Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston Afg‘onistonda kartoshka yetishtirib, import qilmoqchi

O‘zbekiston Afg‘onistonda kartoshka yetishtirib, import qilmoqchi

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Afg‘onistonning Bomiyon viloyatida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi agrar hamkorlik doirasida tajriba tariqasida ekilgan «Fontane» navli kartoshka maydonlarining holati o‘rganildi.

Loyiha doirasida jami 17 gektar maydonga eksportbop hamda sanoatda qayta ishlash uchun mos, yuqori hosilli kartoshka ekilgan. Ekinlar Bomiyonning Shahidon, Folodiy va markaziy hududlarida joylashgan.

Ma’lum qilinishicha, «Fontane» navi yuqori hosildorligi, uzoq muddat saqlanishi hamda kartoshka fri va boshqa qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun mosligi bilan xalqaro bozorda keng qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi mutaxassislari ekin maydonlariga tashrif buyurib, kartoshkalarning rivojlanish holati, parvarish jarayoni va urug‘lik sifati bilan tanishdi. Shuningdek, mahalliy mutaxassislar ishtirokida hosildorlikni oshirishga qaratilgan amaliy maslahatlar o‘tkazildi.

Dastlabki kuzatuvlarga ko‘ra, ekinlar yaxshi rivojlanmoqda va har gektardan 40–45 tonnagacha hosil olinishi kutilmoqda.

Agar loyiha kutilgan natijani bersa, hamkorlik ko‘lamini kengaytirish hamda kelgusida Bomiyon viloyatidan O‘zbekistonga 300 ming tonnagacha yuqori sifatli kartoshka yetkazib berish rejalashtirilgan.

Mutaxassislar ushbu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi agrar kooperatsiyani mustahkamlash, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring