Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Har xil nopok korxonalarning soliq to‘lashdan qochib yurishiga chek qo‘yiladi

Har xil nopok korxonalarning soliq to‘lashdan qochib yurishiga chek qo‘yiladi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 21-fevral kuni import hajmini qisqartirish va mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish ishlarini tahlil qilish, bu boradagi eng muhim vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, o‘tgan yili «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan 9 million dollarlik svetodiod chiroqlar, projektorlar va boshqa tovarlar, «O‘zbekneftegaz» tizimiga 2 million dollarlik po‘lat quvur, kabel, isitish qozoni, elektrodlar, «O‘zbekenergo» tomonidan 800 ming dollarga po‘lat sim va yengil avtomobil olib kelingan.

Yig‘ilishda shu va boshqa sanoat tarmoqlarida uskuna va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi. Mahalliylashtirishni rag‘batlantirish uchun berilgan soliq va bojxona imtiyozlarining natijadorligi ham tahlil qilindi.

Ayrim tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari asossiz tayinlangani natijasida yurtimizda ishlab chiqarilgan ba’zi tovarlar narxi import qilinganiga nisbatan yuqori bo‘lmoqda. Masalan, to‘qimachilik sanoati uchun import qilinadigan uskunalar barcha bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan. Ammo, shu uskunani ishlab chiqarish uchun butlovchi qism import qilinadigan bo‘lsa, 20 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lanadi.

Soliq imtiyozlarida ham shu kabi bo‘shliqlar bor. Shu bois 2018-yil 1-apreldan boshlab, mahalliylashtirish loyihalari bo‘yicha imtiyozlar to‘xtatiladi. Har xil nopok korxonalarning Mahalliylashtirish dasturiga kirib olib, soliq to‘lashdan qochishi uchun endi imkoniyat bo‘lmaydi. Mahalliylashtirish dasturiga iqtisodiyot uchun haqiqatda zarur bo‘lgan loyihalar kiritilib, qat’iy nazoratga olinadi.

Yig‘ilishda Prezident sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, mahalliylashtirishni rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Iqtisodiyot va Tashqi savdo vazirliklariga pishiq-puxta ishlangan, yangi Mahalliylashtirish dasturini shakllanitirish bo‘yicha topshiriq berildi. Mahsulot ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan, raqobatbardosh narxda mahalliylashtirish imkoni bo‘lmagan ayrim butlovchi qismlarni import qilishda bojxona to‘lovlarini bekor qilish yuzasidan aniq takliflar kiritish zarurligi ta’kidlandi.

Yirik korxonalar va kichik biznes uchun uskunalar, tez ishdan chiquvchi qismlar, shtamplangan mahsulotlar, kichik gidrogeneratorlar ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy bank va xo‘jalik birlashmalari rahbar va mas’ul xodimlaridan iborat tarkibda Import hajmi va tarkibini tizimli ravishda tahlil qilish asosida yangi mahalliylashtirish quvvatlari tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi tuzish vazifasi qo‘yildi.

— Asosiy maqsadimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlash, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Buning uchun, avvalo, iqtisodiyotimiz raqobatbardosh bo‘lishi, mahsulotlar yurtimizda ishlab chiqarilishi zarur. Barcha rahbarlar shundan qat’iy xulosa qilib, zimmasidagi vazifalarga munosabatini tubdan o‘zgartirishi va mas’uliyatni oshirishi kerak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring