Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIB xodimini 1,7 kilometrga «sudragan» haydovchiga jazo tayinlandi

IIB xodimini 1,7 kilometrga «sudragan» haydovchiga jazo tayinlandi

Illyustrativ foto

Marg‘ilon shahrida xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko‘rsatib, tan jarohati yetkazgan shaxs ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar bermoqda «O‘zA».

2018-yil 26-sentyabr kuni erta soat 9:00 larda Marg‘ilon shahridagi B.Marg‘iloniy va Mustaqillik ko‘chalari kesishgan chorrahada «Matiz» rusumli 40 O 850 OA davlat raqam belgili transport vositasi yo‘l o‘rtasida to‘xtab, yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga halaqit bergan. Shu yerda xizmat olib borayotgan viloyat IIB patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasining 1-batalon 1-otryad safdor xodimi M.Maxsitaliyev avtomashina haydovchisi A. Nishonovga o‘zini tanishtirib, unga belgilanmagan joyga avtomashina to‘xtatganligini ma’lum qilib, undan avtomashinani harakatning boshqa ishtirokchilariga halaqit bermaydigan joyga olishni talab qilganida A.Nishonov uning qonuniy talablariga bo‘ysunmagan.

Shundan keyin M.Maxsitaliyev A.Nishonovdan shaxsini tasdiqlovchi va transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni taqdim etishni talab qilganida u hujjatlarni taqdim etmagan. Safdor xodim M.Maxsitaliyev o‘zining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan A.Nishonovga chora ko‘rish uchun shu joyda xizmat olib borayotgan IIB YXXB xodimini aloqa vositasi (ratsiya) orqali yordamga chaqirganida A.Nishonov xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimiga faol qarshilik ko‘rsatadi. Avtomashinani IIB xodimiga qarata boshqarib, uni avtomashinani old qismi bilan urib, avtomashina kapotiga yotib qolgan M.Maxsitaliyevni tushirib yuborish maqsadida avtomashinani xavfli usulda boshqarib, xodimni yo‘lning qatnov qismi bo‘ylab 1,7 kilometrga «sudrab borgan». Natijada M.Maxsitaliyev yo‘l chetiga yiqilib, jarahat olgan.

A.Nishonov o‘zining yuqoridagi qilmishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan, deb topildi.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi raisi M. Ibragimov tomonidan ko‘rib chiqildi. Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi A. Nishonovga tegishli jazo tayinladi. Jinoyat sodir etishda foydalanilgan transport vositasi jinoyat sodir etish quroli deb topilib, musodara qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring