Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston avtomobil bozorida pasayish kuzatilmoqda

O‘zbekiston avtomobil bozorida pasayish kuzatilmoqda

2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda 210 837 dona avtomobil sotildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 940 donaga yoki 3,6 foizga kam. Avtomobil biznesi assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bozordagi salbiy dinamika ketma-ket to‘rtinchi oy davom etmoqda.

Iyul oyida 31 324 dona avtomobil sotilgan. Bu iyun oyiga nisbatan 4,7 foiz ko‘p bo‘lsa-da, 2025-yil iyulidagi ko‘rsatkichdan 30 foiz kam.

Shu bilan birga, bozordagi brendlar nisbati ham o‘zgarmoqda. «UzAuto Motors» ulushi bir yilda 81,5 foizdan 74,6 foizga tushgan. «ADM» ulushi esa 11,3 foizdan 12,8 foizga oshgan. «BYD»ning ulushi qariyb ikki barobar o‘sib, 5,6 foizdan 10 foizga yetgan.

Yanvar–iyul oylari yakunlariga ko‘ra, Xitoy avtomobil brendlarining umumiy bozordagi ulushi 17,8 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 11,6 foiz bo‘lgan.

Iyul oyida iyun oyiga nisbatan «Kia» va «BYD»ning bozor ulushi 1,8 foizdan oshgan. «Haval» ulushi ham 0,4 foizga ko‘paygan. «Chevrolet» va «Chery» esa mos ravishda 3,6 va 0,9 foizlik qisqarishni qayd etgan.

Bozordagi yana bir muhim o‘zgarish B-segment sedanlari savdosida kuzatilgan. Yetti oyda bu segmentda 70 mingdan ortiq avtomobil sotilgan, xolos. O‘tgan yilning shu davrida esa ushbu ko‘rsatkich 87 ming donani tashkil etgan.

Yengil tijorat avtomobillari segmentida ham savdo qisqargan. Yanvar–iyul oylarida 62,8 ming dona LCV sotilgan bo‘lsa, 2025-yilning shu davrida 69,5 ming dona avtomobil sotilgan. Natijada sotuvlar 9,6 foizga kamaygan.

Aksincha, B-SUV segmentida o‘sish kuzatilgan. Yilning dastlabki yetti oyida 47,9 ming dona ixcham krossover sotilgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 37,7 ming donadan ancha yuqori bo‘ldi. Natijada segment ulushi 22,7 foizga yetgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring