Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi yil kechasidagi noxush voqea ortidan bir necha kishi qamoqqa olindi — IIV (video)

Yangi yil kechasidagi noxush voqea ortidan bir necha kishi qamoqqa olindi — IIV (video)

Toshkent shahrida joylashgan «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida 1 yanvar kuni qo‘lbola o‘t o‘chirish moslamasini yoqib, uning portlashi natijasida odamlar jarohatlangani haqida xabar qilingandi. 

Holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. 

Ichki ishlar vaziri matbuot xizmati holat yuzasidan olib borilayotgan tergov jarayoni haqida ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, portlash moslamasini tayyorlashda turli kimyoviy moddalar va yengil avtomobilning ehtiyot qismlaridan foydalanilgan. Bu usulni bir necha yildan beri qo‘llab kelayotgan traktor haydovchisi o‘rgatgan.

«Mashinalar orasidan o‘tib, yo‘lning o‘rtasidagi bordyorga qo‘ydik. Men o‘zim yoqdim. Yoqqanimdan keyin 10 sekundmi, 15 sekunddan keyin portladi. Voqea joyida 2 daqiqacha turganimdan keyin u yerdan ketdim. Uyga borib, telefonimni o‘ynab o‘tirsam, ikki bola jarohatlangani haqida video kelib qoldi», — deydi hodisa tashkilotchilaridan biri.

Portlash oqibatida M.S. (1997 yilda tug‘ilgan) qorin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, M.A. (1999 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq boldir, tovon sohalari yirtilgan jarohati hamda X.N. (2006 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq panja qismi yirtilgan, majaqlangan jarohati, oyoq barmoqlari noto‘liq amputatsiyasi tashxisi bilan turli ko‘rinishdagi tan jarohati olgan.

Olib borilayotgan tergov-tezkor harakatlari davomida mazkur hodisaga aloqador bo‘lgan 13 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. 5 nafari ma’muriy tartibda qamoqqa olingan, yana 5 nafari ma’muriy jarimaga tortilgan.

Aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 250-moddasi «b» (portlash xavfi bo‘lgan moddalar yoki pirotexnika buyumlaridan foydalanish qoidalarini buzish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur moddaga asosan aybdor shaxslar 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring