Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Infografika: O‘zbekiston–AQSh iqtisodiy aloqalari qanchalik o‘zgardi?

Infografika: O‘zbekiston–AQSh iqtisodiy aloqalari qanchalik o‘zgardi?

Infografika: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan joriy yilning 17–19-fevral kunlari Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Vashington shahriga boradi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi so‘nggi 9 yildagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha infografika tayyorlandi.

Tarixiy tashrif

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ikki tomonlama O‘zbekiston–Amerika hamkorligini kengaytirish, shuningdek, BMT tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etish maqsadida AQShga bir necha bor amaliy tashriflar bilan borgan. Davlat rahbarining AQShga birinchi rasmiy tashrifi AQSh Prezidentining taklifiga binoan 2018-yil 15–17-may kunlari bo‘lib o‘tgan. Tashrif doirasida Oq uy, Kongress va Pentagonda muzokaralar o‘tkazilib, O‘zbekiston–Amerika munosabatlarini rivojlantirishning yangi bosqichiga asos solgan muhim kelishuvlar imzolangan.

So‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi muloqot ikki tomonlama uchrashuvlar hamda mintaqaviy tashabbuslar, jumladan “S5+1” formati doirasida izchil rivojlandi.

2025-yil 20–24-sentyabr kunlari davlatimiz rahbarining Nyu-York shahriga amaliy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida ishtirok etdi. Tashrifning markaziy voqeasi Davlatimiz rahbarining AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi bo‘ldi. Ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston–Amerika strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishib oldilar.

AQShga tashrifi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Amerika biznes hamjamiyati ishtirokida “davra suhbati” o‘tkazdi, shuningdek qator yetakchi transmilliy kompaniyalar, korporatsiyalar, investitsiya jamg‘armalari va moliyaviy institutlar rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari imzolangan ikki tomonlama savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarini almashish marosimida ishtirok etdi. Ushbu kelishuvlar muhim minerallar, fuqarolik aviatsiyasi, kimyo sanoati, energetika hamda boshqa ustuvor sohalarni qamrab oldi.

Ikki tomonlama davlatlararo munosabatlarni savdo-iqtisodiy va turizm sohalarida yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, Prezidentning 2025 yil 3 noyabrdagi Farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan e’tiboran AQSh fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirishda vizasiz rejim joriy etildi.

O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari

Mamlakatlar o‘rtasida savdoda eng ko‘p qulaylik yaratish rejimi amal qiladi.

2017–2025-yillar davomida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,7 barobarga oshib, 215 mln dollardan 1 mlrd dollarga yetdi. Eksport hajmi 9,1 barobarga o‘sib, 32,1 mln dollardan 291,7 mln dollarga, import esa 3,9 barobarga oshib, 182,9 mln dollardan 712,3 mln dollarga yetdi.

Ushbu davr mobaynida O‘zbekiston tashqi savdosida AQSh ulushi ham o‘sdi: umumiy tovar ayirboshlash hajmida 0,8%dan 1,2%ga, eksportda 0,3%dan 0,9 %ga, importda esa 1,3%dan 1,5%ga ko‘tarildi.

AQShga eksport tarkibida asosiy ulush xizmatlar hissasiga to‘g‘ri keladi — 81% (dasturlash, moliyaviy, axborot va transport xizmatlari), shuningdek neft mahsulotlari — 8,6% (aviakerosin va boshqalar). Keyingi o‘rinlarda mashinalar va uskunalar — 3,7%; oziq-ovqat mahsulotlari — 3,5% (quritilgan meva-sabzavotlar, ziravorlar, guruch va boshqalar); sanoat tovarlari — 3,3% (alyumin tayoqlar va profillar, reniy metali va boshqalar); turli tayyor mahsulotlar — 0,9%; kimyoviy moddalar — 0,4%; ichimliklar va tamaki — 0,2%; nooziq-ovqat xomashyosi — 0,1%ni tashkil etadi.

AQShdan import tarkibida esa mashinalar va uskunalar ustunlik qiladi — 59% (uchish apparatlari, avtomobillar va ularning qismlari, hisoblash mashinalari bloklari, dvigatellar, nasoslar, stanoklar va sanoat qurilmalari). Shuningdek, xizmatlar ham salmoqli ulushga ega — 20,5% (moliyaviy, litsenziya, lizing va transport xizmatlari). Keyingi o‘rinlarda kimyoviy moddalar — 9,7% (dori vositalari, bog‘lovchi va kosmetik moddalar); sanoat tovarlari — 3,8% (plastmassa va qora metall mahsulotlari va boshqalar); oziq-ovqat mahsulotlari — 3,2% (qush go‘shti va submahsulotlar); turli tayyor mahsulotlar — 2,2% (asbob-uskunalar, priborlar, qog‘oz mahsulotlari); nooziq-ovqat xomashyosi — 1,1% (sellyuloza va boshqalar), shuningdek, ichimliklar va tamaki — 0,5%ni tashkil qiladi.

Investitsiyaviy hamkorlik

2026-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda AQSh kapitali ishtirokidagi 346 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar umumiy sonining taxminan 2%ini tashkil etadi. Shundan 146 tasi qo‘shma korxonalar, 200 tasi esa AQSh kapitali ishtirokidagi xorijiy korxonalar hisoblanadi.

So‘nggi 9 yilda AQShdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi qariyb 64 barobarga oshib, 2017-yildagi 8,6 mln dollardan 2025 yilda 383,2 mln dollarga yetdi.

Umuman olganda, 2017–2025 yillarda AQShdan O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning jami hajmi 2,9 mlrd dollardan oshdi.

Investitsiyalar asosan qayta ishlash sanoatiga (metallurgiya, avtotransport vositalari, ichimliklar va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish), konchilik-gornorud sanoatiga, qurilishga, xizmatlar sohasiga (ko‘chmas mulk operatsiyalari, ta’lim), shuningdek qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring