Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yosh onaning xaloskori FVBga ishga taklif qilindi. Baxtga qarshi, u Rossiyaga ishlashga jo‘nab ketgan ekan

Yosh onaning xaloskori FVBga ishga taklif qilindi. Baxtga qarshi, u Rossiyaga ishlashga jo‘nab ketgan ekan

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda suvga cho‘kayotgan yosh onani qutqarib qolgan bog‘otlik Yoqubboy Do‘smetov jasorati haqida «Xabar.uz»da maqola e’lon qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, 21 yoshli Yoqubboy Do‘smetov eni salkam 70 metr bo‘lgan suvi shitob bilan oqayotgan kanalga yosh onani qutqarish uchun o‘zini tashlaydi. Kanalning o‘rtarog‘iga suzib borgunicha ayol goh cho‘kib, goh suv yuziga qalqib chiqardi. Yigit uning kiyimidan mahkam ushlagancha qirg‘oqqa bazo‘r olib chiqadi...

***

Kecha, 10 yanvar kuni viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulsara Qurbanbayeva hamda Bog‘ot tumani hokimi Oybek Xolboyevlar xaloskor yigit o‘sib-ulg‘aygan xonadonga tashrif buyurishdi.

Baxtga qarshi, Yoqubboy ota-onasi bilan Rossiyaga ishga jo‘nab ketgan ekan. Mutasaddilar minnatdorlik so‘zlari yozilgan tashakkurnoma va sovg‘alarni Yo.Do‘smetovning akasi Komiljonga topshirarkan, bunday dovyurak yigitlar bilan faxrlanishini aytishib, ularning boshqalarga o‘rnak bo‘lishini ta’kidlashdi.

Aynan shu kuni Xorazm viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Shodlik Hasanov ham Do‘smetovlar xonadoniga kelib, boshqarma boshlig‘i tashakkurnomasi va sovg‘alarni taqdim qildi.

Foto: «Xabar.uz»

Sh.Hasanov xonadon yaqinlari bilan qilgan suhbatda agar Yoqubboy xohlasa, rahbariyat uni FVBga ishga olishga tayyor ekanini ochiqlagan.

Yo.Do‘smetovning jasoratiga Yoshlar ittifoqi Xorazm viloyat bo‘limi yoxud Bog‘ot tumani bo‘limi mutasaddilari tomonidan haligacha biror bir munosabat bildirilmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring