Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suddan burun «hukm»? Advokat Chirchiqdagi holatni tanqid ostiga oldi

Suddan burun «hukm»? Advokat Chirchiqdagi holatni tanqid ostiga oldi

Foto: Videolavhadan skrinshot

Ikki hafta ilgari Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori — viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, oyog‘i yerga tekkizilmay «tiqib qo‘yilishi»  faol jamoatchilik o‘rtasida yaxshigina muhokamaga sabab bo‘lgandi. Bu muhokamalar hali to‘xtaganicha yo‘q.

Eng qizig‘i, ayni jarayonda prokuratura o‘zining tushunarsiz xatti-harakatlari bilan olovga moy sepmoqda. Masalan, bosh shifokor hisbga olingani shov-shuv bo‘layotgan paytda Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimovning veb-saytlarning biriga  bergan katta intervyusi  shundog‘am tinmayotgan suvni battar loyqalatdi. 

U tergov bosqichida bo‘lgan «bosh shifokor ishi» tafsilotlarini ochiqlab, suddan avval hukm chiqarib qo‘ydi, go‘yo... Taniqli advokat Usmonxon Salohiddinov Chirchiq shahar prokurorining qonun qarichiga ko‘pam to‘g‘ri kelmaydigan  mazkur xatti-harakati yuzasidan keskinroq chiqish qilishining boisi ham shunda. Unga ko‘ra: «...prokuror janoblari mazkur intervyusida amaldagi jinoyat protsessual qonunchilik talablariga zid ravishda, hali tergovoldi harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov ma’lumotlarini oshkor qilishi o‘z-o‘zidan savol tug‘diradi: Jinoyat ishi dastlabki bosqichda ekanini tan olgan prokuror ayblov sudda nafaqat tasdiqlanishi, balki dalillar rad etilishi ham mumkinligini bilmaydimi yoki bila turib, qonunga zid tarzda bo‘lsa-da jamoat fikrini shakllantirishni, shu orqali sudga ta’sir o‘tkazishni maqsad qilganmi?».

— E’tiborli jihati shundaki, — deya davom etadi advokat, — mamlakatda qonun himoyasi uchun mas’ul bo‘lgan bu amaldor o‘zi, o‘z intervyusi bilan, avvalo, amaldagi huquqiy madaniyat va prokuror etikasi talablarini juda qo‘pol ravishda buzgan. Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi («jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, u aybi aniqlanmaguncha aybdor hisoblanmaydi») hamda amaldagi JPKning 23-moddasi («Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi») talablarini ham mutlaqo mensimagan.

Zero, hali yakunlanmagan va sudda ko‘rib chiqilmagan jinoyat ishi bo‘yicha OAV orqali prokuror xulosasini aytishga, hatto guvohlarning ko‘rsatuvlariyu, yakunlanmagan hujjatli taftish yakunlarigacha oshkor qilishga uning mutlaqo haqqi yo‘q! Shunga qaramasdan, u o‘z intervyusida jinoyat ishi qachon va qanday qo‘zg‘atilganidan tortib, aniqlangan barcha holatlarga birma-bir to‘xtaladi va ularni ayblov pozitsiyasidan kelib chiqqan holda, go‘yo rad qilib bo‘lmas dalil-isbotlar sifatida talqin qiladi hamda ayblanuvchining bir bemor o‘limiga shak-shubhasiz sabab bo‘lgan hamda 250 mln. so‘mlik budjet mablag‘larini o‘zlashtirgan jinoyatchi ekani haqida uzil-kesil xulosa chiqaradi. Demak, prokuror o‘z maqsadlari yo‘lida qonun talablarini atay buzgan ko‘rinadi.

«...Sud-huquq sohasida uzoq tajribaga ega mutaxassis sifatida yana bir masalani aytishni xohlardim. G.Yo‘ldoshevaga e’lon qilingan dastlabki ayblar mavjud tasnif bo‘yicha nari borsa «uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar» turiga kirsa-da, unga nisbatan qamoqda saqlash turidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilishini ham o‘rinli deb bo‘lmaydi. Chunki O‘zbekistonda uy qamog‘i turidagi ehtiyot chorasi ham mavjud va uni aynan ayol sifatida G.Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘llash mumkin edi. Ammo na prokuror, na jurnalist bu masalaga e’tibor qaratishmagan. Ayniqsa jurnalistning intervyu davomida o‘zini xuddi prokuror yordamchisidek tutishi o‘quvchida bu suhbatning oldindan kelishilib, buyurtma asosida tayyorlangandek taassurot uyg‘otadi», deydi advokat.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasining sobiq bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva 8 sentyabr kuni hibsga olingan. 10 sentyabr kuni esa Bosh prokuratura matbuot xizmati ayblov to‘g‘risida ma’lumot berdi. G.Yo‘ldosheva 9 sentyabrdan beri hibsda saqlanmoqda. Shifokor olti farzandning onasi, kenjasi ikki yashar go‘dak ekani aytiladi.

«Advokathews.uz»ning alohida ta’kidlashiga ko‘ra, mazkur mavzuni yoritishdan murod ayblanuvchini oqlash, unga advokatlik qilish emas. Aksincha, yuqorida qayd etilgan intervyuda yaqqol ko‘zga tashlangan, aslida esa jamiyatimizda avvaldan mavjud va hanuz yechimini topmagan muammoga omma e’tiborini tortmoqchi bo‘lindi, xolos.

Gap aybsizlik prezumpsiyasiga rioya etish masalasiga borib taqalganini esa tushungan bo‘lsangiz kerak. Zero, u jamiyatimiz uchun hamon hassos mavzuligicha qolmoqda. Eng yomoni, fursat bo‘ldi deguncha OAV va jurnalistlarni aybsizlik prezumpsiyasini buzishda ayblashga urinadigan huquq-tartibot idoralari mansabdorlarining o‘zlari bu borada namuna bo‘la olishmayapti.

Aslida esa aybsizlik prezumpsiyasi jinoyat-sudlov protsessi tamoyili bo‘lib, faqat shu jarayongagina xos tushunchadir. Taniqli jurnalist va huquqshunos Karim Bahriyev ta’kidlaganidek, oddiy fuqaro va hatto jurnalistdan ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mansabdor shaxsining bu mazmundagi axborotidan fuqaroga ko‘proq zarar yetishi mumkin. Chunki bunday holatda u o‘z fikrini emas, davlat tomonidan berilgan vakolatlari doirasidagi rasmiy nuqtai nazarini ifodalayotgan bo‘ladi. Boshqacha aytganda, uning nuqtai nazari davlatning nuqtai nazari bo‘ladi, ya’ni uning fikrida masalaning huquqiy tomonlari hamda huquqiy oqibatlari namoyon bo‘ladi. Bundan kelib chiqadiki, mansabdor shaxs jinoyat sodir qilganlikda ayblanuvchi shaxs haqida fikr bildirayotganida u toki aybdorligi to‘g‘risida hukm chiqib, kuchga kirgunicha aybsiz hisoblanishini inobatga olishi lozim, ya’ni ayblanuvchini aybsiz «hisoblash»ga majburdir.

Darvoqe, eslatib o‘tish ortiqchalik qilmaydi. G. Yo‘ldosheva taxminan bir oy muqaddam Kun.uz saytiga intervyu berib, pandemiya sharoitida u boshchilik qilgan kasalxonaga kerakli tibbiy uskunalar ajratilmayotgani va rahbarligi ostida koronavirus bemorlarini o‘zi va oilasi hayotini xavf ostiga qo‘yib davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilmayotganini, og‘ir vaziyatda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan kerakli yordam berilmaganini aytgan edi.

Prokuror chiqishining ijtimoiy muhokama markaziga juda tez ko‘chishi sabablaridan biri ham shu.

Yana bir gap. Kuni kecha markaziy nashrlardan birining saytida «Oq xalat ostiga yashirilgan qora niyat. Yoxud bosh infeksionist nega qamoqqa olindi?» sarlavhali maqol chop etildi. Suddan avvalgi hukm tariqasida yozilgan ushbu maqola ko‘p o‘tmay saytdan o‘chirildi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring