Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

DSQ: «Ijtimoiy tarmoqlarda reklamadan pul topayotganlar soliq to‘lashi shart»

DSQ: «Ijtimoiy tarmoqlarda reklamadan pul topayotganlar soliq to‘lashi shart»

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat soliq qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida «Qo‘shimcha qiymat solig‘i va boshqa yangi soliqlar implementatsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni va mohiyati» mavzusida brifing va jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agenlik matbuot xizmati xabar berdi. 

Muloqotda internetdagi maxsus sahifalar va instagram, telegram, feysbuk kabi ijtimoiy tarmoqlarda reklama e’lonlarini joylashtirish orqali daromad olish va bundan soliq to‘lanishi shart yoki shart emasligi haqida savol berildi.

«Daromad olishga yo‘naltirilgan har qanday faoliyat turi tadbirkorlik hisoblanadi, — dedi Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati vakili Muzaffar-Yusuf Nazarov. — Qanday yo‘l bilan daromad topishingizning ahamiyati yo‘q. Davlat ro‘yxatidan o‘tishingiz shart. Agar siz daromad topish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsangiz, yo yakka tartibdagi tadbirkor sifatida yo yuridik shaxs sifatida albatta davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishingiz kerak».

Blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar, personal sahifalarda reklama joylashi va shu yo‘l bilan daromad orttirishiga «noqonuniy faoliyat» deya ta’rif berildi.

«To‘g‘ri, qonunda blogerlik degan tushuncha yo‘q. Blogerlik faoliyat turi emas, bunga qonunchilikda ta’rif berilmagan, — dedi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Aydos Qoshanov. — Lekin siz kimdandir pul olib, xizmat ko‘rsatayapsizku. Bu xizmat ko‘rsatish evaziga haq olish hisoblanadi. Va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq holat sifatida qayd etiladi. Qonunda blogerlik tushunchasi mavjud bo‘lmasa-da, xizmat ko‘rsatish degan tushuncha bor».

Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ahmadjon Suyunov ijtimoiy tarmoqda reklama joylab pul topayotgan blogerlar patent, ya’ni yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida guvohnoma olishi kerakligini ta’kidladi.

Agar ijtimoiy tarmoqlarda reklama orqali daromad ko‘rayotgan shaxs davlatga soliq to‘lamasa, undan texnika vositasi (telefon, noutbuk, planshet, kompyuter) olib qo‘yilish mumkinligi aytildi.

«Agar kimda-kim noqonuniy ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, biz undan tadbirkorlikni qanday vosita orqali amalga oshirayotgan bo‘lsa, o‘sha vositasini, jihozini olib qo‘yishga to‘laqonli haqqimiz bor, — dedi boshqarma boshlig‘i Aydos Qoshanov. — Bu qonun doirasida kafolatlangan. Olib qo‘yilgan jihoz 30 kungacha ushlab turilishi mumkin. Agar o‘sha shaxs yoki bloger 30 kun ichida PF-4848 sonli Prezident Farmoni asosida davlat ro‘yxatidan o‘tsa, olib qo‘yilgan jihozlari qaytarib beriladi».

Muloqotda qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida elektron tijorat sohasida soliqlarning joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring