Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh prokuratura vafot etgan xodimining oilasiga salkam 1 mlrd so‘m to‘lab beradi

Bosh prokuratura vafot etgan xodimining oilasiga salkam 1 mlrd so‘m to‘lab beradi

O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 33 yoshli xodimi Samir Rahmonov vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Marhumning otasi A’zamjon Rahmonov o‘g‘li xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda ish joyida vafot etganligi, to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandlari boquvchisiz qolsa-da, uning oilasiga qonunga asosan kafolatlangan nafaqa pullari to‘lab berilmayotgani uchun Bosh prokuraturani sudga bergandi. 

Dastlabki da’vo arizasi FIB Mirobod tumanlararo sudi tomonidan qanoatlantirishdan rad etilganidan so‘ng, marhumning otasi qonun ijrosi ta’minlanishi umidida qaror ustidan Toshkent shahar sudiga apellyasiya shikoyati kiritadi. 

Apellyasiya sudi FIB Mirbod tumanlararo sudining qarorini noqonuniy deb topib, uni bekor qilgan va yana qaytadan ko‘rish uchun ishni Mirobod sudiga yuboradi.

Ammo ayni ish qayta ko‘rilayotgan bir vaqtda A’zamjon Rahmonov ham vafot etadi.

Sudning 2022 yil 10 martdagi ajrimi bilan da’vogar A. Rahmonov vafot etganligi sababli uning javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan da’vo arizasi ish yurituvidan tugatilgan.

Sudning tashabbusi bilan da’vogar tomonidan mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan N. Rahmonova sudga javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan turmush o‘rtog‘ining ish joyida vafoti munosabati bilan voyaga yetmagan farzandlari va o‘zi uchun nafaqa, sug‘urta tovoni va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2022 yil 28 martdagi hal qiluv qaroriga asosan N. Rahmonovaning javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan boquvchisining vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma’naviy zararni qoplash haqidagi da’vo talablari qisman qanoatlantirilgan.

Javobgardan N. Rahmonova foydasiga 951 275 952 so‘m miqdorida biryo‘la to‘lanadigan nafaqa puli va 20 000 000 so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirilishi hamda davlat foydasiga 76 642 076 so‘m davlat boji to‘lanishi belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring