“Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘li: “O‘sha paytda xomxayollar bilan yashaganman”
Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Qudratullayev Baxtiyor Zafarovich 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Hozirda uning o‘g‘li — Bekzod Zafarov ham jazo muddatini o‘tamoqda.
IIV u bilan suhbatni e’lon qildi.
“O‘sha paytda otamning yo‘nalishlarini ushlayman, degan xomxayollar bilan yashaganman. Endi esa tushundim — bularning barchasi katta xato ekan. Koloniyaga kelganimga bir yil bo‘ldi. Xo‘jalik ishlarida, qurilishda va ishlab chiqarish korxonasida, mebel sexida ishlayapman. Bu yerda kim bo‘lishingdan qat’i nazar, hamma uchun qonun bitta.
Jinoyat olamiga havas qilishning hech qanday foydasi yo‘q. Odam el-yurtga, ota-onaga, mahallaga foydasi tegadigan inson bo‘lishi kerakligini shu yerda angladim.
Oila va farzand sog‘inchi to‘rt devor orasida yanada kuchli his etiladi. Qamoqqa tushgach, inson nima yo‘qotganini tushunadi. Farzandlarimning “Dada, tezroq keling” degan so‘zlari hali-hanuz qulog‘imda jaranglaydi.
Oila — muqaddas. Bu ajralishga insonning o‘zi sababchi ekan. Hozir aybni o‘zimdan boshqada qidirmayman. Har bir qilmish uchun javob bor. Qonunni bilib, unga amal qilish har bir fuqaroning burchi ekan”, deydi mahbus.
Zafarov Bekzod Baxtiyor o‘g‘li O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “V” bandi hamda 168-moddasi 4-qismi “V” bandiga asosan aybli deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
“Men qilgan ishimdan chin dildan pushaymonman. Yoshlarga maslahatim — ota-onaning duosini olib, halol mehnat qilib, kasb-hunar o‘rganib, jamiyatga foyda keltiradigan inson bo‘ling”, qo‘shimcha qiladi u.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter