jarohati yetkazgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani Ichki ishlar organlari Faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘limi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter