Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Olx.uz»ga uya qurgan firibgar

«Olx.uz»ga uya qurgan firibgar

Foto: «ticbeat.com»

Hozirgi kunda ko‘pchilik xizmatlar yuzasidan «Olx.uz» saytiga murojaat qiladi. Zero, bu makondan istalgan xizmat ko‘rsatuvchilarni topish mumkin.

Uyini ta’mirlatish maqsadida bo‘lgan Yelena ham ushbu saytga kirib, «arzon» usta topadi. U bilan qo‘ng‘iroqlashib, uchrashishga kelishib oladi. Yelena Kazakovaning Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan ko‘p qavatli uydagi xonadoniga kelgan usta xonadonni ko‘zdan kechirib, qurilish mollari va xizmat haqi 1 ming 840 dollar bo‘lishini aytadi. Ayol unga aytilgan pulni berib yuboradi.

Saytga kirgan Bahodir Nabiyev ham aynan shu «arzon» ustaga qo‘ng‘iroq qiladi. Chilonzordagi «Makro» supermarketiga yetib kelgan usta shu yerda joylashgan bolalar o‘yingohini ta’mirlab berish uchun 450 dollar so‘raydi. Qurilish mollari uchun 300 dollarni olib ketadi.

Saytga tashrif buyurgan yana bir foydalanuvchi Gulnoza Karimovaning e’tiborini ham aynan shu usta tortadi. Bu ayol bilan Chilonzordagi «Ilon-ota» jome’ masjidi yaqinida ko‘rishgan usta xonadonini ta’mirlab berish uchun uning 5 million 755 ming pulini oladi...

O‘zi oqib kelayotgan pullardan usta sarmast edi. E’lonini yanada e’tibor tortadigan, yanada ishonarli qilib yangilab borar, ammo olmoqning bermog‘i borligini unutayozgandi.

Ustadan darak bo‘lmagach, mijozlar uni qidirishga tushishi, ustidan tegishli joyga arz qilishini bilsa-da, o‘zini bilmaganga solib, bir amallab juftakni rostlash rejasini tuzayotgandi.

Ammo ko‘rilgan tezkor tadbir tufayli firibgarlikni kasb qilgan Laziz Xudoyberganovning qo‘llariga kishan taqildi.

— Sud jarayonida jabrlanuvchilar va guvohlar, ayblanuvining ko‘rsatmalari asosida sodir etilgan jinoyat o‘z isbotini topdi, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tumani sudi sudyasi Sarvar Oripov. — Asli Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi L.Xudoyberganov aldash yo‘li bilan o‘zgalarning ishonchiga kirish va uni suiiste’mol qilib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Sudlanuvchiga nisbatan jazo turi va muddatini belgilashda uning aybiga to‘liq iqrorligi va chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgani, muqaddam sudlanmaganiga e’tibor qaratildi. Ammo u mazkur jinoyatni g‘arazli va past niyatda sodir etgan.

Mazkur jinoyatni oqibatida yetkazilgan zararning qoplanishi ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llashni istisno etadi. Biroq sudlanuvchi olgan pullarini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan va ularni egalariga qaytarmagan.

Shu sababli sud L.Xudoyberganovga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash maqsadga muvofiq, deb topdi. Unga uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va yetkazilgan zararni to‘lashi sud hukmida o‘z aksini topdi.

Bu voqea «Olx.uz» saytiga e’lon joylashtirgan hamma ustalar ham shundayligini anglatmaydi, albatta. Bu bizga guruch kurmaksiz bo‘lmasligini yana bir bor isbotladi.

Hodisaning yana shunday tomoni borki, odamlar o‘z soddaligi, ishonuvchanligi bilan ko‘pincha firibgarlikka poydevor yaratadi. Asli usta bo‘lgan Lazizni ham shu narsa, ya’ni unga to‘liq ishonilib, pulni qo‘shqo‘llab tutqazganlari yo‘ldan ozdirdi. U ishlamay ham cho‘ntagi pul ko‘rgani tufayli shu yo‘lni qulay bildi. Mijozlar vaqtini qizg‘anmay usta bilan birga qurilish mollari sotib olishga borganida aldanmasdi, usta ham yo‘lda adashmasdi. Axir qars ikki qo‘ldan chiqadi.

Norgul Abduraimova,

«O‘zA» saytidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring