2018-yilda tabiiy gaz zaxirasi 57 milliard kub metrga, neft va kondensat zaxirasi 3,6 mln. tonnaga ko‘paytiriladi

25-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati tizimida geologiya-qidiruv va qazib olish ishlari samaradorligi, yoqilg‘i materiallari bilan ichki ehtiyojni ta’minlashning ahvoli, tizimdagi istiqbolli vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda geologiya-qidiruv ishlari davlat dasturiga muvofiq, yangi konlar ochish orqali 2018-yilda tabiiy gaz zaxirasini 57 milliard kub metrga, neft va kondensat zaxirasini 3,6 million tonnaga ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yilda 63 milliard kub metr tabiiy gaz, 3 million tonna neft va kondensat qazib olishni ta’minlash uchun 255 ta yangi quduq va 26 ta yangi texnologik ob’yektni qurish ishlarini yakunlash, 76 ta quduqni kapital ta’mirdan chiqarish lozimligi qayd etildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan 2 milliard 756 million dollarlik 24 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar Jizzax neftni qayta ishlash zavodini bunyod etish va zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash, Qandim gazni qayta ishlash kompleksining 2-navbati va Qandim konlar guruhini jihozlash, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish, Surxondaryodagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konida qidiruv ishlarini olib borish va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish kabi loyihalarga yo‘naltiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter