Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jizzaxcha tenderlar-2. Oilaviy pudrat, bir necha yuz milliardlik davlat buyurtmalari

Jizzaxcha tenderlar-2. Oilaviy pudrat, bir necha yuz milliardlik davlat buyurtmalari

Foto: Xabar.uz

Kuni kecha tarmoqda Jizzax viloyati hokimi farmoyishi va uni bajarish viloyat rahbari qiziga tegishli korxonaga yuklatilgani bilan bog‘liq xabarlar tarqalgandi.

Ko‘p o‘tmay, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur voqea yuzasidan bayonot berdi. 

Telegramdagi «davletovuz» kanali Jizzaxdagi tenderlar bilan bog‘liq yangi tafsilotlarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rahmonqulov Akram Baxritdinovich Jizzax viloyati Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan ijtimoiy va boshqa soha ob’yektlarini qurish yuzasidan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladigan tender va tanlovlarning aksariyatida komissiya raisi sifatida vakolatli shaxs bo‘lgan.

Bloger Jizzax viloyatida ijtimoiy va boshqa sohalarga, qurilishlarga oid ochiq ma’lumotlar asosida o‘tkazgan surishtiruvlariga tayanib, viloyat hokimi o‘rinbosari Akram Raxmonqulovning qarindoshlariga taalluqli bo‘lgan xususiy kompaniyalar aksariyat davlat buyurtmalarini o‘zaro «taqsimlab olgan» bo‘lishi mumkinligini qayd etmoqda.

«Bu davlat buyurtmalari qiymati bir necha yuz milliard so‘mni tashkil qiladi. Familiya, ism va shariflarni qarab chiqsangiz bo‘ldi», deb yozadi bloger.

  1. Raxmonqulov Akbar Baxriddinovich 100% ulushiga egalik qiladigan hamda Raxmonqulov Alisher Baxriddinovich rahbarlik qiladigan J-Quruvchi MChJ, bizning xomcho‘tlarimizga ko‘ra, 120 mlrd so‘mdan ortiq davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan. Bundan ko‘p ham bo‘lishi mumkin. Akbar Baxriddinovich Raxmonqulov, shuningdek, danakli va po‘choqli urug‘i bo‘lgan mevalar yetishtirish bilan shug‘ullanadigan «Qo‘nish Bobo Maxsus Bog‘lari» MChJ, betondan qurilish uchun buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan «Zenatkor Temir Beton Buyumlari» MChJ (Bu korxonaga Raxmonqulov Adham Baxriddinovich rahbarlik qiladi)ning to‘liq ta’sischisidir.
  2. Baxriddinov Shuxratjon Akramovich to‘lig‘icha ta’sischi bo‘lgan «Qurilish Ta’minoti» MChJ ham, bizning hisob-kitobimizga ko‘ra, kamida 80 mlrd so‘mlik davlat buyurtmalarini tender, tanlov asosida «yutib olgan». Shuxratjon Baxriddinov, shu bilan birga, 1997 yildan beri ishlab keladigan «Kamol» xususiy korxonasi egasi hamdir. Bu kompaniya ham viloyatda katta qurilishlardagi ishtiroki bilan ko‘pchilikka yaxshi tanish.
  3. Toshpulatov Ixtiyor Baxtiyorovich to‘liq ta’sischisi bo‘lgan «Abduvohid Qurilish Ta’mir» MChJ ham Jizzax viloyatida anchagina davlat buyurtmalarini olgan. Ochiq ma’lumotlar asosida o‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, ushbu kompaniya 61 mlrd so‘mga yaqin davlat buyurtmalarini tender, tanlov hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri (manzilli dasturlar asosida) qo‘lga kiritgan. Bizga ma’lum bo‘lishicha, Toshpulatov Ixtiyor Baxtiyorovich ham ona tarafdan Raxmonqulovlarga qarindosh bo‘lishi mumkin ekan.
  4. Raxmonqulov Alisher Baxriddinovich to‘liq egalik qiladigan «Jizzax Savdo Lyuks» MChJ yashashga yaroqsiz joylarni ijaraga berish va boshqarish bilan, uning yana bir kompaniyasi — «Ravon Yo‘l Invest» MChJ esa toshni kesish, unga ishlov berish va pardozlash bilan shug‘ullanadi. Ya’ni bu oilaga tegishli aksariyat korxonalar qurilish, qurilish materiallari va uy-joy sohasiga bevosita va bilvosita aloqadordir.

Yuqorida qayd etilganidek, qurilish bo‘yicha ayrim tenderlarda Raxmonqulov Akram Baxritdinovich tender komissiyasi raisi bo‘lgan. Boz ustiga, o‘zaro afillangan kompaniyalar bitta tenderda ishtirok etgan holatlar ham mavjud. Masalan, 21 mlrd so‘mlik tenderda faqat «Abduvohid Qurilish Ta’mir» MChJ va «Qurilish Ta’minoti» MChJ ishtirok etgan.

«Yana bir masala. Viloyat bo‘yicha tasdiqlangan manzilli qurilish dasturlari (bir nechta)da yuqoridagi kompaniyalar allaqachon ijrochi sifatida ham ko‘rsatib o‘tilgan holatlar ham mavjud.

Qurilish buyurtmalarida bevosita ishtirok etmasa-da, «Zenatkor Temir Beton Buyumlari» MChJ hamda «Ravon Yo‘l Invest» MChJ davlat budjetidan qurilayotgan inshootlarda ta’minotchilar sifatida ishtirok etayotgan bo‘lishi mumkin. Bu nazariy taxmin. Buni faqat nazorat organlari tekshiruvi orqali aniqlashi mumkin, agar shunga xohish bo‘lsa, albatta. 

Ma’lumotlar ochiq manbalardan olindi. Quyidagi jadvalda keltirilgan raqamlar lotlardagi takrorlar va barcha davlat buyurtmalarini to‘liq o‘rganish imkoni bo‘lmagani sababli ko‘p yoki oz bo‘lishi mumkin», deyiladi surishtiruvda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring