«Koka-kola ichimligi» tender savdolarini to‘xtatish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi
Yaqinda «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ (CCIU)ning 57,118 foizlik davlat ulushi sotilishi bo‘yicha shubhalar yuzaga kelayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Ushbu holat qator e’tirozlarni keltirib chiqardi. Jumladan, «Hydrolife Bottlers» MChJ tomonidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga murojaat yuborildi. Shuningdek, «PERFECT SHINE ENERGETIC» MChJ Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuborgan murojaatida o‘z e’tirozlarini bildirdi. Antikorrupsiya agentligi holat bo‘yicha bayonot berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ko‘plab tadbirkorlar va fuqarolar, shuningdek ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ (CCIU) ustav fondining 57,118 foizga teng davlat ulushi sotuvga qo‘yilishi jarayonlari amaldagi qonunchilik va tartiblarga zid ravishda o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida murojaatlar kelib tushmoqda.
Murojaatlarni o‘rganish jarayonida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ (CCIU) ustav fondidagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlarning amaldagi qonunchilik normalariga muvofiqligi va korrupsiya xatari mavjudligi tahlil qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2020-yil 16-dekabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytida O‘zbekistonda alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ (CCIU)ning 57,118 foizlik davlat ulushi sotuvga qo‘yilishi e’lon qilingan.
E’londa tenderda ishtirokchilarni saralash va g‘olibni tanlash jarayonida bir nechta mezonlar qo‘llanilishi bayon qilingan.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ (CCIU) ustav fondidagi davlat ulushini sotish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tender shartlariga kiritilgan bir qator talablar savdolarda qatnasha oladigan shaxslar doirasini keskin kisqartirishga hamda qator korrupsion omillarni keltirib chiqarishga sharoit yaratadi.
Agentlik fikricha, ushbu mezonlar o‘ta yuqori va asoslantirilmagan talablar hisoblanadi va savdolarda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy ishtirokchilar sonini sun’iy cheklashga olib keladi.
Ehtimoliy ishtirokchilar sonini keskin cheklash tender shartlarini bajara oluvchi kam sonli ishtirokchilar o‘rtasida haqiqiy raqobat bo‘lmasligiga va natijada davlat ulushiga past narx taklif etilishiga hamda buning oqibatida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy manfaatlariga sezilarli darajada zarar yetkazilishiga olib kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tegishli idoralarga quyidagi choralarni amalga oshirish maqsadga muvofiqligi yuzasidan taqdimnoma kiritildi:
- Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan yetarli raqobatga imkoniyat mavjud emasligi sababli mazkur tender jarayonlarini to‘xtatish;
- Tender savdolarida ishtirok etishga ko‘proq talabgorlarni jalb qilish hamda teng imkoniyat va sharoitlar yaratish maqsadida xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilarning xulosalari asosida tender shartlarini yumshatish bo‘yicha ishlarni olib borish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter