Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yosh bola desang – hokim, hokim desang – yosh bola?!

Yosh bola desang – hokim, hokim desang – yosh bola?!

Illyustrativ foto

Maqolaga «kirish-pirish» qilmay muddaoga o‘ta qolsak.

Alqissa, saytimizda «Bir hokim va uch fermer «qissasi» sarlavhali maqola chop etilganidan xabaringiz bor. Unda Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov uchta fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomalarini bekor qilgani, uning bu haqdagi qarori Oliy sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilganiga qaramay, amaldor qonundan «darcha» axtarib, masalani achchiq ichakdek cho‘zayotgani bayon qilingandi.

Maqola chiqqach, nima bo‘ldi, deng?

Hokim maqolaga «raddiya» beribdi. Xo‘p, yaxshi. Biroq...

Qonunga ko‘ra, maqola qaysi nashrda chiqsa, raddiya o‘sha tahririyatga taqdim etilishi kerak. Tahririyat uni (raddiyani) chop etsa – xo‘p-xo‘p, aks holda sudga murojaat qilishda hech qanday monelik yo‘q. Biroq hokim negadir shu tartibni «aylanib» o‘tib, e’tirozlari o‘zi rahbar bo‘lgan hokimlikning «telegram»dagi kanalida e’lon qilibdi-da. Bunday xatti-harakat «berkinmachoq» o‘yinini eslatadi, xolos. Yoki bunday holatni yosh bola uyiga kirvolib, dakki bergan qo‘shnisining xonadoniga kesak otishiga ham o‘xshatish mumkin... Kulgili.

E’tirozingiz bo‘lsa, marhamat, hokim buva, sayt eshiklari siz uchun ham ochiq, tortinishga hojat yo‘q. 

«Raddiya»da maqolada qalamga olingan holatlar to‘ppa-to‘g‘ri, xatolikdan bizdan o‘tibdi, uzr, deyilmagan, albatta. Aksincha, uch fermerning keyingi ikki yildagi ko‘rsatgichlari keltirilib, Oliy sud qarorida «yer maydonini qaytarish ko‘zda tutilmagani»ga urg‘u beriladi. Qiziq, sud hokimning fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomalarini bekor qilish haqidagi qarorini haqiqiy emas, deb topyapti. Hokim esa ayni qarori bilan yer maydonlarini olib qo‘ygan. Hokim qarori sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilibdimi, bu o‘z-o‘zidan shu noqonuniy qaror asosida olib qo‘yilgan yer maydonlari fermerlarga qaytarilishini anglatadi.

Buning uchun katta aql shart emas.

«Raddiya»da fermer xo‘jaliklariga yer maydonining qaytarilishi ma’muriy va iqtisodiy sudning yakuniy xulosasi asosida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq ekani alohida ta’kidlanadi. Hokim ma’muriy sudda yutqazgach, ijara shartnomalarini bekor qilish to‘g‘risida iqtisodiy sudga murojaat qilgani, Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining mazkur da’vo yuzasidan ish yuritishni to‘xtatib turish haqida ajrim chiqargani xususida avvalgi maqolada aytilgandi.

Bu borada yangi gap shuki, mazkur ajrim ustidan hokimning bergan shikoyati kuni kecha viloyat iqtisodiy sudi tomonidan rad etildi.

Shunga qaramay, hokim va fermerlar o‘rtasidagi «sud-sud o‘yinlari» hali-beri to‘xtamaydi chog‘i. Fermerlar hokimning qarori noqonuniy ekanini isbotlash uchun bir yil vaqt sarfladi. Tuman rahbari Oliy sud qarorini ijro qilmay iqtisodiy sudga murojaat etishi ortidan joriy yilning birinchi choragi ham isrof bo‘ldi.

Endi fermerlar hokimning ulardan (noqonuniy) olingan yer maydonlarini boshqalarga berish haqidagi qarorini haqiqiy emas, deb topish haqida sudga murojaat etishdan boshqa chorasi qolmayapti.

Bu jarayon qancha davom etadi -–hozircha faqat Xudoga ayon.

Ko‘rinadiki, hokimning bitta noqonuniy qarori kasofati dehqonlarning yillab umri isrof bo‘lishiga sabab bo‘layotir.

Bu ahvolda dehqon qachon ishlaydi?  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring