Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston Sudyalar klubi tashkil etilmoqda

O‘zbekiston Sudyalar klubi tashkil etilmoqda

Foto: «Top10a.ru»

Sudyalar oliy kengashi huzurida O‘zbekiston Sudyalar klubi tashkil etilmoqda. Bu haqda «Xabar.uz»ga Kengash matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, yangi tuzilma tashkil etish ishlari Prezidentning 2020-yil 7-dekabrdagi «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Sudyalar klubi moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llash yuzasidan so‘rovlarga tushuntirish berish vakolatiga ega bo‘lib, jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi. Klubning doimiy mas’ul a’zolari ko‘p yillik ish tajribasiga, chuqur bilim va yuksak obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan amaldagi va faxriy sudyalar orasidan shakllantiriladi.

Bugun bo‘lib o‘tgan Sudyalar oliy kengashining navbatdagi yig‘ilishida klubning nizomi tasdiqlandi. Shuningdek, klubga boshqaruvchi tayinlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Kengash qaroriga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudi sudyasi Xurshid Sodiqov O‘zbekiston Sudyalar klubi boshqaruvchisi etib tayinlandi.

Xurshid Sodiqov 1985-yilda tug‘ilgan. Huquqshunos. Faoliyati mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati sudida sud majlisi kotibi, bosh mutaxassisi, Oliy sudda katta maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i, Chinoz tumani ma’muriy sudi raisi vazifalarida ishlagan.

2021-yildan jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudi sudyasi. Rus va ingliz tillarini mukammal biladi. Shuningdek, axborot texnologiyalarini qo‘llashda ham yetarli malakaga ega.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring