Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘rgak ko‘rmagan norasidalar

Yo‘rgak ko‘rmagan norasidalar

Foto: «rich-health.ru»

Demokratik mezonlar ustuvor sanalgan jamiyatda inson hayoti, sha’ni, qadr-qimmati muqaddas degan tamoyilga amal qilinadi. Insonning hayotiga daxl qiluvchi, sha’ni, qadr-qimmatini tahqirlovchi xatti-harakat sodir etganlarga nisbatan sud qonuniy va adolatli jazo tayinlaydi, jazoning muqarrarligini ta’minlaydi.

Ayanchli hodisa

Muqaddas Mamanova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ertalab ishga kelib, o‘zi­ga ajratilgan koridor va xonalarni yig‘ishtirdi, supurib-sidirdi. So‘ng har doimgidek tibbiy chiqindilarni yoqib yuborish uchun mufel pe­chi oldiga bordi-yu, dahshatdan bir zum qotib qoldi: pech ichidan olovda kuydirilgan chaqaloqning qo‘li ko‘rinib turardi...

Tug‘ruqxona hamshirasi qo‘­lidagi chiqindi solingan idishni shu yerda qoldirib, navbatchi shifokor huzuriga yugurdi. Q.Murodova voqea joyiga tezda yetib keldi. Tug‘ruq majmuasi bosh shifokoriga va ichki ishlar idorasiga qo‘ng‘iroq qilib, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarni yoqib yuborishga urinilganligi haqida ma’lumot berdi.

Kutilmagan sovuq xabar ich­ki ishlar xodimlarini oyoqqa turg‘azdi. Samarqand shahar 2-tug‘ruq majmuasidagi mufel pechi tekshirib ko‘rilganda, uning ichidan yana ikkita chaqaloq murdasi topildi...

Odam bolasining qo‘lidan yaxshilik ham, yomonlik ham keladi. Ammo bu darajadagi qa­bohat, razillik, bag‘ritoshlik, mehrsizlik kimning ishi? Chala yongan to‘rt chaqaloq... kimlar edi?

Tezkor surishtiruv chog‘ida ana shu savollarga birma-bir javob topildi.


Mavzuga oid: Samarqanddagi tug‘ruqxonada o‘nlab chaqaloqlar vahshiylarcha o‘ldirilganligi aniqlandi


Yengiltaklik jabri

Nomus, sharm-hayo, ibo aj­dodlardan bizga meros o‘tgan. Jamiyatimizda qiz ham, yigit ham baxtli bo‘lishi birinchi galda o‘ziga bog‘liqligini anglashi, hayotda bosiq va mulohazakor bo‘lishi, hayo va andishani unutmasligi zarurligi borasida far­zand­­lariga munosib tarbiya berayotgan oilalar ko‘p. Binobarin, xuddi shunday ruhda tarbiya topayotgan minglab yoshlarimiz bor.

Biroq Sobirani bundaylar safiga kiritib bo‘lmaydi. Aslida Sobir degan sharafli ism «sabr qiluvchi» ma’nosini beradi. Afsuski, u o‘zining baxtiga o‘zi loy chapladi. Agar o‘ziga talabalik baxti nasib etganiga shukur qilib, hayotga yengil-yel­pi qaramaganida bu ko‘yga tushmasdi.

Gap shundaki, bir xonada ijarada turuvchi dugonasi Naimaning tanishi Ulug‘bek ularning oldiga tez-tez kelib turardi. Shunday kezlarning birida u Sobirani xonadoshi Akram bilan tanishtirdi.

Tanishganlaridan so‘ng dast­lab Akram bilan Sobira telefonda bir-birlaridan hol-ahvol so‘rab turishdi. Keyinchalik Samarqandning so‘lim xiyobonlarida uchrasha boshlashdi. Shu tariqa uch-to‘rt oy o‘tdi. Bu paytda ular o‘rtasidagi munosabat anchayin qa­linlashgandi.

Sobiraning yodidan chiqmaydi. O‘shanda 2016-yilning 30-avgusti edi. Shomga qadar Akram bilan istirohat bog‘ida favvoralar atrofida shirin orzu-xayollarga berilishdi. Sevgi izhorlarini tinglarkan, qizning Akramga ishonchi ortib borardi. O‘sha kuni yigit So‘g‘diyona mavzesidagi ijara uyida yolg‘iz ekan. Uning iltimosini Sobira yerda qoldirmaydi. Ikkalasi birga tong ottirishadi. Bu hol keyin­roq yana va yana takrorlanadi.

O‘tgan yilning fevral oyi o‘rtalarida Sobira o‘z vujudidagi o‘zgarishlarni sezib qo­ladi. U akusher-ginekolog huzuriga kirgach, gumoni to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘ldi, 27-28 haftalik homilasi bor ekan.

Akram tanish shifokorlariga uchrashgach, shunday gap topib keldi: «Homilani oldirish uchun uch yarim-to‘rt million so‘m kerak. Shuni yig‘ib qo‘y, men ham pul topishga harakat qilaman». Afsuski, yigit so‘­zida turmadi, hatto qorasini ham ko‘rsatmay qo‘ydi. Ilojsiz qolgan Sobira 2 million 550 ming so‘mga tilla zanjirini sotdi. Saqlab yurgan 450 ming so‘mni qo‘shib, 3 million so‘m mablag‘ yig‘di.

Yengiltaklik jabrini tortayotgan Sobira Soipovaga doir vo­qea tafsilotini biroz ort­ga surib, xuddi u kabi o‘z ixtiyori bilan yo‘l qo‘ygan fahsh ishidan o‘z taqdiri ildiziga bolta urgan yana bir qiz — Farzona bilan bog‘liq voqeaga to‘xtalamiz.

Farzona bilan Eldor qanchalik tez tanishgan bo‘lsa, shunchalik tez ajralib ketishdi. Bunga Farzonaning homilador bo‘lib qolgani sabab bo‘ldi. Chunki qizning o‘zidan homilador ekanini eshitgan Eldor bir zumda juftakni rostladi. Shundan so‘ng Farzona bu sirni onasi bilan opasiga oshkor qilishdan o‘zga chora topolmadi.

To‘g‘ri, Farzona Eldorning ustidan ichki ishlar idorasiga arz qilmoqchi ham bo‘ldi. Lekin uydagilar atrofga gap-so‘z tarqalib ketishi, isnodga qolishlari aniqligini aytib, uni bunday yo‘ldan qaytarishdi. Lekin baribir onaning ko‘nglidagi hadik uni tinch qo‘ymayotgandi. Ona nihoyat­ homilani abort qildirish kerak degan fikrga keldi.

Opasi Gulnoza ertasi ku­niyoq Farzonani shahardagi 2-tug‘ruqxonaga olib bordi. Ma’lum bo‘ldiki, singlisining 28-29 haftalik homilasi bor ekan.

Gulnoza tug‘ruqxona akusher-ginekologi Dilorom Nasimovadan istalmagan homilani abort qilishni so‘raydi. Shunda Dilorom Na­simova ma’lumotnomaga qa­rab, «homila olti oydan oshgan, mumkin emas» deydi. Gulnoza esa Farzonaning homilasini abort qildirmasa, sharmanda bo‘lishlarini aytib, yordam so‘raydi. Dilorom Nasimova bunday «yordam» uchun 2 million so‘m narx qo‘yadi. Oxiri bu ishni 1 million 500 ming so‘mga bajarishga kelishiladi.

Dilorom Nasimova ularning oldida kimgadir qo‘ng‘iroq qilgach, ko‘p o‘tmay xonaga haydovchi Faxriddin kirib keladi. Dilorom Nasimova unga opa-singilni «Sam suzani plyus» xususiy klinikasiga olib borib qo‘­yishni tayinlaydi. Manzilga yaqinlashganlarida haydovchi ulardan Dilorom Nasimova bilan kelishilgan pulni berishni so‘raydi. Gulnoza 1 million 450 ming so‘mi borligini aytib, pulni unga uzatadi. Hay­dovchi kelishilganidan 50 ming so‘m kam pul berilgani haqida Dilorom Nasimovaga qo‘ng‘iroq qiladi.

— Pulni to‘liq bermasa, mashinadan tushirib yuboring, — deya ko‘rsatma beradi Dilorom Nasimova. Shundan so‘ng opa-singil yana 50 ming so‘mni haydovchiga amallab topib berishadi.

Bu paytda Faxriddin boshqarayotgan «Spark» avtomashinasi manzilga yetib qolgandi. Binoga kirishlari bilanoq o‘zlariga notanish, tergov davomida bilishlaricha Farida ismli ayolga duch kelishadi. Haydovchi uning oldidagi stol ustiga pulni qo‘yishi bi­lan u sanashga tushadi. Boshqa bir hamshira opa-singillarni xususiy klinika rahbari Nargiz Sanaxanovaning xonasiga boshlab kiradi.

Shu tariqa Farzona Erdonova klinikada ikki kun hamshiraning kuzatuvi ostida bo‘­ladi. Farzonaga homilasini sun’iy ravishda tushirish uchun Mahfuza ismli hamshira har soatda sakkiz-to‘qqiztagacha «saytotek» nomli tabletka berib turadi. Bezovtalik boshlangach, akusher-ginekolog Salomat G‘oipova hamshira yordamida homilani sun’iy tushiradi.

Farzonaning sudda guvohlik berishicha, tug‘ruq jarayoni besh-o‘n daqiqa davom etgan. U chaqaloqning tirik yoki o‘lik tug‘ilganidan bexabar. Hushi o‘ziga kelganida esa tepasida vrach Salomat G‘oipova o‘tirganini ko‘rgan, xolos. Taxmin qilishicha, chaqaloqni hamshira Maxfuza olib chiqib ketgan.

Endi 3 million so‘m to‘plab, istalmagan homiladan qutulish chorasini axtarayotgan Sobira Soipova voqeasiga qaytamiz.

Sobira Soipova ham tibbiyot sohasi vakillaridan najot istab, surishtira-surishtira 2-tug‘ruqxona akusher-ginekologi, sizga yuqoridagi voqeadan yaxshi tanish Dilorom Nasimova huzuriga keladi. Shifokor uni tibbiy ko‘­rikdan o‘tkazib, ultratovush tekshiruvi ma’lumotlariga ko‘z yugurtiradi. Shundan so‘ng avvalgiga o‘xshash voqea takrorlanadi: vrach bilan Sobira ilgari Farzona bilan opasi Gulnozani «Sam suzani plyus» xususiy klinikasiga eltib qo‘y­gan «Spark» mashinasiga chiqadi.

Xususiy klinikada Dilorom Nasimova Sobirani shifoxona bosh shifokori Nargiz Sanaxanovaga uchrashtirib, muddao­ni aytadi. Nargiz Sanaxanova esa Sobiraga tilining tagiga qo‘­yish uchun yarim dona oq rangli tabletka beradi. Uni 10-xonaga joylashtiradi. 2017-yilning 14-martidan — 15-martiga o‘tar kechasi qizni to‘lg‘oq tutadi. Chaqiruvni eshitib bu yerga kelgan Nargiz Sanaxanova hamshira Oynisa bilan chaqaloqni tug‘dirib oladi.

Sobiraga farzand kerak emas edi. Shu bois tug‘ilgan onlaridanoq onasini chorlab yig‘lagan chaqalog‘ining keyingi taqdiri uni mutlaqo qiziqtirmagandi...

Qabohat o‘chog‘i

Endi «Sam suzani plyus» xususiy shifoxonasida sodir etilgan jinoiy qilmishlarni yoritishga o‘tamiz. Mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) shaklida tashkil etilgan hamda ambulator va statsionar sharoitda terapiya, ginekologiya, urologiya va nevrologiya ixtisosliklari bo‘yicha diagnostika, maslahat va konservativ davolash bo‘yicha xususiy shifoxonaga Nargiz Sanaxanova rahbarlik qi­lib kelgan.

U diplomi bo‘yicha mutaxassisligi bolalar pediatri bo‘­­­la turib, sun’iy ravishda homila tushirishga huquqi bo‘l­masa-da, jinoiy ravishda homila tushirish va boshqa jinoyatlarni sodir qilish uchun Dilorom Nasimova va klinikada ishlovchi ayrim xodimlardan ibo­rat uyushgan jinoiy guruh tuzgan va unga boshchilik qilgan.

Sudlanuvchi Nargiz Sanaxanova o‘ziga itoatkor va jinoyat sodir etishga moyil shaxslarni jinoyatga jalb etgan. Uyushgan guruh o‘rtasidagi vazifalarni taqsimlagan. Guruh a’zolari jinoiy faoliyatini amalga oshirishlarini osonlashtirish, jinoiy faoliyat fosh etilishining oldini olish choralarini ko‘rgan. Nargiz Sanaxanova guruh a’zolariga jinoyat izlarini yo‘qotish yuzasidan yo‘l-yo‘riqlar berib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni sheriklari o‘rtasida taqsimlab kelgan.

Mazkur jinoyat ishini sudda ko‘rish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, «Sam suzani plyus» xu­susiy shifoxonasida rasmiy va norasmiy ishlovchi aku­­sher-ginekologlar, hamshiralar bo‘l­gan. Shifoxonaga uyushgan guruhning boshqa a’zolari tomonidan keltirilgan homilador ayollar bemor sifatida umuman qayd etilmagan. Ya’ni homilador ayollar bu yerga tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmasdan joylashtirilgan.

Mamlakatimizda farzandga muhtoj oilalar va fuqarolar uchun bola asrab olishning qonuniy tartibi belgilab qo‘yilgan. Xususiy shifoxonada esa sun’iy abort natijasida tirik tug‘ilgan, yashashga layoqatli chaqaloqlarni befarzand shaxslarga qonunga xilof ravishda sotish bilan shug‘ullanilgan. Chaqaloqlarni sotib olgan shaxs­larga go‘yoki ular shu bolaning biologik ota-onasi ekanini tasdiqlovchi soxta hujjatlar rasmiylashtirib berilgan.

Misol uchun uyushgan jinoiy guruh rahbari Nargiz Sanaxanova huzuriga istalmagan homiladorlikdan qutulish niyatida kelgan, tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan ayol­dan sun’iy abort qilish yo‘li bilan tug‘dirib olingan o‘g‘il chaqaloq fuqaro Tozagul Ro‘zi­yevaga 2500 AQSh dollariga sotilgan.

Sudlanuvchi Nargiz Sanaxanova uyushgan jinoiy guruh a’zolari tomonidan huzuriga yuborilgan Marhabo Soqiyevaning ham «hojati»ni chiqargan. U buxorolik Marhabo Soqiyevaga biologik onasi noma’lum qiz chaqaloqni 500 dollar va 200 ming so‘m pul evaziga sotgan. Bundan tashqari u fuqaro Azamat Toirovga biologik onasi noma’lum o‘g‘il chaqaloqni 800 dollar evaziga sotib yuborgan.

Sudlanuvchi Nargiz Sanaxanovaning qizi E’zoza Sanaxanova ham onasi va boshqalar bilan til biriktirib, jinoiy fao­liyat olib borgan. Xususan, 2017-yilning 1-mart kuni xususiy shifoxonaga istalmagan homiladorlikdan qutulish maqsadida kelgan, tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo‘l­magan ayol homilasi tegishli hu­quq va ruxsatnomasiz sun’iy abort qilingan. Undan sog‘lom qiz chaqaloq tug‘ilgan.

Sudlanuvchi E’zoza Sanaxanova o‘sha kunning o‘zida fuqaro Sohiba Ziyotovadan ana shu chaqaloq uchun 550 dollar miqdorida «suyunchi» oladi. Oradan ikki kun o‘tib esa farzandli bo‘l­gan Sohiba Ziyotovadan yana 1450 dollarni qo‘lga kiritadi.

Qilmish tafsilotlari

Sud jarayonida biron-bir holat e’tibordan chetda qolmadi. Jumladan, mufel pechiga yoqib yuborish uchun tashlangan chaqaloqlarga oid dalillar ham, jinoyatga qo‘l urganlarning shaxsi ham oydinlashtirildi.

Xaridori topilmagan, tirik, chala va muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar qasd­dan qarovsiz qoldirilgan. Parvarish qilinmagani sabab nobud bo‘lgan.

— Men 2010-yildan bo‘yon «Sam suzani plyus» xususiy shifoxonasida hamshira bo‘­lib ishlayman, — deydi sudda so‘ralgan guvoh Muhabbat Aminova. — O‘lgan chaqaloqlarni binoning ikkinchi qavatidagi o‘n sakkizinchi xonadagi muz­latkichga qo‘yardik. Agar chaqaloq tirik bo‘lsa, shu xonadagi stol ustida saqlardik.

Guvoh Muhabbat Aminovani 2017-yil 15-mart kuni soat 13 atrofida klinika direktori Nargiz Sanaxanova oldiga chaqirtirgan. Muzlatkich ichidagi to‘rt nafar chaqaloq murdasini qora sellofan paketga solib, ko‘chada turgan «Spark» avtomashinasi haydovchisiga olib chiqib berishni buyurgan. Hamshira direktorning topshirig‘ini bajargan va 10 ming so‘m pulini ham olgan.

Sudlanuvchi Dilorom Nasimovaning norasmiy haydovchisi Faxriddin Jobirov «Sam suzani plyus» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan to‘rt nafar chaqaloq murdasini 2-tug‘ruqxonaga keltirgan. Bu yer­da hamshira Malika Daminova murdalar solingan sellofan paketni Dilorom Nasimovaning topshirig‘i bilan mufel pechiga tashlagan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosalarida ko‘rsatilgan chaqaloqlar, aniqrog‘i, homilalar sun’iy tarzda tug‘dirilganligi aniqlangani bayon etilgan. Xususan, Farzona Erdonovaning o‘g‘il chaqalog‘i o‘lik holda tug‘ilgani eks­pertiza xulosalarida aniqlandi. Sobira Soipovaning qizi esa tirik tug‘ilgan. Bundan tashqari shaxsini aniqlash imkoni bo‘l­magan yana bir ayolning qizi, shu kabi guvoh Gavhar Nurmamatovaning chaqalog‘i ham yashashga layoqatli bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining 2014-yil 28-maydagi «O‘zbekiston Respublikasida perinatal tibbiy yordamni hududiylashtirish to‘g‘risida»gi buyrug‘iga asosan muddatidan oldin tug‘ruqlar ona va bolaga malakali yordam ko‘r­satishi uchun perinatal markazga yuborilishi lozim. Perinatal markazda muddatdan oldin tug‘ilgan bolalarga dastlabki reanimatsion yor­dam ko‘rsatish va ularni parvarishlash uchun barcha sharoit va jihozlar mavjud. Chaqaloqlar reanimatsiyasi va chaqaloqlar patalogiyasi bo‘­limlarida zamonaviy tibbiyot jihozlari ko‘magida, eng asosiysi, malakali shifokorlar orqali chaqaloqlarga tibbiy yordam ko‘rsatilishi kerak edi.

Afsuski, boylik topish ilinjida qabih qilmishga qo‘l urgan jinoiy guruh a’­zolari chaqaloqlarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatmaganlar. Ularni ataylab parvarishsiz, oziqsiz va qarovsiz qoldirishgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining 2014-yil 10-martdagi 21-buyrug‘iga ko‘ra tug‘ruq va perinatal o‘lim ro‘yxatga olinishi shart. «Sam suzani plyus» mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa bu qat’iy talabga umuman rioya qilinmagan. Qolaversa, ushbu xususiy klinikaga berilgan litsenziya bilan ayollarga ginekologik yo‘nalish bo‘yicha operatsiyalar o‘tkazish hamda akusherlik yo‘nalishida doyalik qilishga ruxsat etilmaydi.


Mavzuga oid: Xususiy tibbiyot muassasalariga akusherlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilmagan


Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda huquqni muhofaza qi­luvchi organlar o‘tkazgan tekshirishlar paytida bu tibbiyot muassasasida taqiqlangan tibbiy xizmat ko‘rsatib kelingani aniqlangan. Shuning uchun Samarqand viloyati xo‘jalik sudining 2017-yil 19-yanvardagi hal qiluv qarori bilan «Sam suzani plyus» xususiy tibbiyot muassasasiga berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugatilgan.

Yaxshi hamki razolat, jaholat, qabohat hamisha adolat va haqiqat oldida mag‘lubdir. «Sam suzani plyus» xususiy shifoxonasida sodir etilgan qabih qilmishlar baribir fosh bo‘ldi. Uyushgan jinoiy guruhning qilmishlari intihosini topdi.

Sudlanuvchilar Nargiz Sanaxanova, Dilorom Nasimova, E’zoza Sanaxanovalar Jinoyat kodeksining qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, sud hukmi bilan qonuniy va adolatli jazoga tortildi.

Shuhrat Sharipov,
jinoyat ishlari bo‘yicha  Samarqand viloyati sudining sudyasi

Abduhamid Xudoyberdiyev,
«Kuch — adolatda» muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring