Sayyor sudlar. Samara qanday?
Avvaliga ikki og‘iz jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudlarining joriy yilning o‘tgan to‘rt oylik faoliyati haqida gapirsak. Bu davrda ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 244 taga, ya’ni 38 foiz kamaydi. Shu davrda jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, shahar va tumanlar sudlari tomonidan 394 nafar shaxsga oid 336 ta jinoyat ishi nihoyasiga yetkazildi (ma’lumot uchun: o‘tgan yilning shu davrida 638 nafar shaxsga oid 476 ta ish ko‘rilgan).
Mavjud holatlar bo‘yicha 244 ta jinoyat ishi yuzasidan 299 nafar shaxs aybdor deb topilib, tegishli tartibda sud hukmlari chiqarildi. Shu bilan birga, 95 nafar shaxsga nisbatan yuritilgan 92 ta jinoyat ishi harakatdan tugatildi. Bu jarayonda 5 nafar shaxs aybsiz deb topildi va ularga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi.
Ayni paytda o‘zaro yarashilgani munosabati bilan 86 ta jinoyat ishi bo‘yicha 88 nafar shaxs jazo va javobgarlikdan ozod qilindi, ularga oid sud ishlari tugatildi. E’tiborlisi, 18 nafar shaxs sud zalidan ozodlikka chiqarildi.
Albatta, bu kabi ijobiy holatlarni bugungi kunda yurtimizdagi barcha sudlar faoliyatida ko‘rish mumkin. Bunday natijalar sud-huquq islohotlarining ijobiy hosilasi, albatta. Ayniqsa, o‘tkazilayotgan sayyor sudlarning samarasini alohida ta’kidlash joiz.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudlari tomonidan umumiy ishlarning uchdan biri, aniqrog‘i, 33,3 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilmoqda. Sayyor sud majlislari bevosita keng jamoatchilik ko‘z o‘ngida o‘tkazilayotgani ibrat maktabi bo‘layotganini yaqqol ko‘rinmoqda. Bunday ahamiyatli tadbirlar yurtimizda jinoyat va jinoyatchilikni kamaytirish omiliga aylanganini his etish qiyin emas. Bu mamlakatimiz odil sudlov tizimidagi ijobiy voqeliklarning muhim bir jihatidir.
Ikkinchi jihat jazolarni liberallashtirish, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq jazolarni keskin kamaytirish borasidagi amaliy ishlarda ko‘rinadi. Shu o‘rinda ilgari sudlar hukm yoki ajrim chiqarish payti jamoatchilik fikri, xohish-irodasiga befarq qarab kelganini ham aytib o‘tish lozim.
Endi bu bo‘shliq to‘ldirildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizdagi bir qator jamoat tashkilotlari, xususan, Yoshlar Ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, "Nuroniy" jamg‘armasi, ushbu tashkilotlarning joylardagi bo‘lim va bo‘linmalari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlariga sudlanayotgan shaxsni jinoyat yo‘liga qayta kirmasligi uchun kafillikka olish, shu asnoda oilasi bag‘rida qoldirilgan fuqarolarni qayta tarbiyalash vakolati berildi.
Ana shunday ezgu sa’y-harakatlar jinoiy qilmishlar kamayishiga sabab bo‘layotir.
Yurtimiz bo‘ylab sudlarning ommaviy sayyor qabullari odatiy tus oldi. Bunda Oliy sud raisidan tortib, uning o‘rinbosarlari, hay’at raislari va joylardagi sudyalargacha — barcha birdek faol va muntazam ishtirok etmoqda.
Natijada odamlarni qiynayotgan muammolar yechimi hamjihatlikda izlanmoqda va eng maqbul choralar topilmoqda. Qolaversa, sayyor qabullarda targ‘ibot va tashviqotga alohida e’tibor qaratilayotir. Aholi bilan yuzma-yuz uchrashuv va ochiq muloqotlar, ayniqsa, ommaviy axborot vosi¬talari bilan hamkorlik aloqalari tiklanayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.
Aksariyat yurtdoshlarimizning qalbi kechirimlilik va bag‘rikenglikka moyilligi kishini quvontiradi. Zero, bu olijanob tuyg‘ular har qanday insonni yangi ezgu amallarga, ibratli sa’y-harakatlarga undaydi.
Shu soha vakili sifatida ijobiy ishlarimizning mantiqiy natijasidan bir qadar qo¬niqishni his etamiz. Ammo bu hali kifoya ham emas. Yurtimiz yalpi tinch¬lik, osoyishtalik, hamjihatlik, hamkorlik, mehr-oqibat, iymon-e’¬tiqod makoni sifatida dunyoga dong taratmog‘i kerak. Buning amaldagi ifodasi barchamizning birgalikdagi ezgu sa’y-harakatlarimizga bog‘liq.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan keyingi paytda ko‘rib chiqilgan bir qator sud jarayonlari ko‘pchilik tugul, sud xodimlari yuragida ham yorqin iz qoldirdi, desak xato bo‘lmaydi. Ibratli tarafi shuki, bu jarayonlar ham bevosita keng jamoatchilik ko‘z o‘ngida, yurtdoshlarimizning faol ishtirokida o‘tdi.
Ko‘plar bu sud jarayonlaridan katta hayot sabog‘ini oldi. Ochiq va odil sudlovning tarbiyaviy kuchi fuqarolarimiz tomonidan qalban anglab yetildi.
Xususan, Shovot tumani Qiyot qishlog‘ida yashovchi qo‘shnilar, bir tomondan, Inoyat Navro‘zov va uning o‘g‘li Bekmurod Sobirov, ikkinchi tomondan, Egambergan Tojiyev va uchovlon farzandi o‘rtasida o‘tgan yilning yozida ro‘y bergan o‘zaro janjal E. Tojiyevning jarohat olishiga sabab bo‘lgan. U burun suyagi sinib, yengil jarohat olgan.
Qo‘shnilar orasida ro‘y bergan bu voqea tafsilotlarini sayyor sud majlisida muhokama etgan dastlabki bosqich sudi mazkur jinoiy mojaro uchun aybni ota-bola Navro‘zov va Sobirovlar zimmasiga yukladi. Sud tomonidan chiqarilgan hukmga ko‘ra, ayblanuvchilar muayyan muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga mahkum etildi.
Sudning bu hukmi mahkumlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Natijada sud jarayoni yana davom etdi. Jinoyat ishini appelyasiya tartibida ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi Shovot tumanida yuz bergan voqeada ota I. Navro‘zovning aybi yo‘q, degan xulosaga keldi.
Aniqlangan ishonchli fakt va dalillar ushbu xulosani tasdiqlash uchun yetarli bo‘ldi. Sud ajrimiga muvofiq, I. Navro‘zov to‘la oqlanib, o‘ziga yetkazilgan mulkiy hamda ma’naviy ziyonni qonuniy asoslarda qoplash huquqiga ega bo‘ldi.
Jinoiy qilmish aslida sodir etilmaganiga oid yana bir sud ajrimi muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi bo‘yicha sudlanib, 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va mazkur kodeksning shartli hukmga doir 72-moddasi asosida 1 yillik sinovga tortilgan urganchlik Hurmatbek Bobojonovga nisbatan ham chiqarildi.
Kassatsiya bosqich sudi H. Bobojonovni jinoiy qilmishdan xoli shaxs sifatida e’tirof etdi va oqlov ajrimini chiqardi.
Shunday sud jarayonlarida Jinoyat kodeksining kontrabandaga daxldor 246-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilgan bog‘otlik Xudoyor Nurullayevni ayblash yuzasidan ochilgan jinoyat ishi birinchi bosqich sudi tomonidan aybliligi hal etilmay turib harakatdan tugatildi.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida tamomila aybsiz fuqaroning og‘ir tan jarohati olishiga sababchi bo‘lgan, lekin jabrlanuvchi tarafning muruvvati sabab haydovchi Javlon Ismoilov, xalqimizning umumboyligini o‘zlashtirish, talon-toroj qilishga qaratilgan qilmishni sodir etganlikda gumonlangan xonqalik Bahodir Matkarimovning aybi esa, sudda ham e’tirof qilindi.
Biroq ishni dastlabki tarzda ko‘rib chiqqan hay’at bag‘rikenglik yo‘lini tanladi. J. Ismoilov — jabrlanuvchining qonuniy vakili yengillik berishni so‘ragani sababli, B. Matkarimov esa, yetkazilgan moddiy ziyonni qoplagani bois jinoyat qonunchiligining insonparvarlikka qaratilgan talab va taqozolari asosida jazodan ozod qilindi.
Bobir Umarov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Xorazm viloyati sudining raisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter