Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tanzila Narbayeva BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi bilan uchrashdi

Tanzila Narbayeva BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi bilan uchrashdi

Foto: «Senat.uz»

2021-yil 6-iyul kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlikning xolati va istiqbollari muhokama kilindi.

Tomonlar so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar va o‘zaro muloqot yangi sifat darajasiga ko‘tarilganligini qayd etdilar.

Jumladan, mamlakatimizda BMT bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinyapti.

Uchrashuvda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida bajarilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Xususan, Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzilgani, Parlament va jamotchilik eshituvlari hamda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi tashkil etilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, joriy yil 23-24-iyun kunlari Buxoro shahrida «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik» mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiyani muhokama qilish va ishlab chiqish uchun muhim o‘rin egalladi. Unda Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir respublikamizda davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Uchrashuvda davlatimizda olib borilayotgan yoshlar siyosati, nogironlar huquqlarini himoya qilish konvensiyasining ijrosi, gender tenglikni ta’minlash masalasi muhokama qilinib, bu yo‘nalishda erishilgan yutuqlar, jumladan, O‘zbekistonda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangani qayd etildi.

Tomonlar hamkorlik va o‘zaro munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirib, o‘zaro manfaatli masalalar yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek tizimli muloqotni davom ettirishga, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring